O‘zbekiston | 22:07 / 31.03.2026
1073
5 daqiqa o‘qiladi

Milliy jamoaning yutug‘i va Toshkentda sun’iy yomg‘ir – mahalliy dayjest

Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy jamoasi FIFA Series 2026 xalqaro futbol turniri g‘olibi bo‘ldi. 2026 yilda inflatsiyani 6,5 foiz darajasida saqlab qolish vazifasi belgilandi. Toshkent shahri va viloyatidagi namlik past bo‘lgan hududlarda sun’iy yomg‘ir yog‘dirilishi mumkin. Kunning shu va boshqa muhim yangiliklari bilan tanishtiramiz.

O‘zbekiston Venesuelani mag‘lub etib, xalqaro turnir g‘olibi bo‘ldi

Toshkentda FIFA Series 2026 xalqaro futbol turniri yakunlandi. Unda O‘zbekiston milliy jamoasidan tashqari Gabon, Trinidad va Tobago, shuningdek, Venesuela ham ishtirok etdi.

Hal qiluvchi bahsda O‘zbekiston va Venesuela to‘qnash keldi. O‘yinda hisob ochilmadi, penaltilar seriyasida esa o‘zbekistonliklar g‘alaba qozondi. Bu natijadan so‘ng, O‘zbekiston 5 ochko bilan birinchi, Venesuela 4 ochko bilan ikkinchi, Gabon 2 ochko bilan uchinchi, Trinidad va Tobago 1 ochko bilan so‘nggi o‘rinni egalladi.

O‘zbekiston milliy jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro o‘yindan so‘ng o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashib: «Kelganimdan beri milliy jamoada faqat o‘sishni ko‘ryapman», dedi.

Prezident 2026 yilda inflatsiyani 6,5 foiz darajasida saqlab qolish vazifasini belgiladi

Shavkat Mirziyoyev huzurida o‘tgan yig‘ilishda mas’ullarga inflatsiyani jilovlash, sanoat va eksport ko‘rsatkichlarini ta’minlash, investitsiya loyihalarini jadallashtirish, bank tizimi va qurilish dasturlaridagi muammolarni bartaraf etish yuzasidan aniq topshiriqlar berildi. Inflatsiyani joriy yilda 6-6,5 foiz doirasida saqlab qolish eng muhim vazifalardan biri ekaniga alohida e’tibor qaratildi.

Jahon bozorida neft narxining keskin qimmatlashi transport va neft-kimyo mahsulotlari tannarxiga ta’sir ko‘rsatayotgani, polietilen va polipropilen narxlarida ham o‘sish kuzatilayotgani aytildi. Shu bois, asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlarining importi, transport-logistika masalalari va muqobil yo‘laklardan foydalanish bo‘yicha tezkor choralar ko‘rish vazifasi qo‘yildi.

Toshkentda sun’iy yomg‘ir yog‘diriladi

O‘zbekistonda sun’iy yomg‘ir yog‘dirish va sun’iy shamol texnologiyasini bosqichma-bosqich joriy qilish choralari ko‘riladi. Buning uchun ijobiy sinovdan o‘tgan xorijiy tajriba o‘rganib chiqiladi. Havo sifatini yaxshilashga oid prezident farmoni bilan, Ekologiya qo‘mitasi, Fanlar akademiyasi va Oliy ta’lim vazirligiga shunday topshiriq berildi.

Unga ko‘ra, 2027 yil 1 oktyabrga qadar poytaxtning atmosfera havosini yaxshilash maqsadida Toshkent shahri va Toshkent viloyatida namlik past bo‘lgan hududga sun’iy yomg‘ir yog‘dirish uchun kerakli asbob-uskunalar o‘rnatiladi. Buning uchun mablag‘ Umummilliy ekologik muammolarni bartaraf etish davlat maqsadli jamg‘armasidan ajratiladi.

Toshkentdagi barcha avtomobillarga yil oxirigacha eko-stiker beriladi

2026 yil yakuniga qadar Toshkent shahridagi barcha avtotransport vositalariga ekologik toifasini tasdiqlovchi ekologik stiker berilishi kerak. “Toza havo” umummilliy loyihasi to‘g‘risidagi prezident farmoni bilan, Ichki ishlar vazirligiga shunday vazifa yuklatildi. Ekologiya qo‘mitasi esa 2026 yil yakuniga qadar Toshkent shahri hududi “qizil”, “sariq” va “yashil” zonalariga ajratib chiqilishini ta’minlashi lozim.

O‘zbekistonda “Ekologik transport” tizimi 2026 yil 1 yanvardan boshlab rasman kuchga kirgan. Unga asosan, shaharlar hududi va transport vositalari “yashil”, “sariq” va “qizil” zonalarga ajratib chiqiladi hamda shaharning tegishli zonasiga tegishli rangdagi ekostikerga ega bo‘lmagan avtomobillarning kirishi cheklanadi.

Surxondaryoda pensionerlar ishtirokidagi narkoguruh fosh etildi

Surxondaryo viloyatida huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan o‘tkazilgan maxsus operatsiya davomida pensionerlar ham ishtirok etgan narkoguruh faoliyatiga chek qo‘yildi.

Ichki ishlar organlari ma’lumotiga ko‘ra, chegara hududlarida yashovchi ayrim shaxslar, jumladan pensionerlar, afg‘on yetkazib beruvchilar bilan til biriktirib, opiy moddasini O‘zbekiston hududiga olib kirish va uni Termiz shahri hamda atrof hududlarda tarqatish bilan shug‘ullangan. Hozir jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, barcha gumonlanuvchilar qo‘lga olingan va tergov harakatlari olib borilmoqda.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid