Jamiyat | 21:33 / 04.04.2022
29277
11 daqiqa o‘qiladi

“Siyosiy tafakkurgina o‘z atrofida turli fikr va dunyoqarash egalarini birlashtira oladi” – Faylasuf Viktor Alimasov bilan katta intervyu 

Faylasuf Viktor Alimasov falsafa, fikr va so‘z erkinligi, siyosiy plyuralizm hamda o‘zbek jamiyatining qator muammolari haqida Kun.uz’ga intervyu berdi.

Quyida faylasufning o‘zbek jamiyati borasida falsafa prizmasi orqali qilgan tahlillari va tavsiyalari bilan tanishishingiz mumkin.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

— Falsafa nima o‘zi? 

Sizni falsafa borasida yozganFalsafa yoxud fikrlash chanqog‘i”, “Falsafa yoxud fikrlash lazzativaFalsafa yoxud fikrlash san’atinomli asarlaringiz bor. Balki javob asarlaringiz nomi va ketma-ketligida hamdir.

— Inson mavjud ekan hayotning ma’nosi, umrini nimaga sarf qilayotgani va yon atrofida bo‘layotgan masalalar to‘g‘risida fikr yuritadi. Demak, falsafa insonga har doim kerak.

Ha, ba’zan falsafa kerakmi yoki yo‘q, degan savol instinktiv tarzda xayolimizdan o‘tadi. Biz bu to‘g‘risida professional fikrlab o‘tirmasligimiz mumkin, lekin bilamizki, falsafasiz yashash qiyin, falsafasiz yashash mumkin emas. Negaki, yuqoridagi savollar inson tafakkurini o‘ziga maftun etib kelgan va ularga javob izlagan.

Ba’zilar “har bir inson faylasuf” deydi. Ha, to‘g‘ri, kimdir ko‘proq, kimdir kamroq faylasuf. Lekin u doim falsafiy muammolar va azaliy muammolar haqida bosh qotirishga majbur. Antik davrmi yoki hozirmi, umrning mohiyati nima degan savol insonni har dam bezovta qilib keladi. Ana shuning uchun ham falsafa kerak.

Yunonchadan olingan bu so‘z (filosofiya) “filo” – “sevish” “sofiya” esa “donishmandlik” ma’nolarini anglatadi. Shu ma’noda falsafani ayrimlar donishmandlikni sevish deya tushuntiradi. Lekin falsafa faqat bu etimologiyadangina iborat emas. Bu insonning fikrlashi, mushohada qilishi va qalbida kechayotgan kechinmalarni boshqalarga oshkor qilishi, ginesologiya tajribalari bilan ham bog‘liq. Xullas, hayotdagi hamma narsa ma’lum ma’noda falsafaga borib taqaladi.

— Ayrimlar falsafani sofistika, ya’ni yo‘qni bor, borni esa yo‘q sifatida aytish, ko‘rsatish bilan bog‘lashadi.

— Bu Suqrot davridan buyon takrorlanib kelayotgan ibora. Ba’zi insonlar bema’ni fikrlarni gapirar, o‘ylar ekan, bu sofistikani keltirib chiqaradi. Bunday olsangiz, chindan ham falsafaning ko‘p mavzulari, talqinlari hayotga joriy qilinavermaydi. Aynan hayotga joriy qilinmaydigan ayrim fikrlari uchun ham falsafani safsata deyishadi. Ha, safsataga yaqinlik falsafaga xos xislat. Bundan qochish kerak emas. Negaki, fikrlayotgan inson o‘zining haq ekanini hech qachon isbotlay olmaydi. Bunga da’vogar bo‘lishi mumkin emas. Shu nuqtayi nazardan bizning har bir fikrimiz soxta. Tafakkur bilan uning manbasi o‘rtasida juda katta farq mavjud.

Biz stolning ustida fikrlashar ekanmiz, fikrlarimiz aynan stolning o‘zi emas. Bunday bo‘lmaydi. Aks holda fikrlarimiz – sub’yektiv narsa, obekt – stolning o‘zi bo‘lib qoladi.

Natijada ular o‘rtasida farq qolmaydi. Yo‘q, fikrlarimiz sub’yektiv va u har doim adashishi mumkin. Har doim noto‘g‘ri, chalkash bo‘lishi mumkin.

Shu nuqtayi nazardan chindan ham falsafada safsataga moyillik kuchli.

— Falsafa va fan o‘rtasida qanday farq bor?

Tafakkur rivojlanish jarayonida ikki narsa falsafani bir-biridan farqlaydigan jihatini ayon qilib qo‘ydi. Ularning birinchisi – falsafa yuqorida aytganimdek, donishmandlik ilmi. Bu – erkin fikr, fikrlash san’ati, fikrlash madaniyati degani.  

Ikkinchisi, falsafani ilm-fanga yaqinlashtirish tendensiyasi yuzaga keldi.

Tarixda Suqrot va Aristotel jamiyatga yaqinlashtiradigan muammolar haqida fikrlab, falsafani ijtimoiy borliq va ijtimoiylikka olib borib qo‘yishdi. Natijada falsafaning ijtimoiylik bilan bog‘liq jihatlari ilm-fan sifatida shakllana boshladi.

Ayniqsa, yangi davr falsafasi falsafani sxolastikadan xoli qildi va o‘z navbatida ilmga yaqinlashtirib qo‘ydi.

Ilm nima degani? Ilm bu – ijtimoiy ehtiyojlarni qondirish degani. Ijtimoiy ehtiyoj esa jamiyat uchun zarur bo‘lgan narsalarnigina o‘rganadi, boshqa narsani esa o‘rganmaydi.

Ijtimoiylik ehtiyojlarida avtoritetga sig‘inish, yirik odamlarning fikrlariga tayanish, ularning fikrlaridan kelib chiqish tendensiyasi nihoyatda kuchli.

Ilm-fanda dogmatika bor. Unda ilmiy dogmatikaga tayanish juda kuchli. Unda yo‘l-yo‘riq ko‘rsatuvchi shaxslar bor. Olimlar davrasi, ilmiy kengashlar, oliy attestatsiya komissiyasi bor. Bular ilm-fanning doirasini, mavzularini belgilab beradi. Ilm ana shu doiradagina rivojlanishi mumkin.

Ilmiy falsafa ham shunday. Ammo erkin falsafa bularning hammasini rad qiladi. Istalgan mavzu erkin falsafaning mavzusi bo‘lishi mumkin. Hatto antiutopik g‘oyalar ham. Unga olimlarning da’volari, ilmiy doiralarning muhokamalari kerak emas. Unga fikrni aytish kerak. U doirasini va mavzularini erkin tanlay oladi.

— Hozir falsafa qayoqqa qarab boryapti?

— Falsafa insondagi ichki salohiyatni namoyon etish tomonga siljiyapti. Chunki biz shu paytga qadar uni siyosiy tizimlarga, ijtimoiy ehtiyojlarga va ma’lum doiradagi qarashlarga bog‘lab keldik. Endi esa falsafa har bir shaxsning qalbidagi fikrni erkin bildiradigan doiraga o‘tishi kerak. U shu doiraga o‘tgan taqdirdagina inson bilan yaqinlashadi. Falsafaning gumanistik mohiyati ham shunda.

Falsafa kelgusida insonga yaqinlashish sari qadam otaveradi.

— “Hayotiy shiorim fikr, hikmat izla, fikr, hikmat topmagan kuning abas ketgay, abas”, degandingiz maqolalaringizdan birida. Umuman, insonni va jamiyatni fikrlashga qanday o‘rgatish kerak?

— Bu juda og‘ir va shu bilan birga hammani faylasuf qilaman, degan tendensiyadan kelib chiqilgan savol. Vaholanki, hammani olim, hammani fozil qilolmaysiz. Buning iloji yo‘q. Buni Farobiy ham orzu qilgandi, lekin bu ilojsiz. Hatto har bir insonning qalbida faylasuflikka ishtiyoq, intilish yotgan taqdirda ham.

— Men hammani faylasuf qilish haqida emas, jamiyatning umumiy bilim darajasini oshirish haqida gapiryapman. Chunki jamiyatlarning ham bilim darajasi turlicha bo‘ladi.

— Gap qalb faylasuf bo‘lishida. Masalan, Suqrot, Platon, Aristotel, yangi davrda Dekart yoki Gegelning falsafada biror darajasi bo‘lmagan. Qandaydir darajaga ega bo‘lish insonning faylasuf bo‘lganini bildirmaydi. Siz ko‘tarib yurgan diplom payti keladiki, hech narsaga arzimaydi. Chunki inson faylasuflikka qadar ma’lum bosqichlarni bosib o‘tishi, ma’lum qiyinchiliklarni totishi kerak.

Shopengauer aytadi: inson qirq yoshigacha romanlar yozadi, qirqdan keyin romanlarga izohlar yozadi. Izoh bu – falsafa.

— Jamiyatning kayfiyati og‘ir, tushkun bo‘lganda, ziyolilar unga yangi xarakter yuqtirishi kerak. Xo‘sh, bizning ziyolilar, faylasuflar jamiyatga kayfiyat bera olishga qodirmi? Umuman, bugungi jamiyatning kayfiyati haqida nima deysiz?

