O‘zbekiston | 17:52 / 28.08.2022
29845
6 daqiqa o‘qiladi

Abituriyentlarning imtiyozi hisobga olindi, lekin ijtimoiy adolat prinsipi qayerda qoldi? 

O‘qishga kirgan yoki kirmaganlik haqidagi ma’lumotlar e’lon qilingach, o‘qishga kira olmagan ko‘plab abituriyentlar imtiyozlar borasida turli savollar bilan murojaat qilishmoqda. Huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyev o‘zining Telegram-kanalida shu haqda ma’lumot berdi. 

Foto: KUN.UZ

Har yili nogironligi bor shaxslar uchun OTMlar kesimida alohida kvota ajratiladi. OTMga hujjat topshirgan nogironligi bor shaxslar o‘sha kvota uchun kurashadi. Kim yuqoriroq ball to‘plasa, davlat granti asosida o‘qishga qabul qilinadi. Maxsus kvotaga balli yetmaganlar esa o‘zi to‘plagan ball bo‘yicha el qatori barcha bilan bellashishi kerak bo‘ladi.

Nogironlik imtiyozi hisobga olinmadimi?

Bu yil imtiyozlarning barchasi hisobga olingan, faqatgina yetarlicha ball to‘play olmagan abituriyentlar o‘qishga tavsiya etilmagan.

Nogironlik imtiyozi abituriyentga ball qo‘shib bermaydi. Imtiyoz bor degani, bu 100 foiz o‘qishga kiradi degani emas. Ko‘pchilik minimal o‘tish balli (56,7 ball)dan oshirsam bo‘ldi, men aniq o‘qishga kiraman, deb o‘ylamoqda. 

Aslida esa unday emas. Masalan, Toshkent tibbiyot akademiyasida nogironligi bor shaxslar uchun 29 ta qo‘shimcha davlat granti joyi ajratilgan bo‘lib, jami 835 nafar nogironligi bor shaxslar hujjat topshirgan. O‘tish balli esa 119,7 ball bo‘lgan.

Demak, nogironligi borligi uchun imtiyozga ega shaxslar Toshkent tibbiyot akademiyasiga hujjat topshirgan bo‘lsa, bu ular aniq shu yerga kiradi degani emas. 119,7 balldan oshirganlar grantga kirgan, bundan past ball to‘plaganlarga imtiyoz qo‘llanmagan.

Xotin-qizlarning 4 foizlik tavsiyanomasi-chi?

2022 yilda ham xotin-qizlarning davlat grantida o‘qishi uchun maxsus 2 mingtalik joy, ya’ni ko‘pchilikka 4 foizlik grant nomi bilan tanish bo‘lgan imtiyoz berildi. Ammo aksariyat abituriyentlar 4 foiz ball qo‘shilishi kerak edi, deb o‘ylayapti. 

Yo‘q, bu imtiyoz hech qanaqa ball qo‘shib bermaydi.

4 foizlik tavsiyanoma olgan xotin-qizlar uchun o‘tish balli yuqoridagi suratda ko‘rsatilgan. Mana shu balldan kam olganlarga imtiyoz qo‘llanmagan.

Bu yerda abituriyent topshirgan yo‘nalish qaysi fanlar guruhiga kirishi ham muhim. Afsuski, joriy yilgi taqsimlanish tufayli ba’zi hududlarda 68 ball bilan ham grantga kirishgan, 140 ball bilan ham tavsiya etilmagan.

«Qizil rangda belgilangan o‘tish ballarida «nedobor» bo‘lgan. Ya’ni garchi ko‘proq kvota ajratilgan bo‘lsa ham, 68 balldan kam to‘plaganlar hisobiga o‘sha kvotalar to‘lmay qolgan», — deya yozadi Xushnudbek Xudoyberdiyev.

Shuningdek, uning ta’kidlashicha, aynan shu yerda ijtimoiy adolat buzilgan. 

Joriy yilda xotin-qizlar uchun kvotalar nafaqat hududlar kesimida, balki ilk marta sohalar kesimida ham taqsimlandi. 

«Boshida bu to‘g‘ri qarordek ko‘ringandi, ammo natijalar chiqqach, katta xato bo‘lgani, ijtimoiy adolat prinsiplari buzilgani ko‘rinmoqda. 

Yuqoridagi postda tavsiyanomasi bor xotin-qizlar uchun o‘tish ballari ko‘rsatilgan. Ko‘rinib turibdiki, o‘tish ballarida o‘ta keskin tafovutlar ko‘rinmoqda

Masalan, Buxoroda 68,7 ball olgan abituriyent texnika fanlari yo‘nalishida grantga kirgan, ammo xuddi shunaqa tavsiyanomasi bor boshqa xotin-qizlar umumiy guruhda 150 ball bilan ham o‘qishga kira olmagan. Ularning yagona aybi, tanlagan yo‘nalishi imtiyoz ichida imtiyoz berilgan 3 ta guruhga taalluqli emasligida bo‘lgan. 

Bu adolatdan emas, menimcha. O‘zi kimlargadir imtiyozlar taqsimlanishi doim ijtimoiy adolat prinsipini savol ostiga qoldiradi. Imtiyozlilar ichidagi bunday jiddiy tabaqalanish noqulay vaziyatni yanada kuchaytarib yuboradi», — deydi u.

122 ta o‘rin to‘lmay qoldi, endi nima bo‘ladi?

Qayd etilishicha, abituriyentlar texnika fanlari bo‘yicha juda past o‘tish ballarini olishgan. Xususan, 9 ta hududda belgilangan kvota to‘lmagan. Tibbiyot va boshqa umumiy fanlarda esa o‘tish balli juda yuqori bo‘lgan.

«Mening hisob-kitoblarim bo‘yicha, xotin-qizlarga ajratilgan 2 mingta kvotadan 122 tasi to‘lmay qolgan. Xo‘sh, endi bu ochiq kvotalar nima bo‘ladi? Budjetga foyda bo‘ldi, deb ochiqligicha qoldiriladimi? G‘alati-ku. Shuncha yuqori ball olgan tavsiyanomali xotin-qizlar turganda bu ham adolatsizlik emasmi?

Xullas, sohalar kesimida kvotalarni bo‘lish masalasini jiddiy o‘ylab ko‘rish kerak emasmi?

Oldin kelishib olishimiz kerak, bizga texnika fanlari yo‘nalishida bir amallab 68 ball olgan (35 foizlik 2 baho darajasida biladigan), bilimi haminqadar bo‘lgan xotin-qizlar afzalmi, yoki boshqa fanlar yo‘nalishida 140-150 ball oladigan yuqori bilimga ega bo‘lgan xotin-qizlar afzalmi?

Shaxsan menga bilimlilar afzal. Soliq to‘lovchi sifatida budjet pullari bilimlilarga berilishini istayman. Yana ham kimga qanaqa bilmadim, bu shaxsiy fikrim», — deb yozadi huquqshunos.

Mavzuga oid