Shu kunlarda «Xalq so‘zi» gazetasining onlayn nashrida ham «Bor holatni yashirishdan kim manfaatdor — O‘zbekistonda koronavirusni yuqtirganlarning aniq soni qancha?» sarlavhali maqola e'lon qilingan, unda Qashqadaryo viloyati misolida Sog‘liqni saqlash vazirligi va viloyat miqyosida e'lon qilinayotgan faktlar bir-biriga mos kelmayotgani bildirilib, rasmiy statistika shubha ostiga olingan edi.

Vaziyatga oydinlik kiritish uchun Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi rahbari Furqat Sanayev bilan bevosita suhbat uyushtirdik.

– Furqat aka, tan olish kerak, rasmiy statistikaga ko‘pchilik shubha bilan qarayapti. Bu boradagi fikrlarni o‘zingiz, qolaversa rahbariyat bilan kuzatib boryapsizlarmi?

– Albatta, faoliyatimiz davomida aholi orasida, xususan virtual olamda kechayotgan muhokamalarni kuzatish muhim o‘rin tutadi. Bugun ayrim ijtimoiy tarmoqlarda koronavirusdan davolanayotganlar soni Sog‘liqni saqlash vazirligi berib borayotgan rasmiy statistikadan ko‘ra ko‘proq ekani haqida aytilmoqda.

Bir narsani boshidanoq aytishni istardim – SSV raqamlarni yashirishdan umuman manfaatdor emas. Qolaversa, shaxsan davlat rahbarining o‘zi bu borada aniq ma'lumot berish zarurligini alohida eslatib qo‘ygan. Biz ham davlat rahbarini, ham xalqni aldab nima qildik?

Endi bevosita shubhalar tug‘ilishi sabablarini yana bir bor eslatib o‘tsam.

Eng avvalo, shuni bilishimiz kerak, koronavirus bilan bog‘liq statistikaga faqat maxsus laborator tibbiy tekshiruvlar orqali kasalligi tasdiqlangan bemorlargina kiritiladi.

Kasallikning ayrim simptomlari mavjud bo‘lib, kasallik gumon qilingan, lekin infeksiya tasdiqlanmagan, shuningdek, pnevmoniyaga chalingan yoki unga ham gumon qilingan bemorlar, tabiiyki, umumiy rasmiy statistikada hisobga olinmaydi. Ammo yuqumli kasalliklarga ixtisoslashgan va yurtimizning qator hududlarida tashkil etilgan Saralash va taqsimlash markazlarida bunday bemorlar ham statsionar sharoitda davolanishlari uchun zarur sharoitlar muhayyo qilingan. Hozirda ular shunday maskanlarda davolanishmoqda.

– Lekin raqamlar baribir o‘z so‘zini aytyapti, aynan o‘sha markazlardagi bemorlar soni ancha yuqoriligi ko‘z yumib bo‘lmaydigan fakt.

– To‘ppa-to‘g‘ri. Biz ham bu faktdan ko‘z yumish istagida ham emasmiz. Yuqorida aytganimday hududlardagi saralash va taqsimlash markazlarida davolanayotgan bemorlar soni o‘sha joydagi koronavirusdan kasallanganlarning rasmiy sonidan ortiq ekani ham muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.