Jahon | 21:08 / 01.04.2026
8707
3 daqiqa o‘qiladi

Qirg‘izistonda Qamchibek Tashiyevning ukasi korrupsiyada gumon qilinib qo‘lga olindi

Shoirbek Tashiyev davlatga 4,1 milliard qirg‘iz so‘mi (47 million dollar) miqdorida zarar yetkazgani ma’lum qilindi.

Foto: Qirg‘iziston IIV

Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi (MXDQ) sobiq raisi Qamchibek Tashiyevning korrupsiyada gumon qilinib qo‘lga olingan ukasi, parlamentning sobiq deputati Shoirbek Tashiyev davlatga 4,1 milliard qirg‘iz so‘mi (47 million dollar) miqdorida zarar yetkazgani ma’lum qilindi.

IIV ma’lumotlariga ko‘ra, Tashiyev «Kyrgyzneftegaz» OAJ bilan bog‘liq neft bitimlarida korrupsion sxemalardan foydalangan. Tergov versiyasiga ko‘ra, «Kyrgyz Petroleum Kompani» davlat zavodi mavjud bo‘lishiga qaramay, xomashyo yetkazib berish vositachilar orqali amalga oshirilgan. Qolaversa, neftning yakuniy xaridori baribir qayta ishlash davlat korxonasi bo‘lib chiqdi.

Oqibatda moliyaviy oqimlar o‘tadigan vositachi firmalar zanjiri vujudga kelgan. Xomashyoning katta qismi - hajmning uchdan bir qismigacha - Tashiyevga aloqador kompaniyalar orqali sotilgan. Sobiq deputatning korrupsion harakatlaridan ko‘rilgan zarar 4,1 milliard qirg‘iz so‘midan (47 million dollar) oshgan. Bunga boy berilgan foyda ham, to‘lanmagan soliqlar ham kiradi.

IIV qo‘shimcha qilishicha, Shoirbek Tashiyev davlatga yetkazilgan zararni to‘liq qoplashi kerak.

1 aprel kuni Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi sobiq rahbarining ukasi, Jogorku Keneshning sobiq deputati Shoirbek Tashiyev qo‘lga olingani va vaqtincha saqlash hibsxonasiga joylashtirilgani haqida xabar berilgan edi. Unga nisbatan aniqlangan korrupsiya holatlari bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Eslatib o‘tamiz, shu yilning 14 mart kuni Shoirbek Tashiyev deputatlik mandatini o‘z ixtiyori bilan topshirgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, qaror osonlikcha kelmagan, biroq u «davlat manfaatlari va xalq ishonchidan kelib chiqib harakat qilgan». Sobiq parlament a’zosining qo‘shimcha qilishicha, so‘nggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda unga va oilasiga qarshi «yolg‘on va tuhmatlar faol tarqalmoqda», bu esa uning yaqinlari tinchligini jiddiy buzgan.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid