O‘zbekiston | 16:12 / 09.04.2021
8735
2 daqiqa o‘qiladi

Sog‘lom bo‘lishning «dorisi»ni topgan 101 yoshli Pirnazar bobo. U hamon tomorqada mehnat qiladi

Navoiy viloyatining Karmana tumanida yashovchi Pirnazar bobo Turdiyev 1920 yilda tavallud topgan. Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi bo‘lgan bobo shu yoshda ham tomorqasidan beri kelmaydi.

Erta bahordan ketmonini olib, yerga o‘zi ishlov beradi. Ro‘zg‘orga kerakli mahsulotlarni ekib, yetishtiradi. 101 yoshli boboning g‘ayrati yigitlarnikidan kam emas.

«Kartoshkani 15 fevralda ekuvdik. Bola-chaqa yeyishga muyassar bo‘lsin deyman-da. 30 tupga yaqin anor, 15 tup anjir daraxtim bor. Sovuq urmasligi uchun qishda ularni ko‘mamiz. Yaqinda ularni ochdim. Olma, o‘rik, gilos, qaroli daraxtlarim ham bor. Shularga qarayman.

Yerni ag‘darib, nuri solib, ekishga tayyorlab beraman. Sog‘lom bo‘lishning «dorisi» – mehnat. Odam mehnat qilsa, chidamli bo‘ladi», – deydi Pirnazar bobo.

Karmanalik ijodkor, boboning jiyani Shoyim Shernazarning ma'lum qilishicha, Pirnazar bobo yoshligida baquvvat yigit bo‘lgan. Maktabdan qaytayotganda NKVDning xodimlari ko‘rib qolib, olib ketishgan va urushga jo‘natib yuborishgan ekan.

Pirnazar bobo Stalingrad, Ukraina, Belarus, Polsha, Germaniyadagi janglarda ishtirok etgan. Urushdan keyin esa 40 yil xo‘jalikda temirchi bo‘lib ishlagan.

Bugun boboning 2 farzandi, 8 nafar nevarasi, 16 nafar chevarasi hamda 4 nafar evarasi bor. Pirnazar bobo ularni ham doim mehnat qilishga undab keladi.

Mavzuga oid