Jahon | 12:04 / 13.01.2026
6672
11 daqiqa o‘qiladi

Erondagi hozirgi namoyishlar oldingilaridan qanday farq qiladi?

Eronda uchinchi haftada davom etayotgan ommaviy norozilik namoyishlari Islom respublikasining 47 yillik tarixidagi misli ko‘rilmagan darajaga yetdi. Namoyishchilar Eron hukumati pozitsiyasiga ta’sir ko‘rsata oladimi yoki yo‘qmi, hozircha aniq aytish qiyin, ammo bu safargi namoyishlar avvalgilaridan farq qilishi aniq.

Foto: Getty Images

Namoyishchilarda ramziy bo‘lsa ham, ilk bor yetakchi paydo bo‘ldi – u Eronning ag‘darilgan so‘nggi shohining o‘g‘li Rizo Pahlaviy. AQSh esa voqealarni diqqat bilan kuzatib bormoqda, prezident Donald Tramp bir necha marta vaziyatga aralashish bilan tahdid qildi. Bundan tashqari, o‘tgan yil iyunida Isroil bilan bo‘lib o‘tgan urush hamda AQSh aviatsiyasi zarbalaridan keyin Eronning mintaqa yetakchisi sifatidagi mavqeyiga jiddiy putur yetgan.

Namoyishlar ko‘lami

Namoyishlar 28 dekabr kuni Tehronda boshlangandi va bir kun o‘tib boshqa shaharlarga ham tarqaldi. Ommaviy norozilik aksiyalariga narxlar keskin ko‘tarilishi va Eron riyolining AQSh dollariga nisbatan kursi jiddiy ravishda qulashi sabab bo‘lgandi: ushbu mamlakatda bir yil ichida Amerika valutasi taxminan 80 foizga qimmatlagan.

Iqtisodiy shiorlar o‘rnini tezda siyosiy shiorlar egalladi – ko‘chalarga chiqayotganlar orasida Islom respublikasini butkul tugatish va monarxiyani tiklash talablari ham yangray boshladi.

Namoyishlarga aynan qancha odam chiqqanini tekshirish murakkab – xalqaro axborot agentliklariga voqealarni Eron hududidan turib yoritishga ruxsat berilmagan. Bundan tashqari, Eron hukumati namoyishchilarning o‘zaro aloqasini uzish, axborot yig‘ish va tarqatishni qiyinlashtirish maqsadida butun mamlakatda internetni o‘chirib qo‘ydi. Ammo guvohlar va ekspertlarning turli ma’lumotlariga ko‘ra, hozirgi chiqishlar ko‘lami jihatidan avvalgilaridan ancha ustun.

Sotsiolog-tadqiqotchi Ali Xursandfarning BBC bilan suhbatda ta’kidlashicha, mitinglar «ko‘pchilik hech qachon nomini ham eshitmagan» kichik aholi punktlarigacha tarqalgan.

2022 yilgi namoyishlar
Ameer Alhalbi/Getty Images

Erondagi oldingi namoyishlar ham ommaviy bo‘lsa-da, bu qadar keng ko‘lamga ega bo‘lmagan. 2009 yilda eronliklar saylovlardagi soxtalashtirishlarga qarshi norozilik bildirib ko‘chalarga chiqqan edi. O‘shanda namoyishlarga mag‘lub nomzodlar boshchilik qilgan, «Yashil harakat» deb atalgan harakat tuzilgandi. Norozilikning harakatlantiruvchi kuchi o‘rta sinf bo‘lgan. Lekin namoyishlar faqat yirik shaharlar bilan cheklangandi. 2017 va 2019 yillarda bo‘lib o‘tgan boshqa yirik norozilik namoyishlari esa asosan kambag‘al hududlar bilan cheklangan.

2022 yilgi norozilik namoyishlari «to‘g‘ri kiyinmagani» uchun ma’naviyat politsiyasi tomonidan hibsga olingan Mahsa Aminiyning o‘limidan keyin boshlangan. O‘shanda Eron 1979 yilgi islom inqilobidan beri eng yirik norozilik namoyishlari to‘lqinini boshdan kechirdi, ammo oxir-oqibat hukumat tomonidan bostirildi.

Ramziy yetakchi

2022 yilgi namoyishlarning yetakchisi yo‘q edi va shuning uchun ular tezda tarqalib ketadi. Hozir esa namoyishlarga xorijdagi shaxslar rahbarlik qilishga va harakatlarni muvofiqlashtirishga harakat qilmoqda. Shunday rahnamolardan biri 1979 yilda taxtdan ag‘darilgan shohning o‘g‘li Rizo Pahlaviydir. Norozilik namoyishlar hamon davom etayotgani uning murojaatlari bilan ham bog‘liq.

Hozirgi noroziliklar kontekstida quvg‘indagi Rizo Pahlaviy muhim shaxs bo‘ldi. Biroq, tahlilchilar aytishicha, namoyishchilar uni hukmdor sifatida ko‘rishni istashmaydi.

«Ushbu norozilikning asosiy farqi shundaki, tizimsiz bo‘lsa-da, bu safar ilk bor namoyishchilarning yetakchisi bor. Bu yetakchilik katta ehtimol bilan ramziy, chunki u Qo‘shma Shtatlarda o‘tiribdi va umuman olganda, voqea joyidagi harakatlarni muvofiqlashtira olmaydi. Lekin shunga qaramay, u bor. Va aholini siyosiy harakatga safarbar qila oldi. Ilgari hech qachon bunday bo‘lmagan», – deydi eronshunos, sharqshunos va «Islamizm ot inoagenta» telegram-kanali muallifi Nikita Smagin.

Pahlaviy faollik bilan eronliklarni ko‘chalarga chiqishga chaqirmoqda va odamlar unga ergashmoqda. Yosh eronliklar ijtimoiy tarmoqlarda bir-birini namoyishlarda ishtirok etishga undamoqda. Ko‘chalarda esa Pahlaviylar sulolasi hokimiyatini tiklashga chaqirishmoqda.

Tehron kabi shaharlarda bo‘lib o‘tgan norozilik namoyishlari ko‘lamini Pahlaviy da’vatlarining natijasi deb hisoblash mumkin.

Tahlilchilar taniqli muxolifat arbobining ishtiroki namoyishchilarning bir qismida hozirgi hukumat qulagan taqdirda, ehtimoliy muqobil mavjudligi haqidagi fikrni kuchaytirganini qayd etadi.

Shu bilan birga, boshqa ekspertlar Pahlaviyni qo‘llab-quvvatlashning bu ko‘rinishlari eronliklar monarxiyani tiklashni xohlayotganini anglatmaydi, deb hisoblaydi.

Bu ko‘proq diniy boshqaruv o‘rniga kelishi mumkin bo‘lgan har qanday muqobil boshqaruvga bo‘lgan kuchli ehtiyojning ifodasi, ayniqsa mamlakatda ko‘zga ko‘ringan dunyoviy muxolifat yetakchilari yo‘qligi fonida.

«Diktatorga o‘lim»

2022 yilda bo‘lgani kabi namoyishchilar uchun muayyan sabab bor – ammo noroziliklar chuqur tizimli o‘zgarishlarni talab qilishga aylandi.

Mutaxassislar aytishicha, hozirgi namoyishlar ko‘lami va tarqalishi bo‘yicha misli ko‘rilmagan darajada.

«2022 yilgi harakat „ayollar masalasi“dan boshlangandi. Lekin unda boshqa noroziliklar ham o‘z ifodasini topdi... 2025 yil dekabrdagi norozilik namoyishlari bir qarashda iqtisodiy ko‘ringan muammolar bilan boshlandi, ammo juda-juda qisqa vaqt ichida yanada jiddiyroq talablar ko‘tarib chiqildi», – deydi sotsiolog Xursandfar.

Dekabr oyi oxirida Tehron markazidagi bozor sotuvchilari Eron kursi riyol kursining Amerika dollariga nisbatan keskin qulashiga javoban ish tashlash e’lon qilishdi. Namoyishlar mamlakat g‘arbidagi eng qashshoq hududlargacha tarqaldi. 2022 yilda bo‘lgani kabi Ilam va Luriston viloyatlari namoyish o‘choqlaridan biriga aylandi.

Yil oxiriga kelib minglab kishilar ko‘chalarda edi – va millionlab eronliklar – shu jumladan o‘rta sinf vakillari – og‘ir iqtisodiy inqiroz va narxlar shitob bilan o‘sishiga duch kelishdi.

Sharqshunos Nikita Smagin Eron hukumatining asosiy muammolari qatorida iqtisodiyotni tilga oladi va odamlar hozirgi hukumatga ishonmay qo‘yganini aytadi: «So‘nggi sakkiz yil ichida aholining rejali, izchil qashshoqlashuvi kuzatilmoqda. Hukumat iqtisodiy farovonlikni, iqtisodiy barqarorlikni ta’minlaydigan modelni yarata olmadi».

Ko‘chalarda marsh qilib o‘tayotganlar «Diktatorga o‘lim!» deb hayqirib, Eronning oliy rahbari Ali Xominaiy va uning boshqaruvidagi rejimni hokimiyatdan chetlatishni talab qilmoqda.

Trampning tahdidlari

Bu safargi namoyishlarni 2022 yilgisidan farqlovchi yana bir omil – AQShdir.

Tramp ittifoqchilarining bir qismini yo‘qotgan Eronga zarbalar bilan tahdid qilmoqda
Chip Somodevilla/Getty Images

Oldingi namoyishlardan farqli o‘laroq, bu safargi namoyishchilar Oq uy tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda. Donald Tramp namoyishchilar o‘ldirilishi davom etadigan bo‘lsa, bir necha bor hukumat kuchlarining pozitsiyalariga hujum qilish bilan tahdid qilgan – bunaqasi ilgari kuzatilmagandi.

2009 yilda, prezidentlik saylovlaridagi soxtalashtirishlarga qarshi norozilik bildirib chiqilganida, namoyishchilar shunday hayqirishgandi: «Obama, Obama, sen yoki ular bilan, yoki biz bilan!» O‘sha vaqtda AQSh prezidenti bo‘lgan Barak Obama keyinroq namoyishchilarni ochiqroq qo‘llamaganidan afsuslanishini aytgandi.

Eron prezidenti Ma’sud Pizishkiyon namoyishchilar «Eron dushmanlari» tomonidan manipulyatsiya qilinayotganini aytdi.

Ammo Eron hukumatining muammosi shundaki, hozirda mamlakatning ittifoqchilari safi siyraklashgan va Eronning mintaqaning eng qudratli davlatlaridan biri sifatidagi maqveyiga jiddiy putur yetgan.

Ular muhim hamkorlaridan ayrildi: Bashar Asad Suriya prezidenti lavozimidan ag‘darildi, Livandagi «Hizbulloh» harakati Isroilning harbiy zarbalari tufayli ancha zaiflashgan.

Hukumat hali ham mamlakatda ma’lum bir qo‘llab-quvvatlovga ega bo‘lishiga qaramay, namoyishchilarning asosiy talablaridan biri Eron oliy rahbari Ali Xominaiy boshchiligidagi tuzumni ag‘darish bo‘lmoqda.
Foto: Morteza Nikoubazl/NurPhoto via Getty Images

Millatni birlashtirish uchun boy berilgan imkon va yangi norozilik namoyishlari xavfi

Hozirgi namoyishlardan yarim yil oldin Isroil bilan 12 kunlik urush, undan keyin Amerika va Isroil aviatsiyasining Eron bo‘ylab bergan zarbalari bo‘lib o‘tgandi.

Jurnalist Abbos Abdiyning fikricha, Eron hukumati ushbu voqealardan keyin imkoniyatdan foydalanib, aholi orasida birdamlik va hamjihatlik tuyg‘usini shakllantira olmadi.

Ba’zi ekspertlar fikricha, qurolli kuchlarga berilgan bunday jiddiy zarba Eron xalqi ko‘z o‘ngida Islom inqilobi muhofizlari korpusining mamlakatdagi asosiy harbiy institut sifatidagi obro‘si va nufuzini yo‘q qildi.

Sotsiolog Xursandfar 2022 yil voqealari chog‘ida odamlar xulq-atvorida ro‘y bergan o‘zgarishlar hozirgi norozilik namoyishlariga ham turtki bo‘layotganini qayd etadi: uch yil oldingi intervyuda ko‘plab ayollar unga asosiy yutuq sifatida repressiv davlat oldidagi qo‘rquvdan xalos bo‘lganliklarini keltirishgan.

Eronshunos Nikita Smagin hozirgi norozilik namoyishlari yaxshi boshqaruvga ega emasligi tufayli ular hukmron rejimni ag‘darishidan ko‘ra, hukmron rejim ularni bostirishi imkoniyati ko‘proq ekanini aytadi. Ammo, ekspertning so‘zlariga ko‘ra, hozirgi namoyishlar bostirilgan taqdirda ham, yangi namoyishlar o‘zini uzoq kuttirmaydi.

«Namoyishlar yana yangi kuch bilan alanga olishi mumkin. Rasmiylar aholining taxminan 80 foizi o‘zini nafaqat yoqtirmaydigan, balki nafratlanadigan va to‘g‘ridan to‘g‘ri qattiq nafratlanadigan mamlakatda yashashda davom etishi kerak bo‘ladi», – deydi ekspert Islom respublikasidagi tizimli inqiroz haqida.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid