O‘zbekiston | 07:40 / 17.12.2019
34833
16 daqiqa o‘qiladi

Ro‘yxatga olinmagan qurolni Milliy gvardiyaga o‘z ixtiyori bilan topshirgan fuqarolarga pul beriladi

Foto: kmrnews.ru

Ro‘yxatga olinmagan qurol va uning o‘q-dorilarini O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi organlariga o‘z ixtiyori bilan topshirish hamda ularni topshirganlik uchun taqdirlash tartibi to‘g‘risidagi nizom loyihasi e'lon qilindi.

Vazirlar Mahkamasining qarori loyihasiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 248-moddasiga muvofiq o‘qotar qurolni va o‘q-dorilarni o‘z ixtiyori bilan topshirgan fuqaro qonun hujjatlarida belgilangan javobgarlikdan ozod qilinadi.

Fuqaro qurol va o‘q-dorilarni o‘z ixtiyori bilan topshirish to‘g‘risida qarorga kelsa va uning o‘zi ushbu ashyolarni topshirish haqida Milliy gvardiya organlariga yozma yoki og‘zaki ravishda murojaat qilsa, u ashyolarni o‘z ixtiyori bilan topshirgan hisoblanadi.

Fuqaro tintuv jarayonida yoki unda qurol va o‘q-dorilar borligi haqida dalillar keltirilishi natijasida ularni topshirish to‘g‘risidagi qarorga kelsa, u ushbu ashyolarni o‘z ixtiyori bilan topshirgan hisoblanmaydi.

Milliy gvardiya organlariga qurol va o‘q-dorilarni o‘z ixtiyori bilan topshirgan fuqaro pul mukofoti bilan taqdirlanishi yoki o‘z ixtiyori bilan topshirgan 1974 yilgacha ishlab chiqarilgan o‘qotar qurolni imtiyozli olish huquqiga ega bo‘lishi mumkin.

Qurol va o‘q-dorilarni o‘z ixtiyori bilan topshirishga istak bildirgan fuqarolar yozma yoki og‘zaki ravishda ariza bilan bevosita, telefon orqali, elektron vositalardan foydalangan holda Milliy gvardiya organlariga murojaat qiladi.

Arizada quyidagilar ko‘rsatiladi:

fuqaroning familiyasi, ismi, otasining ismi, ro‘yxatdan o‘tgan yashash joyining manzili va amalda yashash joyining manzili, pasport ma'lumotlari, bog‘lanish uchun telefon raqamlari;

topshirish vaqtida topshiriladigan o‘qotar qurol va o‘q-dorilar bevosita saqlanayotgan joy, ularning nomi, o‘ziga xos ma'lumotlari va soni (topshirilayotgan o‘qotar qurollarning soni, turi (sistemasi), rusumi, modeli, kalibri, zavodda qo‘yilgan seriyasi, raqami va ishlab chiqarilgan yili, o‘q-dorilarning soni, turi va kalibri – agarda ma'lum bo‘lsa, yoxud ularning tasnifi), ularga egalik qilish (topib olish, sotib olish) holati va manbalarining qisqacha tavsifi;

o‘z ixtiyori bilan topshirilayotgan o‘qotar qurol va o‘q-dorilar uchun taqdirlashning shakli (pul mukofoti bilan taqdirlash yoki o‘qotar qurolni imtiyozli olish).

Qurol va o‘q-dorilar fuqarolar tomonidan og‘zaki yoki yozma ariza asosida bevosita hududiy Milliy gvardiya organiga topshiriladi.

Fuqaro tomonidan topshirilayotgan qurol qismlarga bo‘laklangan (agarda texnik imkoniyati bo‘lsa), patronlari olingan hamda qurol va o‘q-dorilar alohida o‘ramga joylashtirilgan bo‘lishi lozim.

Fuqaro Milliy gvardiya organi binosining nazorat-o‘tkazish punktida xizmatni o‘tayotgan xodimga qurol va o‘qdorilar joylashtirilgan o‘ramni qoldiradi hamda Milliy gvardiya organi xodimi kuzatuvida navbatchilik qismiga olib kiriladi.

Nazorat-o‘tkazish punktida qoldirilgan qurol va o‘q-dorilar navbatchilik qismiga tezkor navbatchining yordamchisi tomonidan olib kiriladi.

Fuqaro tomonidan o‘z ixtiyori bilan topshirilayotgan qurol va o‘q-dorilarni qabul qilib olish ishlari fuqaro ishtirokida tezkor navbatchi tomonidan amalga oshiriladi.

Agar ikki va undan ko‘p fuqarolar bir vaqtning o‘zida qurol va o‘q-dorilarni topshirishga kelgan bo‘lsa, ular hamda ular tomonidan topshirilayotgan qurol va o‘q-dorilar navbatchilik qismiga alohida birma-bir olib kiriladi.

Olis va o‘tish qiyin bo‘lgan aholi punktlarida yashovchi, shuningdek yoshi tufayli, sog‘lig‘ining ahvoli, oilaviy va o‘zga holatlar sababli o‘qotar qurol va o‘q-dorilarni bevosita hududiy Milliy gvardiya organiga topshirish imkoniyatiga ega bo‘lmagan fuqarolar qurol va o‘q-dorilarni Milliy gvardiya nazorat-ruxsat berish faoliyati bo‘limi xodimiga topshirishi mumkin.

Fuqarolar tomonidan qurol va o‘q-dorilarni o‘z ixtiyori bilan topshirish bo‘yicha yozilgan arizalarni ko‘rib chiqish hamda taqdirlash yoki taqdirlashni rad etish yuzasidan qaror qabul qilish masalalarini hal etish maqsadida Milliy gvardiya markaziy apparati komissiyasi (Markaziy komissiya) va har bir Milliy gvardiya boshqarmasida komissiyalar (hududiy komissiya) tashkil etiladi.

Markaziy va hududiy komissiyalar nazorat-ruxsat berish faoliyati bo‘linmasining xodimi, moliya va moddiy texnika ta'minoti bo‘linmalarining harbiy xizmatchilaridan tashkil topadi. Markaziy komissiyaning tarkibi Milliy gvardiya qo‘mondonining, hududiy komissiyalarning tarkibi tegishli Milliy gvardiya boshqarmasi boshlig‘ining buyrug‘i bilan tasdiqlanadi.

Milliy gvardiya qo‘mondonining birinchi o‘rinbosari Markaziy komissiya raisi etib, tegishli Milliy gvardiya boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosarlaridan biri hududiy komissiya raisi etib, Markaziy va hududiy komissiyalarning nazorat-ruxsat berish faoliyati bo‘linmalaridan a'zolari tegishli komissiyalar kotiblari etib tayinlanadi.

Hududiy komissiya tomonidan qurol va o‘q-dorilarni o‘z ixtiyori bilan topshirgan fuqaroni taqdirlash yoki taqdirlashni rad etish masalasi o‘ttiz ish kunidan ko‘p bo‘lmagan muddatda hal etiladi.

Materiallar hududiy komissiyaga kelib tushgan kundan boshlab ikki ish kunidan ko‘p bo‘lmagan muddatda materiallar nushalarini ilova qilgan holda, shuningdek o‘z ixtiyori bilan topshirilgan qurol va o‘q-dorilar bilan birga ular aniqlangan (topilgan) hududiy ichki ishlar organiga:

tergov bo‘linmalari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 329-330-moddalarida nazarda tutilgan tartibda tergovga qadar tekshiruvdan o‘tkazish uchun;

ekspert-kriminalistik bo‘linmalari tomonidan qurol va o‘q-dorilarning texnik holatini, ekspert-kriminatistik va kriminalistik hisoblaridan tekshirish hamda ballistik tadqiqot o‘tkazish uchun;

tezkor ma'lumotlar bo‘linmalari tomonidan axborot-qidiruv sistemalari, yo‘qotilgan va aniqlangan qurollarning ma'lumotlar bazalaridan tekshiruv tadbirlarini o‘tkazish uchun murojaat yuboriladi. Murojaat hududiy komissiya raisi tomonidan imzolanadi.

Hududiy ichki ishlar organi belgilangan tekshiruv tadbirlarini amalga oshirib, murojaat kelib tushgan kundan boshlab, o‘n besh ish kunidan ko‘p bo‘lmagan muddatda:

tergov bo‘linmalarining O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 248-moddasiga muvofiq jinoyat ishini qo‘zg‘atish yoki uni rad etish to‘g‘risida qabul qilingan qarori;

ekspert-kriminalistik bo‘linmalarining o‘tkazilgan ballistik tadqiqot natijalari bo‘yicha qurol va o‘q-dorilarning texnik holati, foydalanishga yaroqligi, haqiqiy soni, turi (sistemasi), rusumi, modeli, kalibri va mavjud o‘ziga xos individual rekvizitlar (seriyasi, raqami va ishlab chiqilgan yili), o‘q-dorilarning soni (miqdori), turi va kalibri bo‘yicha ekspertiza ma'lumotnomasi;

tezkor ma'lumotlar bo‘linmalarining axborot-qidiruv tizimlari, yo‘qotilgan va aniqlangan qurollarning ma'lumotlar bazalaridan o‘tkazilgan tekshiruv tadbirlaring natijalari bo‘yicha ma'lumotnomani o‘z ixtiyori bilan topshirilgan qurol va o‘q-dorilar bilan birga tegishli Milliy gvardiya boshqarmasiga yuboradi.

Hududiy komissiya murojaat bo‘yicha ichki ishlar organi tomonidan yuborilgan hujjatlarini olgan kundan boshlab, besh ish kunidan ko‘p bo‘lmagan muddatda:

a) o‘z ixtiyori bilan topshirilgan qurol va o‘q-dorilarga oid hujjatlarni hududiy komissiya yig‘ilishida o‘rganib chiqadi. Qurol va o‘q-dorilarni o‘z ixtiyori bilan topshirgan fuqaroni taqdirlash (pul mukofoti (uning miqdori) bilan taqdirlash yoki o‘qotar qurolni imtiyozli olish) yoki taqdirlashni rad etish bo‘yicha qaror qabul qilinadi.

Qaror hududiy komissiya raisi va a'zolari tomonidan imzolanadi. Taqdirlash hududiy komissiyaning taqdirlash haqidagi qarori asosida hududiy Milliy gvardiya boshqarmasi boshlig‘ining buyrug‘iga muvofiq amalga oshiriladi.

b) ichki ishlar organi tomonidan yuborilgan hujjatlarida o‘z ixtiyori bilan topshirilgan quroldan foydalanilgan holda sodir etilgan yoki ushbu qurol va o‘q-dorilar o‘g‘irlanganligi bilan bog‘liq jinoyatlarga aloqadorligi sababli jinoyat ishini qo‘zg‘atish yuzasidan qabul qilingan qaror mavjud bo‘lsa, materiallar ichki ishlar organiga O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksiga muvofiq ko‘rib chiqish uchun yuboriladi.

Tergov bo‘linmalari tomonidan jinoyat ishini qo‘zg‘atish to‘g‘risida qaror qabul qilingan taqdirda, o‘z ixtiyori bilan topshirilgan qurol va o‘q-dorilar jinoyat ishi yakunlangandan so‘ng ichki ishlar organi tomonidan tegishli Milliy gvardiya boshqarmasiga topshiriladi.

Hududiy komissiya taqdirlash yoki taqdirlashni rad etish to‘g‘risidagi qaror qabul qilingan kundan boshlab, uch ish kunidan ko‘p bo‘lmagan muddatda qurol va o‘q-dorilarni o‘z ixtiyori bilan topshirgan fuqaroni bu haqda yozma xabardor qiladi. Taqdirlashni rad etish to‘g‘risidagi xabarda rad etishning aniq sabablari ko‘rsatiladi.

Ichki ishlar organi tomonidan yuborilgan o‘z ixtiyori bilan topshirilgan soyli stvolli o‘qotar qurollarga oid hujjatlar hududiy komissiyalar tomonidan olingan kundan boshlab bir ish kunidan ko‘p bo‘lmagan muddatda markaziy komissiyaga yuboriladi.

Soyli stvolli o‘qotar qurolni imtiyozli olishga oid materiallar markaziy komissiya tomonidan hududiy komissiyalar uchun belgilangan tartibda ko‘rib chiqiladi. Soyli stvolli o‘qotar qurolni imtiyozli olish bilan taqdirlash Milliy gvardiya qo‘mondonining buyrug‘i bilan amalga oshiriladi.

Komissiya yig‘ilishini tashkil etish, materiallarni, yig‘ilish qarorlarini va taqdirlash bo‘yicha buyruq loyihalarini, taqdirlash yoki taqdirlashni rad etish bo‘yicha qurol va o‘q-dorilarni ixtiyoriy ravishda topshirgan fuqaroga yozma xabarlarni tayyorlash va tegishli joylarga yuborish komissiya kotibi tomonidan amalga oshiriladi.

Markaziy komissiya hududiy komissiyalar faoliyatini nazorat qiladi va ular tomonidan qabul qilingan qarorlarni o‘zgartirish, taqdirlash bilan bog‘liq nizoli masalalarni ko‘rib chiqish huquqiga ega.

O‘z ixtiyori bilan qurol va o‘q-dorilarni topshirgan fuqarolar taqdirlash rad etilgan qaror ustidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda shikoyat qilishlari mumkin.

Pul mukofoti bilan taqdirlash

Qurol va o‘q-dorilarni o‘z ixtiyori bilan topshirgan o‘n sakkiz yoshga to‘lgan fuqarolar pul mukofoti bilan taqdirlanish huquqiga ega.

O‘z ixtiyori bilan topshirilgan qurol va o‘q-dorilar uchun pul mukofotining miqdori O‘z ixtiyori bilan topshirilgan qurol va o‘q-dorilar uchun pul mukofoti stavkalariga muvofiq Milliy gvardiya boshqarmasi boshlig‘ining buyrug‘iga asosida beriladi.

Qurol va o‘q-dorilarni o‘z ixtiyori bilan topshirgan fuqaroning xohishiga ko‘ra pul mukofoti naqd shaklda yoki uning hisobvarag‘ida pul o‘tkazish yo‘li bilan tegishli Milliy gvardiya boshqarmasining moliya-iqtisod bo‘linmalari tomonidan Milliy gvardiya boshqarmasi boshlig‘ining taqdirlash to‘g‘risidagi buyrug‘i e'lon qilingan kundan boshlab besh ish kunidan ko‘p bo‘lmagan muddatda amalga oshiriladi.

Quyidagi asoslarga ko‘ra pul mukofoti bilan taqdirlash rad etiladi:

qurol va o‘q-dorilarni o‘z ixtiyori bilan topshirgan fuqaro mazkur Nizomning 33-bandida belgilangan yoshga to‘lmagan bo‘lsa;

o‘z ixtiyori bilan topshirilgan qurol va o‘q-dorilar mazkur Nizomning 5-ilovasidagi O‘z ixtiyori bilan topshirilgan qurol va o‘q-dorilar uchun pul mukofoti stavkalarida ko‘rsatilmagan bo‘lsa;

o‘z ixtiyori bilan topshirilgan quroldan foydalanilgan holda sodir etilgan yoki ushbu qurol va o‘q-dorilar o‘g‘irlanganligi bilan bog‘liq jinoyatlarga aloqadorligi aniqlanganda.

O‘qotar qurolni imtiyozli olish

O‘z ixtiyori bilan topshirilgan o‘qotar qurolni imtiyozli olish ushbu o‘qotar qurolni o‘z ixtiyori bilan topshirganlik uchun taqdirlashning shakli bo‘lib, u ushbu o‘qotar qurolni o‘z ixtiyori bilan topshirgan fuqaroga fuqaroviy qurolni olish uchun qonun hujjatlarida belgilangan tartib-qoidalarga amal qilishda imtiyoz bermaydi.

O‘qotar qurolni imtiyozli olish uni o‘z ixtiyori bilan topshirgan fuqaroga ushbu o‘qotar qurolni umumiy asoslarda birinchi bo‘lib olish huquqini beradi.

O‘z ixtiyori bilan topshirilgan o‘qotar qurolni imtiyozli olish istagini bildirgan fuqaroga pul mukofoti berilmaydi.

O‘z ixtiyori bilan topshirilgan o‘qotar qurolni imtiyozli olish 1974 yilgacha ishlab chiqarilgan:

soyli stvolli o‘qotar ov quroli;

silliq stvolli o‘qotar ov quroli, shu jumladan soyli qismining uzunligi bir yuz qirq millimetrdan oshmaydigan o‘qotar ov quroli;

kombinatsiyalangan (soyli stvolli va silliq stvolli) o‘qotar ov quroli, shu jumladan almashtiriladigan va joylashtiriladigan soyli stvolli o‘qotar ov quroli;

soyli stvolli o‘qotar sport quroli;

silliq stvolli o‘qotar sport quroliga nisbatan tatbiq etiladi.

Milliy gvardiya organlari tomonidan o‘z ixtiyori bilan o‘qotar qurolni topshirgan fuqaroga ushbu o‘qotar qurolni imtiyozli olish masalasini ko‘rib chiqish fuqaroviy qurolni olish bo‘yicha qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

Quyidagi asoslarga ko‘ra o‘qotar qurolni imtiyozli olish rad etiladi:

o‘z ixtiyori bilan topshirilgan o‘qotar qurol 1974 yildan keyin ishlab chiqarilgan bo‘lsa;

o‘z ixtiyori bilan topshirilgan o‘qotar qurol mazkur Nizomning 39-bandida ko‘rsatilgan o‘qotar qurol bo‘lmasa;

o‘qotar qurolni o‘z ixtiyori bilan topshirgan fuqaroga nisbatan “Qurol to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 13-moddasi to‘qqizinchi qismida ko‘rsatilgan sabablar mavjud bo‘lganda;

o‘qotar qurolni o‘z ixtiyori bilan topshirgan fuqaro fuqaroviy qurolni olish bo‘yicha qonun hujjatlarida belgilangan talab va shartlarni bajarmaganda.

O‘z ixtiyori bilan o‘qotar qurolni topshirgan fuqaroda “Qurol to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 13-moddasi to‘qqizinchi qismida ko‘rsatilgan asoslar mavjud bo‘lgan taqdirda, unga pul mukofoti to‘lanadi.

O‘z ixtiyori bilan topshirilgan qurol va o‘q-dorilar
 uchun pul mukofoti stavkalari

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid