O‘zbekiston | 12:20 / 05.04.2022
2129
2 daqiqa o‘qiladi

YeTTB Xorazmning qadimiy yodgorliklarini saqlashga ko‘maklashadi 

Foto: Xorazm Ma’mun akademiyasi

Xiva shahrida Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining (YeTTB) umumlashgan madaniy meroslar dasturi doirasida «Loy arxitekturasini saqlash» mavzusida seminar-trening boshlandi.

Foto: Xorazm Ma’mun akademiyasi

Xorazm Ma’mun akademiyasi bilan hamkorlikda o‘tkazilayotgan ilmiy-amaliy anjumanda olimlar va tarixiy–me’moriy yodgorliklarni saqlash, ta’mirlash hamda targ‘ib qilish bilan shug‘ullanuvchi mutaxassislar  ishtirok etmoqda.

Seminarda Xivadagi loydan qurilgan qadimiy yodgorliklarni asrash bo‘yicha amaliy jarayonlarga e’tibor qaratilgan. Ushbu yodgorliklarning devorlari atmosfera ta’siridan himoyalanmagan bo‘lib, 2500-3000 yil davomida yomg‘ir, shamol, qor va quyosh ta’sirida ochiq holda turibdi. Noqulay ekologik sharoitda devorlar yemirilib, yoriqlar paydo bo‘lgan, buzilishni boshlagan.

Foto: Xorazm Ma’mun akademiyasi

Xiva shahridagi gil xomashyodan, xom g‘isht va paxsadan bunyod etilgan «Deshon qal’a» devorlarining ba’zi qismlarini konservatsiya qilish, qayta tiklash hamda to‘g‘ri ta’mirlash bo‘yicha yangi texnologiyalardan foydalanish imkoniyatlari o‘rganilmoqda. YeTTB ushbu jarayonlarga sarmoya kiritishni rejalashtirgan.

«YeTTB Xivadagi madaniy meros obektlarini asrab-avaylash ishlarini rivojlantirish, bu sohaga sarmoya kiritib, turizm sohasining taraqqiyotiga hissa qo‘shishni maqsad qilgan», - dedi trening tashkilotchisi, fransiyalik mutaxassis Sebastyan Moriset.

Tarixiy yodgorliklarni saqlash bo‘icha yangi ilmiy metodik usullar (gidrofobik (suv yuqtirmaslik) xususiyatini oshiruvchi indikatorlarni ishlatish) samara bersa, Janubiy Orolbo‘yidagi dunyo tamaddunida o‘z o‘rniga ega bo‘lgan 100 dan ortiq qal’alarni saqlash masalalariga yechim topiladi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid