O‘zbekiston | 13:31 / 08.06.2021
32109
3 daqiqa o‘qiladi

Endi yer faqat auksion orqali sotiladi yoki ijaraga beriladi – prezident

Prezident Shavkat Mirziyoyev bundan buyon tuman hokimlari tomonidan yer ajratish to‘xtatilishini, bu ishlar faqat auksion orqali amalga oshirilishini ma'lum qildi. Bu haqda davlat rahbari qishloq xo‘jaligi, tadbirkorlik va xizmatlarni rivojlantirish orqali aholi bandligini ta'minlash, shuningdek chorva, parranda va baliq mahsulotlarini ko‘paytirish bo‘yicha vazifalar ijrosiga oid videoselektor yig‘ilishida aytib o‘tdi.

«Bu masala mohiyatini tushunmasalaring, so‘ranglar va anglab olinglar. Katta tizimga tushyapmiz, har bir viloyat va tuman hokimi bu masalani tushunib olib, jiddiy kirishsa, ishsizlar soni keskin kamayadi.

Bundan buyon yer berish man etiladi, yer faqat auksionda sotiladi yoki ijaraga beriladi. Yer oladigan odam haloli bo‘lsin, oshkora sotib olsin. Tuman hokimlari tomonidan yer ajratish to‘xtatiladi. Yer faqat prezident tomonidan beriladi», deya davlat rahbarining so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Yig‘ilishda 2ta muhim masala muhokama qilinishi ma'lum qilingan.

«Birinchi masala – qishloq xo‘jaligi, tadbirkorlik va xizmatlarni rivojlantirish orqali aholi bandligini ta'minlash bo‘yicha berilgan topshiriqlar.

Ikkinchi masala – chorva, parranda va baliq mahsulotlarini ko‘paytirish bo‘yicha vazifalar ijrosi.

Joriy yilda bandlik dasturi doirasida 457 mingta doimiy yangi ish o‘rinlarini tashkil etish ko‘zda tutilgan.

Tadbirkorlik, xizmat ko‘rsatish va qishloq xo‘jaligi bo‘yicha qabul qilingan qarorlar ijrosini ta'minlab, yangi ish o‘rinlarini 1,5-2 baravar oshirish mumkin. Buning uchun barcha tashkiliy va moliyaviy masalalar hal qilib berilgan», degan davlat rahbari.

Prezident yer uchastkalarini ajratish masalasini hal qilish bo‘yicha farmonni imzolagani haqida aytib o‘tgan.

«Yer uchastkalarini ajratish masalasini hal qilish bo‘yicha farmonni imzoladim. Endi, tadbirkorlik uchun yerlarni to‘g‘ridan to‘g‘ri va tekinga berish amaliyotidan butunlay voz kechiladi va yerlar hamma uchun bir xil va oshkora, elektron auksion orqali xususiy mulk qilib sotiladi yoki ijaraga beriladi. Tuman va shahar hokimlarining yer ajratish va ularni qaytarib olish bilan bog‘liq barcha vakolatlari bekor qilindi.

Bosh prokuror Yo‘ldoshev va bosh vazir o‘rinbosari G‘aniyev boshchiligidagi kengash farmonni amaliyotga joriy etish, ijrosini tashkil etish va nazorati bilan shug‘ullanadi», degan prezident.

Mavzuga oid