O‘zbekiston | 17:26 / 12.04.2020
23486
4 daqiqa o‘qiladi

«Koronavirus naqd pulda 4-5 kungacha saqlanib qolishi isbotlangan» – Nurmat Otabekov

​​​​​​​Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi boshlig‘i Nurmat Otabekov koronavirus xavfi bois aholini naqd pul muomalasida ehtiyot bo‘lishga chaqirdi.

Foto: KUN.UZ

Otabekovning fikricha, pensiyalarni plastik kartochkaga o‘tkazib olish maqsadga muvofiq.

«Naqd pullarda koronavirus qo‘zg‘atuvchisi uzoq muddat (4-5 kun) saqlanib qolishi haqida isbotlangan dalillar bor.

Shu munosabat bilan ayniqsa naqd pul bilan bog‘liq holda faoliyat yurituvchilar, deylik, pensiya tarqatuvchilar, bank xodimlari, kassirlar, savdo muassasalari xodimlari jiddiy ehtiyot chorasini ko‘rishlari kerak bo‘ladi. Ular naqd, ya'ni qog‘oz pul bilan ishlaganda dastlab o‘zlarini himoya qilishlari kerak. Ular bir martalik qo‘lqoplarda, doka niqoblarda bo‘lish barobarida muntazam ravishda qo‘llarini dezinfeksion va antiseptik vositalar bilan zararsizlantirib turishlari kerak.

Katta yoshdagi odamlar koronavirus infeksiyasini yuqtirib olishga moyil ekanini aniq bilamiz. Shu sababli ular xavfosti guruhiga mansub. O‘zbekistonda pensiyalar naqd pulda beriladi. Respublikamiz bank sohasi mutasaddilarining ma'lum qilishlaricha, ayni kunlarda pensiya pullari alohida paketlarda tarqatilmoqda. Bu pullarni aholiga tarqatishdan oldin maxsus dizenfeksion ishlov berilmoqda.

Lekin bitta narsani aniq bilishimiz kerak. Naqd pul orqali odamlarga kasallik yuqishi mumkin. Shunday ekan, hozirgi vaziyatda naqd pul bilan muomala qilishni keskin kamaytirish, nafaqalarni naqd pul sifatida emas, plastik kartochkalar orqali olish xavfsizroq bo‘ladi.

Hozir plastik kartochkalar bo‘yicha umuman muammo yo‘q. Bitta plastik kartochkadan ikkinchisiga o‘tkazish ham hech qanday muammo tug‘dirmaydi. Demak, nafaqat oylik maoshlarini, nafaqa pullarini ham kartochkaga tushirish kerak bo‘ladi», – deya Nurmat Otabekovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Mutaxassisning aytishicha, plastik kartochkadan foydalanilsa, koronavirusning bir odamdan ikkinchisiga o‘tish ehtimoli keskin kamayadi. U uy sharoitida ham imkon qadar bitta plastikdan foydalanish maqsadga muvofiqligini, dezinfeksion ishlov berish, tozalash imkoni borligi sababli plastik kartochkalar naqd pulga nisbatan ancha xavfsizligini ta'kidladi.

«Pensiya tarqatish bilan shug‘ullanadigan xodimlar ishlaydigan mutaxassislar har kuni ertalab termometriyadan o‘tkazilishi, ya'ni harorati o‘lchanishi, gigiyena qoidlariga to‘liq rioya qilishi kerak.

Koronavirusga xos klinik belgilarning yo‘qligiga ishonch hosil qilishlari va kun davomida o‘zlari salomatligi ustidan kuzatib borishlari, doka niqoblarda, bir marotabalik qo‘lqoplarda faoliyat olib borishlari kerak. Negaki ular ko‘p odam bilan muloqotda bo‘lishlari mumkin. O‘zlarida kasallik alomatlarini sezishsa, umuman ishga chiqmasliklari kerak.

Ushbu tavsiyalarga to‘liq amal qilsakkina, qog‘oz pullar orqali kasallik yuqib qolish ehtimolini to‘liq oldini olgan bo‘lamiz», deydi Nurmat Otabekov.

Avvalroq O‘zbekiston Markaziy banki ham naqd puldan imkon qadar kamroq foydalanishni, xaridlarni plastik kartalar yordamida amalga oshirishni, shunda ham plastik kartani tez-tez dezinfeksiya qilib turishni tavsiya etgan edi.

Markaziy bank departament direktori Ulug‘bek Mahmudov koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish maqsadida respublikada to‘lovlarni naqdsiz, xususan, masofaviy amalga oshirish imkoniyatlari kengaytirilayotganini ma'lum qilgan.

Mavzuga oid