Iqtisodiyot | 11:15
1556
3 daqiqa o‘qiladi

Raqobat qo‘mitasi peshlavhalarga oid hujjat loyihasini e’lon qildi

Tegishli nizom loyihasiga ko‘ra, peshlavhalar reklama hisoblanmaydi. Peshlavha uchun reklama joyining pasportini olish va to‘lov qilish talablari bekor qilinadi. Loyiha 25 aprel kuni jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan bo‘lib, Raqobat qo‘mitasi bu haqda 6 may kuni xabar berdi va tadbirkorlarni muhokamada faol qatnashishga chaqirdi. Bir kun oldin muammo yechimi davlat rahbari huzurida ko‘rib chiqilgan edi.

Foto: Chilonzor tumani hokimligi

Tashqi reklamani joylashtirish tartibi tadbirkorlar foydasiga qayta ko‘rib chiqilmoqda. Bu haqda Raqobat qo‘mitasi xabar berdi.

Qo‘mita tashqi axborot vositalarini, xususan peshlavhalarga oid tartiblarni nazarda tutuvchi “Tashqi yozuvlarni tartibga solish to‘g‘risida”gi nizom loyihasini jamoatchilik muhokamasiga qo‘ygan.

Hujjat bilan amaliyotda turli kelishmovchilikni keltirib chiqarayotgan va qonunchilikdagi bo‘shliq hisoblangan ayrim jarayonlarga va tushunchalarga aniqlik kiritilmoqda.

Xususan, “tashqi axborot vositasi, “tashqi yozuv”, axborot ko‘rsatkichi”, “peshlavha”, “e’lon”, “ma’lumotlar taxtasi” kabi tushunchalarga aniq tarif berilmoqda.

Bunda, “tashqi axborot vositasi” va “tashqi yozuvlar” tashqi muhitga qaratilgan hamda tijorat maqsadi ko‘zlanmagan axborot, ya’ni reklama tusiga ega bo‘lmagan vositalar hisoblanib, tashqi axborot vositalarini ularga reklama yoki tijorat tusiga ega bo‘lgan axborot yoki tasvirni joylashtirish orqali o‘rnatishga va foydalanishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Shuningdek, peshlavhalar – savdo, umumiy ovqatlanish va maishiy xizmat ko‘rsatish obektlarida faoliyati tasnifi (tashkilot nomi, ixtisoslashuvi) to‘g‘risidagi ma’lumot hisoblanib (misol uchun: dorixona, sartaroshxona, AYoQSh, milliy taomlar, supermarket, shifoxona, oziq-ovqat, qurilish va xo‘jalik mollari do‘koni), bunday peshlavhalar tashqi reklama obekti hisoblanmaydi va reklama joyining pasportini olish shart emas.

Ya’ni, muayyan tadbirkorlik sub’yekti egallab turgan binoning tashqi tomonida binoga kirish joyida o‘zi va faoliyat turi (ixtisosligi) to‘g‘risida joylashtirilgan yoki mazkur tadbirkorning mahsuloti haqida shu bino vitrinasidagi axborot (peshlavha) reklama hisoblanmaydi va buning uchun tegishli ruxsat etish xususiyatidagi hujjatlarni olish hamda to‘lovlarni amalga oshirish talab etilmaydi.

Loyiha muhokamasi joriy yilning 25 aprelidan boshlangan va 10 mayga qadar davom etadi.

Raqobat qo‘mitasi tadbirkorlik sub’yektlarini hujjat loyihasi bo‘yicha muhokamada o‘z fikr-mulohazalari va takliflari bilan faol ishtirok etishga chaqirdi.

Eslatib o‘tamiz, Toshkentda tadbirkorlik sub’yektlarining peshlavhalarini ommaviy buzib tashlash kampaniyasi tadbirkorlar e’tirozlariga sabab bo‘layotgan edi. 5 may kuni prezident huzuridagi yig‘ilishda bu muammo ham ko‘tarilib, peshlavhani reklama deb baholash va pasport rasmiylashtirish tartibi bekor qilinadigan bo‘ldi.

Комрон Чегабоев
Tayyorlagan Комрон Чегабоев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid