O‘zbekiston | 10:15
2059
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev xalqni birdamlik va bunyodkorlikka chaqirdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Navro‘z tantanalarida butun xalqqa murojaat qilib, yurtdoshlarni birdamlik, ahillik va bunyodkorlik ruhida yashashga da’vat etdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Davlat rahbari o‘z murojaatida yurtning go‘zal tabiati, saxovatli zamini va betakror boyliklarini alohida ta’kidlab, ularni asrab-avaylash va oqilona foydalanish muhim ekanini qayd etdi.

Prezident ta’kidlaganidek, xalq asrlar davomida mehnatsevarligi, bag‘rikengligi va oliyjanobligi bilan ana shu bebaho ne’matlarni saqlab kelmoqda. Ushbu boyliklarni qadrlab, ulardan samarali foydalanilsa, mamlakat farovonligi yanada ortishiga ishonch bildirildi.

Shavkat Mirziyoyev azaliy an’analarni davom ettirib, ko‘chat ekish, bog‘lar barpo etish, mahalla va uylarni obod qilish orqali hayotni yanada go‘zal va farovon etishga chaqirdi.

Shuningdek, davlat rahbari yaxshi qo‘shnichilik, ahillik va o‘zaro hurmatni mustahkamlash, ezgu ishlar orqali xalqning yuksak fazilatlarini namoyon etish muhimligini ta’kidladi.

Prezident yoshlarga ham alohida murojaat qilib, ularni zamonaviy bilim, til va kasblarni egallashga, barkamol avlod bo‘lib yetishishga chaqirdi.

Qayd etilganidek, yagona vatan va yagona xalq bo‘lib, birgalikda yangi hayot, yangi tarix va yangi kelajak yaratish har bir yurtdoshning eng muhim vazifasidir.

Davlat rahbari so‘zining yakunida barcha yurtdoshlarni Navro‘z bayrami bilan yana bir bor tabriklab, ularga tinchlik, baxt va farovonlik tiladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid