O‘zbekiston | 13:25 / 15.11.2025
2474
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston va Qozog‘iston prezidentlari qo‘shma bayonot hamda qator muhim hujjatlar imzoladi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev samarali muzokaralar yakunida Qo‘shma bayonot hamda ikki tomonlama hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan qator muhim hujjatlarni imzoladi. Tashrif doirasida savdo, investitsiya, suv resurslari, mudofaa, sog‘liqni saqlash, turizm, yoshlar siyosati va shaharlar o‘rtasidagi aloqalarni chuqurlashtirishga qaratilgan bitim va memorandumlar qabul qilindi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Samarali muzokaralar yakunida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev Qo‘shma bayonotni imzoladi.

Davlat rahbarlari, shuningdek, Oliy Davlatlararo kengash doirasida geologiya, nodir yer metallarini qazib olish, transchegaraviy daryolar oqimini prognoz qilish bo‘yicha ikki tomonlama ishchi guruhlarni tuzish, O‘zbekiston va Qozog‘iston hududlari rahbarlarining Kengashini tashkil etish to‘g‘risidagi qarorlarni qabul qildi.

Tashrif doirasida ikki tomonlama hamkorlikni yanada kengaytirishga qaratilgan bir qator muhim hujjatlar imzolandi. Jumladan:

  • Transchegaraviy suv obektlarini birgalikda boshqarish va ulardan oqilona foydalanish to‘g‘risidagi bitim;
  • Bojxona xizmati vakolatxonalarini ochish to‘g‘risidagi bitim;
  • Chegaraoldi hududlarda yerusti radio xizmatlari tomonidan fuqarolik maqsadlarida foydalaniladigan radiochastotalarni o‘zlashtirishni muvofiqlashtirish to‘g‘risidagi bitim;
  • Qo‘shma harbiy o‘quvlarni o‘tkazish to‘g‘risidagi bitim;
  • Qo‘shma investitsiya platformasini yaratish to‘g‘risidagi hadli bitim;
  • 2026–2027 yillarga mo‘ljallangan turizm sohasida hamkorlik bo‘yicha qo‘shma harakatlar rejasi;
  • Adliya vazirliklari o‘rtasida 2025–2026 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi;
  • Tog‘-kon sanoatida hamkorlikni rivojlantirish to‘g‘risidagi memorandum;
  • O‘zbekiston Yoshlar ishlari agentligi va “Assambleya jastary” jamoat birlashmasi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi memorandumi;
  • Sog‘liqni saqlash vazirliklari o‘rtasida ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatish sohasida o‘zaro anglashuv memorandumi;
  • Tibbiy sug‘urta jamg‘armalari o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi;
  • Toshkent shahar hokimligi va Ostona shahar hokimligi o‘rtasida hamkorlik bitimi;
  • “O‘zbekneftgaz” va “Kazmunaygaz” aksiyadorlik jamiyatlari o‘rtasida hamkorlik bitimi.

Imzolangan hujjatlar savdo, investitsiya, suv-energetika, mudofaa, sog‘liqni saqlash, turizm, yoshlar siyosati va shaharlar o‘rtasidagi aloqalarni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilishi qayd etilmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid