O‘zbekiston | 22:02 / 07.10.2021
11351
2 daqiqa o‘qiladi

«2026 yilga borib O‘zbekiston paxtasining 70 foizini texnika yordamida terib olishga erishiladi» - Vazirlik

7 oktabr kuni Milliy matbuot markazida Qishloq xo‘jaligi vazirligining so‘nggi 5 yillik faoliyati yuzasidan matbuot anjumani tashkil qilindi.

Tadbir yakunida vazirlik boshqarma boshlig‘i Zafar Ortiqov Kun.uz muxbirining savollariga javob berdi.

— Bugungi kunda O‘zbekistonda yetishtirilayotgan paxtaning 17-18 foiz xosili texnika yordamida terib olinyapti. Bu borada kelgusi besh yillikdagi aniq rejalar haqida ma'lumot bersangiz.

— «Bugungi kun misolida fermer va klasterlar hisobida 1140 ta paxta terish kombaynlari mavjud. Ularning barchasi hozirgi terim jarayonlariga jalb qilingan.

Umuman bu yilgi paxta rejasini 3 mln 400 ming tonna deb oladigan bo‘lsak, uning 17-18 foizini shu mashinalar orqali terib olishimiz mumkin. Buning uchun ular 24 soat to‘liq ishlashi kerak.

2026 yilga borib bu ko‘rsatkichni 70 foizga ko‘tarish imkoniyatimiz mavjud. Xo‘sh, qanday qilib bu natijaga erishamiz? Biz 2026 yilgacha paxta terish texnikalarimizni o‘zimizda ishlab chiqarish va sotib olish evaziga 9 mingtaga chiqaramiz. Ular bilan 70 foizgacha paxta hosili yig‘ib olinadi.

— Umuman qo‘lda va texnikada terilgan paxta tolasi sifati borasida turli fikrlar bor. Aytingchi, qaysi usul bilan terilgan paxta tolasi sifatliroq bo‘ladi?

— Qo‘lda terilganning sifati yaxshiroq, lekin texnikada uni yog‘ingarchiliklarga qoldirmay tezroq terib olish mumkin.

Ilyos Safarov tayyorladi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Muhiddin Qurbonov.

Илёс Сафаров
Tayyorlagan Илёс Сафаров

Mavzuga oid