O‘zbekiston | 10:51 / 10.02.2018
9909
2 daqiqa o‘qiladi

Xavfli obektlar sug‘urta qilinmaganligi uchun EKIHning 15 baravarigacha jarima joriy qilinadi

Foto: KUN.UZ

Qonun hujjatlari ta'sirini baholash tizimi portalida qonun loyihasi muhokama qilinmoqda. Unga ko‘ra xavfli ishlab chiqarish obektida avariya yuz bergan taqdirda zarar yetkazganlik uchun javobgarlikni majburiy sug‘urta qilish talabi buzilganligi uchun ma'muriy jazo joriy qilinadi. Bu haqda Norma.uz yozmoqda.

Eslatib o‘tamiz, «Xavfli ishlab chiqarish obektlarining sanoat xavfsizligi to‘g‘risida»gi Qonunning 20-moddasi va  Xavfli ishlab chiqarish obektida avariya yuz bergan taqdirda boshqa shaxslarning hayoti, sog‘lig‘i va (yoki) mol-mulkiga hamda atrof-muhitga zarar yetkazganlik uchun fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish tartibi to‘g‘risida nizomga (10.12.2008 yildagi 271-son VMQga 5-ilova) ko‘ra sug‘urta qilish talab etiladi. 

Bunday huquqbuzarlik uchun xavfli ishlab chiqarish obektlaridan foydalanadigan tashkilotlarning mansabdor shaxslari EKIHning 10 baravari miqdorida jarima to‘laydilar. Ma'muriy jazo qo‘llanilganidan keyin 1 yil davomida takror sodir etilgan taqdirda EKIHning 15 baravari miqdorida jarima to‘lanadi.  

Jazoni qo‘llashni Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Yer qa'rini geologik o‘rganish, sanoatda, konchilikda va kommunal-maishiy sektorda ishlarning bexatar olib borilishini nazorat qilish davlat inspeksiyasi organlari vakolatiga kiritish taklif etilmoqda.

Bundan tashqari, xavfli ishlab chiqarish obektlarini ekspertiza qilishni ruxsat berish tartib-taomili deb hisoblamaslik rejalashtirilmoqda. Tegishincha, «Tadbirkorlik faoliyati sohasidagi ruxsat berish tartib-taomillari to‘g‘risida»gi Qonun bunday munosabatlarga nisbatan qo‘llanmaydi.

Loyiha o‘zgartirilishi, unga qo‘shimchalar kiritilishi yoki rad etilishi mumkin.

Mavzuga oid