Jamoatchilikka berilayotgan ma'lumotlardagi bunday qisqartirish vazirlik statistikasida xatolar borligiga ishora qiluvchi tanqidiy maqoladan keyin ro‘y berdi.
Bundan tashqari, faol jamoatchilik tomonidan yuritilayotgan o‘lim statistikasi vazirlik statistikasidan tobora farq qila boshlashi fonida, SSV vafot etganlarning ism-familiyasi bosh harflari, jinsi, yoshi, qayerda yashagani haqidagi ma'lumotlarni e'lon qilishni ham to‘xtatdi.
22 sentabr kuni Daryo.uz e'lon qilgan maqolada yozilishicha, Toshkent viloyatida koronavirusga chalingan yuzdan ortiq bemorlar kasallik qayd etilganidan bor-yo‘g‘i 2–3 kun o‘tib «sog‘ayib chiqa boshlagan».
«Hozircha viloyat SSB erishgan yutuqlari bo‘yicha bong urgani yo‘q, ammo Sog‘liqni saqlash vazirligining har kunlik hisobotlarini taqqoslagan holda Toshkent viloyatida bemorlar juda ham tez davolanayotganini kuzatish mumkin», – deb yozadi nashr.
Ma'lum bo‘lishicha, rasmiy statistikaga asoslangan hisob-kitoblardan quyidagi xulosa kelib chiqadi: Toshkent viloyatida 14 sentabr soat 23:30gacha go‘yo 11 sentabr va undan oldin kasallikka chalinganlarning barchasi tuzalgan hamda 12 sentabr kuni COVID-19 qayd etilganlarning kamida 29 nafari oradan 2 kun o‘tib sog‘aygan.
Yoki bo‘lmasa, rasmiy statistikaga ishonilsa, viloyatda 10 sentyabrda koronavirusga chalinganlardan 130dan ortig‘i 2 kun ichida tuzalgan bo‘lib chiqyapti.
Toshkent viloyatida bemorlar nafaqat 2 kunda, balki 3 kunda sog‘aygani bo‘yicha ham kamida 2ta misol bor.
«Bemorlarning 2–3 kunda davolanish tendensiyasi avgust o‘rtalaridan buyon davom etmoqda. Bir oy ichidagi istalgan 4 kunni olib, o‘zingiz ham taqqoslab, bunga amin bo‘lishingiz mumkin», – deyiladi maqolada.
Qayd etilishicha, Toshkent viloyati statistikasida keltirilgan raqamlarni solishtirganda, kimdir kasallanganlar va sog‘ayganlar o‘rtasidagi «balansni saqlash» uchun raqamlarni «chizib o‘tirgandek» tasavvur uyg‘onadi.










