Jamiyat | 11:00 / 03.03.2020
13830
12 daqiqa o‘qiladi

«O‘zbekneftgaz» Qashqadaryoda press-tur o‘tkazdi

Foto: O‘zbekneftgaz

Joriy yilning 27-29 fevral kunlari «O‘zbekneftgaz» AJ tomonidan Qashqadaryo viloyatidagi neftgaz sohasida faoliyat yuritayotgan korxonalar, jumladan Sho‘rtan, Muborak neft-gaz qazib chiqarish boshqarmalari hamda Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasiga OAV uchun press-tur uyushtirildi. Unda Kun.uz muxbiri ham ishtirok etdi.

Press-turning ilk kunida OAV xodimlari Sho‘rtan neft-gaz qazib chiqarish korxonasiga tegishli bir nechta obektda bo‘lishdi hamda u yerda amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishishdi.

Sho‘rtan neft-gaz qazib chiqarish boshqarmasi – «O‘zbekneftgaz» AJ tarkibiga kiruvchi, O‘zbekistonda neft hamda gaz sohasida yetakchi ishlab chiqarish korxonalaridan biri hisoblanadi.

Boshqarmaning asosiy ishlab-chiqarish faoliyati quyidagilardan iborat:

  • gaz qazib olish va uni qayta ishlash;
  • neft qazib olish;
  • barqarorlashgan gaz kondensati ishlab chiqarish;
  • suyultirilgan gaz ishlab chiqarish;
  • oltingugurt ishlab chiqarish.

Sho‘rtan neft-gaz qazib chiqarish boshqarmasining tabiiy gazni qayta ishlovchi asosiy texnologik qurilmalari Bosh inshootning 140,27 gektar hududida joylashgan.

Hozirgi kunda Sho‘rtan neft-gaz qazib chiqarish boshqarmasiga qarashli 12ta gaz konlari mavjud bo‘lib, ularning 11tasi, «Sho‘rtan», «Janubiy Tandircha», «Buzaxur», «Sharqiy Buzaxur», «Chunag‘ar», «Tarnasoy», «Nomozboy», «Zafar», «Oydin», «Topichaksoy», «Yormoq» konlaridan gaz hamda gaz kondensati qazib chiqarilmoqda.

«Sho‘rtan» Bosh inshooti gazni qayta ishlash qurilmalarida Sho‘rtan neft-gaz qazib chiqarish boshqarmasiga qarashli gaz konlaridan tashqari «Gissarneftegaz», «Epsilon Development Company» hamda «Lukoyl-Uzbekistan Opereyting Kompani» MChJ qo‘shma korxonalari tomonidan yetkazib berilayotgan tabiiy gaz ham qayta ishlanadi.

2019 yilda «O‘zbekneftgaz» AJ umumiy reja ko‘rsatkichlari bajarilishida Sho‘rtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasining ulushi quyidagilardan iborat bo‘ldi:

  • gaz qazib chiqarish bo‘yicha – 26,8 %ni;
  • neft qazib chiqarish bo‘yicha – 30,6 %ni;
  • kondensat ishlab chiqarish bo‘yicha – 25,5 %ni;
  • propan-butan aralashmasini ishlab chiqarish bo‘yicha – 35,7 %ni;
  • oltingugurt ishlab chiqarish bo‘yicha – 0,6 %ni tashkil qildi.

Sho‘rtan neft-gaz qazib chiqarish boshqarmasida ishlatilayotgan mavjud texnologik qurilmalar bir necha o‘n yillardan buyon ishlatilib kelinayotgani sababli bugungi kunda ularni rekonstruksiya qilish, texnologik jihatdan yangilash, shuningdek, mahsulot ishlab chiqarishni ko‘paytirish maqsadida bir qancha investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda.

Press-turning ikkinchi kunida OAV xodimlari Muborak neft-gaz qazib chiqarish boshqarmasiga qarashli korxonalarga tashrif buyurishdi.

Muborak neft-gaz qazib chiqarish boshqarmasi ham O‘zbekneftgaz AJ tarmog‘idagi asosiy korxonalardan biri hisoblanadi. Uning asosiy ish faoliyati neft, gaz va gaz kondensati qazib olish, suyultirilgan gaz ishlab chiqarish bilan bog‘liq. Boshqarmaning asosiy ishlab chiqarish obektlari Qashqadaryo, Buxoro va Navoiy viloyatlarida joylashgan. Uning tarkibida qo‘yidagi obektlar mavjud:

  • 33ta kon, jami 1415ta neft va gaz qazib chiqarish quduqlari;
  • 7ta gaz siquv kompressor stansiyalari;
  • 36ta gaz haydash agregatlari (Ko‘kdumaloq, Zevarda, Alan, Pomuq, Janubiy O‘rtabuloq, Somontepa, Dengizko‘l, Muborak va boshqa konlar);
  • Mexanika ta'mirlash sexi, elektrokimyoviy himoyalash sexi, issiqlik elektr ta'minoti sexi, magistral gaz quvurlarni ishlatish bo‘limi, quduqlarni tadqiqot qilish uchastkalari.

