Jamiyat | 20:42 / 18.10.2025
5019
5 daqiqa o‘qiladi

Inson emas, insoniylik o‘lganda haqiqiy jinoyat sodir bo‘ladi

Har insonning ichida bir “jinoyatchi” yashaydi. U go‘yoki dunyoni yaxshilik tomon o‘zgartirmoqchi bo‘ladi, hamisha o‘z haqiqatini singdirishga urinadi. Biroq dunyoda kimning yashashi yoki yashamasligi, tabiiy muvozanatni buzishga biror insonning haqqi yo‘q.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Bugun “5 daqiqa”da Fyodor Dostoyevskiyning “Jinoyat va jazo” romani haqida gaplashamiz.

Peterburg. Iflos ko‘chalar, nam uylar, ochlik va xavotirli odamlar. Ana shu muhitda yosh talaba – Rodion Raskolnikov yashaydi.

U kambag‘al, lekin aqli o‘tkir. Uning boshida g‘alati g‘oya aylana boshlaydi: “Dunyoda ikki xil odam bor – oddiy insonlar va alohida shaxslar. Oddiylar qonunga bo‘ysunadi, alohida shaxslar esa uni yaratadi. Napoleon kabi. Agar jinoyat jamiyat manfaati uchun bo‘lsa, u jinoyat emas”, deydi u.

Aytib qo‘yay, bu juda xavfli qarash. Ya’ni jamiyatda kimnidir keraksiz deb hisoblaysan-u, hukm o‘qiysan. Yoki “men haqman”, degan o‘y bilan istagan ishingni qilasan. Bu tiyiqsiz miyaga nimalar kelmaydi deysiz.

Men odamlarga yaxshilik qilyapman...

Raskolnikov o‘sha fikrni sinab ko‘rishga qaror qiladi. Bir qari kampirni bolta bilan o‘ldiradi. Yigit voqeaga guvoh bo‘lib qolgan kampirning singlisini ham o‘ldirishiga to‘g‘ri keladi. Jinoyatni jinoyat bilan yashiradi.

U o‘ziga shunday taskin bermoqchi bo‘ladi. Jamiyatdagi sudxo‘r, hammaning joniga tekkan kampirni o‘ldirish orqali “insoniyatga yordam berdim” deb hisoblaydi.

Qamoqda erkinlikka erishdi

Ammo shundan keyin Raskolnikovni politsiya emas, vijdoni ta’qib eta boshlaydi. Dostoyevskiy jinoyatni emas, jinoyat ortidagi inson ruhini ochadi. Raskolnikovning har nafasida azob va pushaymonlik paydo bo‘ladi.

U odamlar ichida yuradi, ammo yolg‘iz va xavotirli. Dostoyevskiy aytadi: odamning haqiqiy sudyasi – uning vijdoni. Undan qochib bo‘lmaydi.

Asarda yana bir qahramon bor – Sonya Marmeladova. U Raskolnikovga jinoyatini tan olishni maslahat beradi. Shu orqali Allohning oldida ham, vijdoni oldida ham poklanishi mumkinligini aytadi.

Bu so‘zlar yigitni titratadi. U birinchi marta tushunadi: insonni poklaydigan narsa – jazo emas, tavba.

Nihoyat, politsiyaga borib, jinoyatini tan oladi. U qamaladi. Ammo aynan qamoqda birinchi marta erkin nafas oladi.

Bu asar zamonaviy psixologiyada ham o‘rganiladi

Asarda yana bir muhim savol bor: inson haqiqatan ham qonunni buzishga haqlimi, agar bu “foydali” bo‘lsa ham?

Yo‘q, deydi Dostoyevskiy. Chunki odam hayotini “foydali” yoki “foydasiz” deb baholash – eng katta xato. Raskolnikovning haqiqiy jinoyati – u insonni emas, insoniylikni o‘ldirganida.

Bu asar nafaqat rus adabiyoti, balki butun insoniyat fikr-qarashlariga ta’sir qilgan. Uning ta’sirini Kamyuning “Begona”sida, Sartrning asarlarida, hatto zamonaviy psixologiyada ham ko‘ramiz.

Bu asardan keyin falsafa ham, psixologiya ham insonning ichkarisidagi “jinoyatchi”ni o‘rganishni boshladi. “Jinoyat va jazo” odamni tartibga soladi. Miyangizning yashirin burchaklarida g‘imirlab yurgan dushmanlarni o‘ldiradi.

Asarni o‘qib bo‘larkansiz, xuddi narkozdan keyin uyg‘onayotgan odamdek o‘zingizga kela boshlaysiz. Bu – juda foydali jarayon.

Xulosa

Dostoyevskiy asari bizga qo‘rqinchli haqiqatni ko‘rsatadi: har bir insonning ichida Raskolnikov yashaydi. Biz ham ba’zan “adolat” o‘rnatmoqchi bo‘lamiz, mana bunday qilsam jamiyatga foydasi bo‘ladi-ku, degan o‘y o‘tadi. Lekin hayotdagi eng og‘ir jinoyat bu o‘zingni bulg‘ash, sindirish. Raskolnikov shuni anglab yetdi: odamning haqiqiy dushmani uning ichidadir. Va uni yengish uchun qonun emas, tavba va muhabbat kerak. Shu anglash – yigitning ozodligi bo‘ldi.

Ushbu kitobni quyidagi havola orqali yuklab olib, to‘liq audio shaklda eshitishingiz mumkin.

Isomiddin Po‘latov.

Mavzuga oid