Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Mafiya olamining chiqish eshigi yo‘q yoxud hokimiyatning narxini bilasizmi?
Bu olamning qonunlari boshqacha ishlaydi. Qaysidir taklifni rad etish o‘z ma’nosida emas, sadoqat ham butunlay boshqa narsalarga ishora qiladi. Bu toifa insonlarning sukunati qo‘rqinchli, ta’siri boshqa o‘lkalarga ham yetib boradi. Va eng asosiysi, bu qudratning o‘z badali, to‘lovi bor. Bugun “5 daqiqa”da Mario Pyuzoning “Cho‘qintirgan ota” romani haqida gaplashamiz.
“Cho‘qintirgan ota” XX asrning eng nufuzli asarlaridan biri sifatida nafaqat mafiya hayoti, balki Amerika jamiyatining qorong‘i mexanizmlarini ochib beradi.
Asar qahramoni Vito Korleone. U Sitsiliyadagi zulmdan qochgan muhojir sifatida Nyu Yorkka kelgan. Og‘ir turmush, muhtojlik, mayda kriminal tuzilmalar nazorati Vitoning hayot yo‘lini belgilaydi. U jinoyat yo‘lini tanlamaydi, balki muhit uni shu yo‘lga moslashtiradi. Uning qudrati zo‘ravonlikdan emas, balki odamlarning ustidan ta’sir o‘tkazish qobiliyatidan, har bir kishiga xizmat qilib, evaziga sadoqat talab qilishdan kelib chiqadi. Mana shu “qarz” tizimi orqali Vito o‘z atrofida qudratli imperiya barpo qiladi.
Korleone oilasidagi to‘y manzarasi juda qiziq. O‘sha lavhada mafiya dunyosidagi aloqalar, o‘zaro hisob-kitoblar, siyosiy kelishuvlar, qonunni chetlab o‘tish mexanizmlari haqida gap boradi. Bu sahnada asar qahramonlarining xarakteri namoyon bo‘ladi. Katta o‘g‘il Sonnining qiziqqonligi, oilaning advokati Tom Xeygenning mulohazakorligi, kichik o‘g‘il Mayklning hali oila biznesidan uzoqda turib, yo‘lini erkin tanlashga intilayotganiga guvoh bo‘lamiz.
Muhit mafiyalarni yaratadi
Mafiya yetakchilaridan biri Solotssoning narkotik biznesiga kirish taklifi voqealarni rivojlantiradi. Karleone bu taklifni rad etadi. Narkotikning siyosiy va ijtimoiy xavfi katta ekani, davlat bunday biznesni qo‘llab-quvvatlamasligini aytadi. Ana shunda mafiya olamidagi munosabatlar izdan chiqadi. Vitoga qilingan suiqasd nafaqat oilaga zarba beradi, balki jamiyatda tinchlikni buzadi. Holat Vito Korleone klanini zaiflashtirgandek ko‘rinsa-da, bu voqea kichik o‘g‘il Mayklni maydonga olib kiradi.
Maykl Korleone psixologik jihatdan murakkab qahramon. U dastlab mafiyadan uzoq turishni, tinch hayot kechirishni istagan yigit edi. Biroq u mafiya Solotsso va politsiya xodimini o‘ldirish orqali “qaytib bo‘lmas yo‘l”ni tanlaydi. Maykl shu harakati bilan mafiya qonunlarini qabul qiladi.
Uning Sitsiliyaga surgun qilinishi muhim ramziy ahamiyatga ega. Bu muhitda u nafaqat o‘zining tarixiy ildizlarini, balki mafiya madaniyatining asl mohiyatini ko‘radi. Mahalliy odatlar, hurmat, qon olib qon qaytarish an’analari uning xarakterini shakllantiradi. Bir vaqtda Nyu Yorkda kechayotgan voqealar – akasi Sonnining o‘ldirilishi, oilaviy tuzilmaning tanazzuli Mayklni o‘zga insonga aylantiradi.
Qudrat qurbonlik talab qiladi
Maykl Karleone oila va o‘z tarafdorlarini himoya qilish uchun harakat qiladi. Uning boshqaruv uslubi otasinikidan farq qilardi. Maykl hayotga strategik, matematik qaraydi. Hamma raqiblari, xiyonatchilar va xavf soluvchi figuralarni bir vaqtda yo‘q qilib, haqiqiy “don”ga aylanadi.
Cho‘qintirgan ota vafotidan so‘ng mafiya olamini o‘g‘il boshqaradi.
Bu jarayon romandagi eng falsafiy nuqta. Maykl o‘z oilasini himoya qilish orqali asta-sekin o‘sha oilasidan uzoqlashadi. Xotini Key bilan munosabatdagi sovuqlik, yolg‘on va ikkiyuzlamachilik uning insoniy sifatlarini, oilaga nisbatan ishonch va muhabbatini susaytiradi.
Yozuvchi mafiyani oqlamaydi ham, qoralamaydi ham. U mafiyani jamiyatning o‘zi yaratayotgan murakkab mexanizm sifatida ko‘rsatadi. Qonunsizlik – qonunning zaifligidan, jinoyat – hokimiyatning masxarabozligidan paydo bo‘ladi. Vito va Maykl oilasini himoya qilishni jinoyat orqali amalga oshirsa-da, ularda insoniylik, sadoqat, muhabbat kabi hislar kuchli edi.
Kitob nafaqat mafiyani, balki hokimiyatning inson ruhini qanday o‘zgartirishi, oilaviy qadriyatlar qanday qilib qudrat o‘yinida qurbon bo‘lishini hikoya qiladi. Asar so‘ngida Korleone oilasi kuchli ko‘rinadi, ammo bu kuchning evaziga qachonlardir muqaddas bo‘lgan oila boy berilgandi.
Hokimiyat shunday, insonni yo‘q qiladi, lekin inson uni baribir qo‘lga kiritishga intilaveradi. Bu qoida hamisha amalda bo‘lgan!
Isomiddin Po‘latov
Mavzuga oid
19:10 / 29.11.2025
“Ko‘rinmas odam” - fan haddidan oshganda nima bo‘ladi?
12:29 / 22.11.2025
Katta shaharlardagi yuragi kichkina odamlar
20:50 / 15.11.2025
Aqlli odamlar ham ommaga qo‘shilganda fikrlash qobiliyatini yo‘qotadi. Nega?
16:40 / 08.11.2025