O‘zbekiston | 08:26 / 17.09.2020
5329
4 daqiqa o‘qiladi

Ekologik ekspertiza qanday o‘tkaziladi?

Vazirlar Mahkamasi 7.09.2020 yildagi «Atrof muhitga ta'sirni baholash mexanizmini yanada takomillashtirish to‘g‘risida»gi 541-son qarorni qabul qildi.

Norma’ning yozishicha, prezidentning 30.10.2019 yildagi «2030 yilgacha bo‘lgan davrda O‘zbekiston Respublikasining Atrof muhitni muhofaza qilish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida»gi PF-5863-son farmoni ijrosini ta'minlash uchun Davlat ekologiya qo‘mitasining quyidagi takliflari qabul qilindi:

  • raqamli iqtisodiyotga o‘tish maqsadida ekologik ekspertizadan o‘tkazish uchun har yili taqdim etiladigan 30 mingga yaqin hujjatlarning elektron almashinuvi tizimini yaratish to‘g‘risidagi;
  • faoliyat turlarining atrof muhitga salbiy ta'sir ko‘rsatishini muhokama qilish uchun jamoatchilik eshituvlarini o‘tkazishni amalga joriy etish to‘g‘risidagi.

Qaror bilan quyidagilar tasdiqlandi:

  • Atrof muhitga ta'sir ko‘rsatishning yuqori (I toifaga mansub), o‘rtacha (II toifaga mansub) va past darajada xavfli (III toifaga mansub), shuningdek, mahalliy darajada ta'sir ko‘rsatuvchi (IV toifaga mansub) va davlat ekologik ekspertizasidan o‘tkaziladigan faoliyat turlarining ro‘yxati;
  • Atrof muhitga ta'sir ko‘rsatishning I, II, III va IV toifalariga mansub faoliyat turlarini davlat ekologik ekspertizasidan o‘tkazishni tashkil qilish, ekspertizadan o‘tkazishga materiallarni tayyorlash va taqdim etish, ekspertizani o‘tkazish muddatlari, ekspertiza ishtirokchilarining huquq va majburiyatlarini belgilash, shuningdek, ekspertiza xulosasi maqomi va ekspertizani o‘tkazish uchun haq to‘lashni tartibga soluvchi davlat ekologik ekspertizasi to‘g‘risidagi nizom;
  • Atrof muhitga ta'sir ko‘rsatishning I va II toifalariga mansub mo‘ljallanayotgan, rejalashtirilayotgan yoki amalga oshirilayotgan faoliyat turlarining atrof muhitga salbiy ta'sirini aholi va jamoatchilik orasida muhokama qilish uchun jamoatchilik eshituvini tashkil etish va o‘tkazish tartibini, shuningdek, jamoatchilik eshituvi ishtirokchilarining huquqiy holatini belgilovchi atrof muhitga ta'sirni baholash loyihalarini jamoatchilik eshituvlaridan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom.

Davlat ekologiya qo‘mitasi ekspertizani tashkil etish, davlat va jamoat ekologik ekspertizasi bo‘yicha normativ-texnik hujjatlarni ishlab chiqish uchun mas'ul bo‘lgan davlat ekologik ekspertizasi sohasidagi vakolatli organ etib belgilandi.
 
Davlat ekologiya qo‘mitasi 2020 yil 1 oktyabrga qadar:

  • o‘zining veb-sayti orqali davlat ekologik ekspertizasidan o‘tkazishning elektron hujjat almashinuvi tizimini ishlab chiqadi va ishga tushiradi. Tizim ishga tushgandan so‘ng ariza va boshqa materiallarni yozma ravishda qabul qilish to‘xtatiladi, maxsus huquqiy rejimga ega obektlar bundan mustasno;
  • davlat ekologik ekspertizasi xulosalarining xolisligi va asoslanganligini ta'minlash uchun doimiy faoliyat yurituvchi ekspertlar kengashi tashkil etilishini ta'minlaydi;
  • IV toifaga mansub faoliyat turlarining atrof muhitga ta'sirini baholash choralarini ko‘radi.

Shuningdek, Davlat ekologiya qo‘mitasi 2020 yil 1 dekabrdan boshlab Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda atrof muhitga salbiy ta'sir ko‘rsatadigan mo‘ljallanayotgan faoliyat turlari bo‘yicha jamoatchilik eshituvlari o‘tkazilishini tashkil etadi.
 
Hujjat 7.09.2020 yildan kuchga kirgan.

Mavzuga oid