— Savolingiz o‘rinli, lekin undan ilmiy dogmatikaning hidi kelyapti. Yuqorida aytganimdek, ilm-fanda ham dogmatika bor. Dinda qanday dogmatika bo‘lsa, ilm-fanda ham shunday dogmatika bor. Dogmatik fikrlar ziyolilar jamiyatni boshqaradi, deydi.

Yo‘q, bunday emas. Men ziyolilarning biror jamiyatni boshqarganini yoki g‘olib chiqqanini bilmayman.

— Ular jamiyat muammolarini hal qilish, yechimlar topishda o‘z bilimidan kelib chiqqan holda tavsiyalar berib turishi kerak-ku.

— Tavsiyalarga amal qiladiganlar boshqa toifa. Aniqrog‘i buni siyosiy kuchlar, davlat hal qiladi. Davlat nihoyatda katta kuch sifatida jamiyatning qaysi tomonga borishini belgilab beradi. Buni faylasuflar qilolmaydi.

Faylasuflar davlatni boshqarsin, degan g‘oya Platondan qolgan. Chunki uning mol-mulki demokratlar tomonidan musodara qilingandi. Shuning uchun ham Platon davlatning boshiga kelishni orzu qilardi. Bu Platonning kratologik yondashuvi.

Bilib qo‘ying, jamiyatni boshqarib obro‘ topib turgan, uni takomillashtirgan faylasuf borligini men bilmayman.

— Bugungi jamiyatning kayfiyati haqida nima deysiz?

— Bugun nafaqat jamiyatimiz, balki dunyo yangi davrga o‘tish arafasida. Biz avvalgi tasavvur, qadriyatlardan voz kechishga yoki ularni qayta baholashga majbur bo‘lyapmiz.

Bugun Ukrainada Rossiya tomonidan qilinayotgan ishlar bizni butunlay boshqa dunyoga olib kirdi.

Bizni Amerika Qo‘shma Shtatlarining gegemonistik siyosati ham ikkilantirib qo‘ydi. Ishonchim komil, tez orada bu gegemonizmdan darak ham qolmaydi. Chunki biz totalitar boshqaruvning sanoqli kunlar, sanoqli haftalarda yo‘qolib qolayotganini ko‘rmoqdamiz.

O‘ylashimcha, mana shunday keskin davr falsafa kerakmi, degan savolni yana o‘rtaga chiqaradi. Negaki, falsafa ayni shu savollarga javob berishi kerak.

Ha, ziyolilar ayni shunday savollarni kun tartibiga qo‘yishi kerak. Davlatning tepasidagilar esa jamiyat qo‘ygan savollarga javob, yechim izlashi va yangi bosqichga o‘tishi zarur.

O‘ylashimcha, biz endilikda gegemonizmni, avtoritetlarni va mol-davlatni emas, plyuralizmni yo‘lini tutamiz. Umid qilamanki, biz endilikda erkin fikrli shaxslar ortidan ergashadigan jamiyat bo‘lamiz. Ishonchim komil, biz kelgusida mansabi, mol-mulki borlar ortidan emas, odamlarni o‘ziga ishontira oladigan, yangicha fikrlovchi va shunga o‘rgatuvchi shaxslar ortidan ergashamiz.

— Biz sekulyar, ya’ni dunyoviy davlatmiz. Lekin bugun o‘zbek jamiyatida diniy va dunyoviy dunyoqarash egalari o‘rtasida qandaydir bo‘linish, muammo yuzaga chiqayotgandek. Hamma o‘z qarashlarini ilgari surishga intilmoqda.

Xo‘sh, barcha qatlamining ehtiyojlari ta’minlangan jamiyat qanday yaratiladi?

— Fikrimcha, bu ko‘proq siyosiy tafakkurga borib taqaladi. Kuchli siyosiy tafakkurgina o‘z atrofidagi turli fikrlar va dunyoqarash egalarini birlashtira oladi. Jamiyat shundagina birlashadi, rivojlanadi.

Biz plyuralizmdan qo‘rqmasligimiz kerak. Biz unga qarshi turgan oqimlardan qo‘rqishimiz kerak. Erkin jamiyatda plyuralizm bo‘lishi shart.

Intervyuni to‘liq holda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Ilyos Safarov suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Abduqodir To‘lqinov.

 

Intervyuni yozib olishda ko‘rsatgan yordami uchun «MFaktor» jamoasiga o‘z minnatdorchiligimizni bildiramiz.

Mavzuga oid