Hozirgi kunda mamlakatimizda qazib olinayotgan suyuq uglevodorodlarning (neft, neftkondensat) 35 foizi, tabiiy gazning 30 foizdan ortiqrog‘i Muborak neft-gaz qazib olish boshqarmasi hissasiga to‘g‘ri keladi.

Boshqarma tarkibida 33ta gaz, neftkondensat va neft konlari mavjud bo‘lib, shulardan 25ta kon ishlab chiqarishda, 8ta kon konservatsiyada va qayta ishga tushirishi kutilmoqda.

Bugungi kunda boshqarma tasarrufidagi konlardan kunlik 49 million metr/kub tabiiy gaz, 2135 tonna kondensat va 312 tonna neft xomashyosi qazib olinmoqda. Qazib olinayotgan gaz va gaz kondensati D-1020 va 720 millimetr o‘lchamdagi quvurlarda jami 800 kilometr uzunlikdagi gaz quvuri orqali Muborak gazni qayta ishlash korxonasiga, suyuq uglevodorodlar D-273-219 millimetr o‘lchamdagi uzunligi 360 kilometr bo‘lgan quvurlar orqali Buxoro neftni qayta ishlash zavodiga yetkazib berilmoqda.

Boshqarma tomonidan 2017 yil 11 dekabrdan 30 dekabrgacha kuniga 400 ming metr/kub gazni tozalash va quritish quvvatiga ega bo‘lgan «Gazni tsioletli tozalash qurilmasi» ichki imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda Muborak NGQChB tasarrufidagi zaxirasi kam konlardan past bosimli tabiiy gaz qazib olish hamda uni Muborak tumani aholisini tabiiy gaz bilan ta'minlash maqsadida qurilgan. Qurilma sinovdan o‘tkazilib 2018 yil 9 fevraldan tabiiy gaz iste'molga uzatila boshlangan.

Qurilma ishga tushirilishi natijasida boshqarmada 25 nafar yosh mutaxassis qo‘shimcha ish o‘rni bilan ta'minlanadi.

Muborak neft-gaz qazib chiqarish boshqarmasi bosh muhandisi Begimqul Sultonovning Kun.uz'ga ma'lum qilishicha, boshqarma ichki imkoniyatlar evaziga Qashqadaryo viloyatining Muborak, Mirishkor va Kasbi tumanlari aholisini tabiiy gaz bilan ta'minlash ishlarini boshlagan.

— Muborak tumanida bosim pasayib ketgani tufayli konservatsiya qilingan va magistral gaz quvuriga gaz uzatish to‘xtatilgan tabiiy gaz quduqlari mavjud. Korxonamiz tashabbusi bilan ushbu quduqlar qayta ochilib, ulardan olinadigan gazni aholiga uzatyapmiz. Bunday quvurlardagi gazni tseolitli quritish va tozalash qurilmasi bunyod etildi. Ushbu qurilma bir kunda 300 ming kub gazni tozalab, aholiga yetkazib berishi mumkin.

Hozircha kuniga 100 ming kub gaz qayta ishlanib, Muborak tumani aholisiga berilmoqda. Yaqin vaqtda mana shunday kam bosimli konlardan olinadigan tabiiy gazni Mirishkor va Kasbi tumanlariga ham uzata boshlaymiz, — deydi Begimqul Sultonov.

Press-turning uchinchi kunida OAV xodimlari Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasida bo‘lib, ushbu korxona faoliyati bilan tanishishdi.

Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasi O‘zbekistonning janubiy-g‘arbiy qismida Qarshi qumliklarining cho‘l hududida joylashgan.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1996 yil 11 noyabrdagi 395-son qaroriga muvofiq «Polietilen ishlab chiqarish bo‘yicha Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasi»ni qurish bo‘yicha qaror qabul qilingan.

1998 yil 17 fevralda «O‘zbekneftgaz» MXK va dunyoga mashhur «ABB Lummus Global» (Germaniya), «ABB Soimi» (Italiya), «Mitsui & Co.Ltd», «Nissho Iwai Sorp.» va «Toyo Engineering So.» (Yaponiya) kompaniyalaridan iborat Konsorsium o‘rtasida «loyihalash, jihozlarni yetkazib berish, qurilish, ishga tushirish oldi sozlash ishlari va ishga tushirish» bo‘yicha shartnoma imzolangan. Majmua «O‘zbekneftgaz» kompaniyasining mustaqillik yillarida amalga oshirgan eng muvaffaqiyatli loyihalaridan biri bo‘lib, rekord darajadagi qisqa vaqtda amalga oshirilgan.

2002 yil avgustda ishga tushirish ishlari nihoyasiga yetgach, Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasida UzClear® tovar belgisi bilan birinchi «O‘zbek polietileni» ishlab chiqarilgan.

Zavod tarkibida: gaz va kondensat tayyorlash qurilmasi, kompressor stansiyalari, texnologik qurilmalar (gazni tozalash, quritish, etan, propan, butan ajratish, oltingugurt va polietilen ishlab chiqarish), shuningdek yordamchi obektlar, tovar parki, suv, havo va elektr ta'minoti xizmatlari mavjud.

Majmuada har yili quyidagi turdagi mahsulotlar ishlab chiqariladi:

  • 3,9 mlrd. metr/kub gaz xomashyosi;
  • 3,5 mlrd. metr/kub tovar gazi;
  • 125 ming tonnadan ortiq polietilen granulasi;
  • 100 ming tonnadan ortiq suyultirilgan gaz;
  • 100 ming tonnadan ortiq gaz kondensati;
  • 1,5 ming tonna oltingugurt granulasi;
  • 750 ming kvadrat metrdan ortiq alyumin kompozitli panellar;
  • 4,5 ming tonnadan ortiq polietilen quvurlar, shlanglar, ulovchi qism (fiting)lar va tomchilab sug‘orish tizimlari va boshqa turdagi mahsulotlar.

Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasi investitsiya bo‘yicha iqtisodchi mutaxassisi Feruz Norbo‘tayevning aytishicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 11 maydagi PQ-2965-sonli qarori va 2018 yil 3 fevraldagi PQ-3507-sonli qaroriga asosan bugun Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasining ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish bo‘yicha ishlar jadallik bilan olib borilmoqda.

Loyihaning asosiy maqsadi - uglevodorod xomashyosini qayta ishlashni chuqurlashtirish evaziga yuqori qo‘shimcha qiymatga ega bo‘lgan ishlab chiqarilayotgan polimer mahsulotlari turlarini ko‘paytirish orqali sohaning eksport salohiyatini yuksaltirish hamda import o‘rnini bosuvchi xomashyo materiallar ishlab chiqarishni ko‘paytirishdir.

Mazkur investitsion loyihani 2021 yil 4-chorakda ishga tushirish mo‘ljallangan. U ishga tushgach, sintetik suyuq yoqilg‘i ishlab chiqarish zavodidan keladigan yiliga 430,0 ming tonna sintetik nafta va tabiiy gaz tarkibidagi etanni qayta ishlash hisobidan qo‘shimcha 280 ming tonna polietilen, 100 ming tonna polipropilen, 50 ming tonnagacha piroliz distillyati ishlab chiqarish ko‘zda tutilgan. Jami yaratiladigan yangi ish o‘rinlar soni: 800tani tashkil etadi.

Loyiha doirasida, AQShning «Chevron Philips Chemical» (CiPiKem) kompaniyasi bilan loyihalanadigan korxonada yangi “MarTech®” bimodal polietilen ishlab chiqarish texnologiyasidan foydalanish huquqini beruvchi litsenziya shartnomasi, AQShning «CB&I»/«CB&I Novolen» (SiBi end Ay/Novolen) kompaniyasi bilan loyihalanadigan korxonada yangi etilen va polipropilen ishlab chiqarish texnologiyalaridan foydalanish huquqini beruvchi litsenziya shartnomasi imzolangan.

Bundan tashqari, Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasi tomonidan yurtimizning turli hududlarida ko‘plab korxonalar tashkil etilgan. Qashqadaryo viloyatidagi ip-kalava ishlab chiqaruvchi «Vohateks» MChJ, Xorazm viloyatidagi «Yangiariqplast» MChJ, Nukus shahridagi «Nukus polimer» MChJ, Navoiy EIZda «Poletilen quvurlar», «Polipropilen quvurlar» unitar korxonalari shular jumlasidandir.

Shuningdek, bugun Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasi mablag‘lari hisobidan qurilgan turli oziq-ovqat mahsulotlari va energiya tejovchi lampalar ishlab chiqaruvchi korxonalar muvaffaqiyat bilan ishlayapti. Qolaversa, majmua hisobida «Erkatoy» MTMning to‘rtta filiali, «Lochin» bolalar oromgohi, «Geolog» sport-sog‘lomlashtirish majmuasi ishlab turibdi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid