O‘zbekiston | 20:09
1258
5 daqiqa o‘qiladi

Gulistonda odamlar evakuatsiyasi va tibbiyotchilarga 5 kunlik ish haftasi – mahalliy dayjest

Ijtimoiy yo‘naltirilgan siyosatni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan «Xalq bilan birga» umummilliy dasturiga start berildi. Namanganda fuqarolar chiqindini olib ketmagan korxonani antiqa yo‘l bilan jazoladi. Tibbiyot sohasi xodimlari 5 kunlik ish haftasida ishlay boshladi. Kunning shu va boshqa muhim yangiliklari bilan tanishtiramiz.

«Xalq bilan birga» umummilliy dasturi amalga oshiriladi

«Xalq bilan birga» umummilliy dasturining taqdimoti bo‘lib o‘tdi va unga rasmiy start berildi. Loyiha taqdimotida partiya Siyosiy kengashi a’zolari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi partiya fraksiyasi a’zolari, mahalliy kengash deputatlari, tadbirkorlar, yoshlar, xotin-qizlar, jamoatchilik faollari, ekspertlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Ta’kidlanishicha, mazkur tashabbus ijtimoiy yo‘naltirilgan siyosatni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan bo‘lib, kambag‘allikka qarshi kurashish, ehtiyojmand qatlamlarni qo‘llab-quvvatlash hamda inson qadrini ulug‘lash tamoyillarini amaliyotga keng joriy etishni nazarda tutadi.

Dastur uchun alohida yo‘l xaritasi ishlab chiqilgan. Unga ko‘ra, 2026 yil davomida 10 ta ustuvor yo‘nalish bo‘yicha turli yo‘nalishdagi aksiyalar o‘tkaziladi. Shuningdek, dasturga 50 mingdan ortiq tadbirkor jalb etilishi, 1,5 milliondan ziyod fuqaro turli ko‘rinishdagi yordam bilan qamrab olinishi rejalashtirilgan.

Iste’molchilar chiqindini olib ketmagan korxonani antiqa yo‘l bilan jazoladi

Namangan viloyati, Yangi Namangan tumanidagi mahalla aholisi to‘planib qolgan chiqindilarni mashinaga yuklab, “Musaffo iqlim” korxonasi qarshisiga tashlab ketdi. Ushbu korxona mahalla hududidan chiqindilarni olib chiqib ketishga mas’ul hisoblanadi. Aholining so‘zlariga ko‘ra, chiqindilar ko‘p vaqtdan beri olib ketilmagan va to‘planib qolgan, oqibatda odamlar shunday yo‘l tutishga majbur bo‘lgan.

Korxona rahbariyati qishki «metan muammosi» va maxsus mashinalar ta’mirda bo‘lgani kabi sabablar tufayli xizmat ko‘rsatishda uzilishlar bo‘lganini bildirdi.

Gulistonda ko‘p qavatli uy qulash xavfi sababli yashovchilar evakuatsiya qilindi

Sirdaryo viloyatining Guliston shahridagi ko‘p qavatli uylardan birida qulash xavfi yuzaga keldi. Ma’lum bo‘lishicha, Bog‘ishamol mahallasidagi 8-uyda yashovchilar 1 aprel kuni tushdan keyin tezkor ravishda evakuatsiya qilingan. Bunga ko‘p qavatli uyda qulash xavfi yuzaga kelgani sabab bo‘lgan.

Voqea guvohlaridan birining Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, ushbu ko‘p qavatli uyning 1-qavati savdo va xizmat ko‘rsatish maskanlariga aylantirilgan va do‘konlardan birining egasi tegishli tashkilotlar ruxsatisiz asosiy ustunni olib tashlagan. Sirdaryo viloyati hokimligi ehtiyot chorasi sifatida odamlar evakuatsiya qilingani haqida ma’lumot berdi.

Toshkentda futbol maydonchasi va daraxtlarga qurilish xavf solmoqda

Toshkent shahrining Yakkasaroy tumani, Yunus Rajabiy mahallasi aholisi 3,5 yildan beri bolalar sport maydonchasi va 18 ta daraxtni saqlab qolish uchun kurashmoqda, ammo tadbirkorning ham qurilishdan voz kechish niyati yo‘q. 2022 yilda auksionda tadbirkor Doniyor Yusupov tomonidan 1 milliard 300 million so‘m evaziga ofis binosi qurish sharti bilan qo‘lga kiritilgan, biroq keyinchalik loyiha o‘zgartirilib ofis, avtoturargoh, ko‘ngilochar majmua qurilishi reja qilingan.

Aholi bu qarorga qarshi sudga murojaat qilgan, bir necha bosqichli sud jarayonlaridan so‘ng 2024 yil oxirida ular foydasiga qaror chiqarilgan. Biroq 2026 yil fevral oyida Bosh prokuratura ushbu qaror yuzasidan protest kiritdi. Ish 3 aprel kuni qayta ko‘rib chiqilishi kutilmoqda.

Davlat tibbiyot muassasalari 5 kunlik ish haftasi rejimiga o‘tkazildi

1 apreldan O‘zbekistondagi davlat tibbiyot muassasalari 5 kunlik ish haftasiga o‘tdi. SSV matbuot xizmati qayd etishicha, bunda shifo maskanlari faoliyatining uzluksizligini ta’minlash uchun bayram va dam olish kunlari navbatchilik asosida ishlash yo‘lga qo‘yilishi ko‘zda tutilgan.

Poliklinika va oilaviy shifokorlik punktlarida ham ish vaqti o‘zgardi. Navbatchilik ish haqi kamaytirilmagan holda tashkil etiladi. Statsionarlarda navbatchilik doimiy bo‘ladi. O‘zgarish faqat davlat tibbiyot muassasalariga tegishli.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid