Jahon | 17:29 / 22.08.2025
12118
6 daqiqa o‘qiladi

Ukrainadagi urush to‘xtashining Markaziy Osiyoga ta’siri qanday bo‘ladi?

Bu urush qanaqa shartlarda tugaydi, urushning natijalari dunyo tartibotida nimalarni o‘zgartiradi – Trampga qiziq emas. Lekin bu savollar biz uchun o‘ta muhim. Markaziy Osiyoni qanday geosiyosiy shart-sharoitlar kutayotgani shu savollarning yakuniy javobiga to‘g‘ridan to‘g‘ri bog‘liq.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Rossiya–Ukraina urushini to‘xtatish borasida jiddiy urinishlar ketmoqda. AQSh prezidenti Trampning xalqaro siyosatdagi eng asosiy va’dasi – “Rossiya-Ukraina urushini bir kunda to‘xtatish” edi. Trampning prezidentlik kursisiga o‘tirganiga yarim yildan oshib ketdi, lekin hali bu urush to‘xtagani yo‘q. Biroq, Tramp bu urushni tezroq to‘xtatish harakatida, buning uchun u ko‘p narsaga tayyor ekani aniq.

AQSh prezidentining maqsadi – urushni tezroq to‘xtatish. lekin bu urush qanday shartlar bilan tugashi, dunyo tartibotga qanday ta’sir qilishi Trampni jiddiy o‘ylantirmaydi.

Keyingi uchta o‘n yillik ichida AQShning global qadriyatlari, geomafkurasi keskin transformatsiya bo‘ldi. Bu – xalqaro munosabatlarda juda katta o‘zgarish. Sobiq SSSR qulagan 1990-yillarning boshlarida, endi sovuq urushdan chiqqan AQSh xalqaro maydonda inson huqulari, demokratiya va liberalizmning asosiy homiysi, himoyachisi edi. Butun dunyoda inson huquqlari va demokratiyani qo‘llashni, o‘zining asosiy missiyasi deb bilar edi. Albatta, bu borada o‘sha vaqtlari ham ikki standartlilik, chekinishlar va bo‘shliqlar ko‘p bo‘lgan. Lekin rasmiy Vashington “dunyo qanchalik demokratik bo‘lsa, biz uchun shunchalik qulay bo‘ladi” degan qat’iy ishonchda edi. Lekin mana, oradan o‘n yilliklar o‘tib, AQSh inson huquqlari, liberal tartibotning asosiy homiysi maqomidan tushib, izolyatsionizm va iqtisodiy natsionalizm tomon og‘ishgan davlatga aylanib ulgurdi.

Bir vaqtlar AQSh musulmon dunyosida ham demokratiyani qo‘llab-quvvatlashga intilar edi. Biroq, 2001 yil 11 sentabrdan keyin, ayniqsa, Arab bahori voqealaridan so‘ng AQSh musulmon dunyosida demokratik siyosiy jarayonlar va tizimlarni qo‘llashdan manfaatdor emas. Chunki musulmon dunyosida demokratiyaning ildiz otishi, Vashingtondagi mutafakkirlar nazarida, musulmon dunyosining geosiyosiy mustaqilligini oshiradi, Isroil sabab AQShdan masofalashuv kuchayadi. Shuning uchun bugun AQSh musulmon dunyosida avtoritar boshqaruvlardan manfaatdor ekani ko‘pchilik kuzatuvchilarga ayon.

Rossiya–Ukraina urushi borasida Donald Trampning eng asosiy motivi – tezroq Nobel mukofoti olish. Zelenskiyning maqsadi esa – Ukraina hududiy yaxlitligi va suverenitetini imkon qadar saqlab qolish. Putinning maqsadi esa – Ukraina ustidan nazoratni qo‘lga kiritish, G‘arbni global hokimiyatdan yiqitish yoki G‘arb qudratini zaiflashtirib, shu yo‘l orqali Rossiyani global qutb sifatida, imperiya sifatida shakllantirishga muvaffaq bo‘lishdir.

Bugun Trampning asosiy yondashuvi Ukraina va Yevropa davlatlarini qattiq xavotirga solyapti. Chunki u urushni tezroq tugatish maqsadida Putin bilan kelishib, Putinning shartlarini qabul qilmoqda. Boshqacha qilib aytganda, oldinlari G‘arb davlatlari Putinni “agressor”, “bosqinchi” deb bilgan bo‘lsa, endi Tramp muzokaralar olib borish orqali uning fikrlashini va xatti-harakatlarini legitimlashtirdi.

Agar hozir Tramp Putin bilan kelishib, bu urushni qisman yoki to‘liq Putinning shartlari asosida tugatsa, yangi dunyo tartiboti shakllangan bo‘ladi: bu tartibot, xuddi o‘tmishdagi kabi “kim kuchli bo‘lsa – shu haq” degan tartibot hisoblanadi. Ikkinchi jahon urushidan keyingi tartibotning eng asosiy qadriyatlari hisoblanmish “hududiy yaxlitlik” va “davlatlarning suvereniteti” eskirgan bo‘ladi.

Bugun dunyoda ko‘p qutblilik shakllanib bormoqda. Lekin bu ko‘p qutblilikning o‘rta va kichik davlatlar uchun xavotirli tomoni shundaki, katta davlatlar o‘z manfaatlari uchun boshqa davlatlarning hududiga va suverenitetiga tajovuz qilib boshladi va bu holat endi AQSh tomonidan ham “norma” sifatida qabul qilinmoqda.

Ukrainadagi urushning tugashi – albatta ijobiy holat. Begunoh insonlar o‘limi to‘xtaydi. Davlatlar orasidagi munosabatlar normalllashadi. Jamiyatlar rivojlanishda davom etadi. Iqtisodiyot o‘sadi. Lekin “kuchlilar huquqi” asosidagi o‘yin qoidasi – post-sovet hududi, Markaziy Osiyo mintaqasi uchun xavotirli pretsedent hisoblanadi.

Markaziy Osiyo davlatlari kelajakda mana shunday xavotirli vaziyatga imkoniyat bermaslik uchun o‘zaro hamkorlik va integratsiyani, qolaversa, turkiy davlatlar va millatlar o‘rtasidagi birlik va jipslikni strategik yuqori darajaga chiqarishi – eng katta zarurat bo‘lib qolaveradi.

Kamoliddin Rabbimov,
siyosatshunos

Mavzuga oid