O‘zbekiston | 21:49 / 24.02.2026
2409
5 daqiqa o‘qiladi

Prezidentning yoshlar bilan muloqoti va «Yangi avlod tadbirkorlari» dasturi – mahalliy dayjest

Toshkentdagi «Ko‘ksaroy» qarorgohida prezident Shavkat Mirziyoyevning yoshlar bilan muloqoti bo‘lib o‘tdi. Unda Yoshlar ishlari agentligiga kamida 40 ming yoshni biznesga o‘rgatadigan «Yangi avlod tadbirkorlari» dasturini ishga tushirish topshirildi. Mamlakatda har haftaning payshanba kuni vazirliklar, idora va hokimliklarda «Yoshlar kuni» o‘tkazilishi belgilandi. Farg‘ona bog‘chalarida zaharlangan 70 nafardan ortiq bola shifoxonada qolmoqda. Kunning shu va boshqa muhim yangiliklari bilan tanishtiramiz.

«22 milliondan ziyod yoshlar timsolida katta iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy kuchni ko‘ramiz» – prezident

«Ko‘ksaroy» qarorgohida prezident Shavkat Mirziyoyevning yoshlar bilan muloqoti bo‘lib o‘tdi. Unda Qoraqalpog‘iston, viloyatlar va Toshkent shahridagi studiyalardan 60 mingdan ziyod yoshlar vakillari ishtirok etdi.

«Yurtimizdagi 22 milliondan ziyod yoshlarimiz timsolida biz juda katta iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy kuchni ko‘ramiz», – dedi prezident.

Har bir vazir, hokim, oliygoh rektori, texnikum, maktab direktori va boshqa mas’ullar hududidagi yoshlarni til va kasb-hunar o‘rganishi, sport bilan shug‘ullanishi, g‘oya, loyiha va startapiga ko‘mak berib, ularni o‘stirishi, ishli va daromadli qilib, birorta yoshni e’tiborsiz qoldirmaslikka yanada katta mas’uliyat bilan yondashib ishlashi lozimligi qayd etildi.

«O‘zbekiston Yoshlar taraqqiyoti global indeksida eng tez sur’atlarda rivojlanayotgan davlat deb e’lon qilingani bizga g‘urur bag‘ishlaydi», – dedi prezident.

«Yangi avlod tadbirkorlari» dasturida 40 ming yosh biznesga o‘qitiladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev yoshlar bilan muloqotda Harvard, Stenford va London iqtisodiyot maktabi kabi nufuzli oliygohlar ilg‘or tajribalar asosida yoshlarni tadbirkorlikka o‘qitishda hamkorlik qilishga tayyorligini bildirdi. Shu munosabat bilan Yoshlar ishlari agentligiga kamida 40 ming yoshni biznesga o‘rgatadigan «Yangi avlod tadbirkorlari» dasturini ishga tushirish topshirildi.

Ma’lum qilinishicha, dasturni muvaffaqiyatli tugatgan eng yaxshi ming nafar yoshning loyihasiga uch yil muddatga 200 million so‘mgacha 7 foizli ssuda ajratiladi. Shuningdek, har yili «Yosh tadbirkorlar» tanlovi o‘tkazilib, eng yaxshi 100 ta loyihani brendga aylantirish uchun «Yoshlar venchurs» jamg‘armasidan 1 milliard so‘mgacha mablag‘ yo‘naltiriladi.

Har payshanba — vazirlik va hokimliklarda «Yoshlar kuni» bo‘ladi

Mamlakatda har haftaning payshanba kuni vazirlik, idora va hokimliklarda «Yoshlar kuni» o‘tkazilishi belgilandi. Bu kunda sohaga mas’ul rahbarlar mahalla, maktab va texnikumlarga chiqib, yoshlarning murojaat va muammolarini tinglab, yechim topishi kerak bo‘ladi.

Yangi tartibga ko‘ra, «Yoshlar kuni»da soha rahbarlari joylarga borib, yoshlar bilan bevosita muloqot qiladi hamda ularni qiynayotgan masalalarni hal etish choralarini ko‘radi. Qayd etilishicha, hokimlar yoshlarga mos savdo-servis loyihalarini amalga oshiradi, yoshlarning ta’lim olishi, sport bilan shug‘ullanishi, kasb va til o‘rganishi, ishga joylashishi yoki tadbirkorlik bilan shug‘ullanishiga ko‘maklashadi. Shuningdek, startapchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazilib, ularni qo‘llab-quvvatlash uchun alohida mablag‘ va grantlar ajratilishi belgilangan.

Farg‘ona bog‘chalarida zaharlangan 70 nafardan ortiq bola shifoxonada qolmoqda

20 fevral kuni Farg‘ona shahridagi bir nechta davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyalanuvchilarida isitma, ko‘ngil aynishi, qayt qilish va ich ketish belgilari kuzatildi. Ayni paytda 70 nafardan ortiq bola shahardagi ikki shifoxonaga joylashtirilgan. 3 nafari reanimatsiya bo‘limida qolmoqda. Kun.uz muxbiri bilan suhbatlashgan ota-onalar zaharlanish ovqatdan kelib chiqqanini aytmoqda.

Zaharlanish qayd etilgan bog‘chalarda ovqatlanish viloyat hokimining qarori bilan tayinlangan “Garden catering Trade” MChJ tomonidan keytering usulida tashkil etilgan.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid