4 yilda 430 ta ko‘chmas mulk obekti kompensatsiya berilmasdan buzib tashlangan - Adliya vazirligi
Nihoyat bu masalani bevosita qonun bilan tartibga solishga harakat boshlandi. “Yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqilmoqda.
2016–2020 yillarda O‘zbekiston bo‘ylab 430 ta ko‘chmas mulk obekti tegishli tartibda kompensatsiya berilmagan holda buzib tashlangan, deb ma'lum qildi Adliya vazirligi.
Vazirlikka ko‘ra, 2016–2019 yillarda davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalari olib qo‘yilishi munosabati bilan 6 479 ta mulk buzilgan. Shundan mulk egalariga 335,6 mlrd so‘m kompensatsiya puli to‘lab berilmagan. 2020 yilda esa buzilishi nazarda tutilgan 263 ta mulkning qiymati 99,4 mlrd so‘mni tashkil etgan.
Adliya organlariga mulk huquqi buzilishiga oid 2019 yilda 626 ta, 2020 yilda 88 ta, 2021 yilda 3 ta shikoyat kelib tushgan.
Vazirlik hisobotida so‘nggi besh yilda 846 holatda ko‘chmas mulk obektlari ularning mulkdorlarini xabardor etmagan holda buzib tashlangani, 1388 holatda mulkdorlarni xabardor qilish muddati buzilgani, 1244 holatda ko‘chmas mulk obektlari baholanmagan holda buzib tashlangani keltiriladi.
Adliya vazirining matbuot kotibi Sevara O‘rinboyevaning Kun.uz'ga ma'lum qilishicha, sohadagi qonunbuzilish holatlariga chek qo‘yish, xususiy mulk daxlsizligini yanada mustahkamlash maqsadida ayni paytda Adliya vazirligi tomonidan tegishli idoralar bilan hamkorlikda “Yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqilmoqda.
Qonun loyihasida quyidagilar nazarda tutilmoqda:
- yer uchastkasi olib qo‘yiladigan holatlarning qat'iy ro‘yxati;
- mulkdorlar bilan avvaldan muhokama va rozilik olish tartibi;
- uy-joyni bo‘shatib qo‘yish muddati (kompensatsiya to‘langandan keyin 6 oygacha);
- keltirilgan noqulaylik uchun mulk qiymatining 5 foizi miqdorida to‘lov;
- to‘lov kechiktirilganda indeksatsiya qilish;
- kompensatsiyaga turar joy berishda ijtimoiy normani hisoblash;
- mulkni erkin tasarruf etishiga to‘sqinlik qiluvchi xatti-harakatga yo‘l qo‘ymaslik.
Ta'kidlanishicha, Adliya vazirligi tomonidan o‘tkazilgan o‘rganish natijalariga ko‘ra, yer uchastkasining davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilishi munosabati bilan 3908 ta holatda fuqarolarning uchastkalarini olib qo‘yishda qonun hujjatlariga rioya etilmagan.
Yer uchastkalarini olib qo‘yish munosabati bilan, mulkdorlarga 486 mlrd 512 mln so‘m kompensatsiya mablag‘lari to‘lab berilgan, 273,8 gektar yer uchastkalari ajratilgan. Amalga oshirilgan ishlar natijasi bo‘yicha Prezident Administratsiyasi va Hukumatga tegishli takliflar kiritilgan.
Mavzuga oid:
Mavzuga oid
18:54 / 25.10.2024
O‘zbekistonda sotilgan eng qimmat va antikvar avtomobil haqida ma’lumot berildi
20:50 / 07.08.2024
O‘zboshimcha egallangan yer qanday qonuniylashtiriladi? Yangi qonun bo‘yicha mutaxassis bilan suhbat
09:43 / 24.07.2024
Korporativ munosabatlarning huquqiy asoslari yanada takomillashtirilmoqda
21:55 / 16.07.2024