Jahon | 21:57 / 19.12.2025
13135
11 daqiqa o‘qiladi

“Ksenofobiya Rossiyaning fundamental muammosi” – Moskvadagi fojianing sabablari haqida suhbat

16 dekabr kuni Moskva oblastidagi maktablardan birida tojikistonlik mehnat muhojiri farzandi, 10 yoshli Qobiljon Aliyev shu maktabning 15 yoshli o‘quvchisi Timofey tomonidan pichoqlab o‘ldirildi. Bu qotillik Rossiyadagi millatchilik mavzusini yana bir bor muhokamalar markaziga chiqardi. Rus jamiyatida bunday kayfiyat paydo bo‘lishi nimalar bilan bog‘liq? Hukumat bunga qarshi kurashadimi? Kun.uz faollar bilan shu kabi savollar atrofida suhbatlashdi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Suhbatda siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov, ham siyosatshunos, ham huquqshunos, ham jamiyatshunos Hamid Sodiq hamda huquq sotsiologiyasida professor Rustam O‘rinboyev ishtirok etdi. Quyida intervyudan qisqa sharh keltiriladi.

Ular ksenofobiya bilan patriotizmni qorishtirdi va bu – Rossiyaning fundamental muammosi”

Kamoliddin Rabbimov ayni holatga ijtimoiy tarmoqlarda yangrayotgan “fashizm” atamasini ishlatib bo‘lmasligini, bu ijtimoiy harakat uchun siyosiy motiv bo‘lishi kerakligini bildirdi.

Ya’ni fashizm qachon fashizm bo‘ladi? Qachonki, agar bu keng harakat bo‘lib, bu yerda ko‘pchilik ishtirok etadigan bo‘lsa va mana shu harakatning a’zolariga yoki butun bir harakatga fashizm deyish mumkin. Bu – yakka shaxs, bo‘lib ham o‘spirin, ya’ni o‘smir bolaning bitta qilgan ishi. Endi, o‘zbek ijtimoiy tafakkurida fashist degan so‘zni ishlatamiz, qachonki vahshiylik yuqori bir darajaga chiqadigan bo‘lsa. Kimdir boshqaga, zaifga nisbatan ayovsiz kuch ishlatayotgan bo‘lsa, biz instinkt shaklida, ya’ni instinktiv bir tarzda uni fashist deb ataymiz. Lekin sotsiologik ta’riflarga ko‘ra, fashizm bu asosan keng, mafkuraviy bir platformaga, mafkuraviy qarashga ega bo‘lgan, ma’lum bir siyosiy maqsadlarni ko‘zlovchi va yuqori darajadagi agressiya, kuch ishlatish, hech qanday bir gumanizm qoidalariga to‘g‘ri kelmaydigan kuch ishlatishga nisbatan fashizm deyiladi. Demak, bu atamani hozir iste’moldan chiqarib tashlaymiz”, – deydi u.

Siyosiy tahlilchiga ko‘ra, ayni holat ksenofobiyaga misol bo‘la oladi. Rabbimov ksenofobiyani nafaqat bu qo‘rqish, balki u nafratga teng ekanini, Rossiyada, umuman, rus sivilizatsiyasi yoki Rossiya jamiyatida covet ittifoqi tarqalgandan keyin tashqi dunyoga nisbatan yovqarash odatiy holga aylanganini tushuntirdi.

Mening qo‘limda Rossiyaning o‘zidagi sotsiologik so‘rovnomalar bor, Levada Markazi 2024 yilda o‘tkazgan. Demak, bu – Rossiyaning ichkarisidagi juda ham salohiyatli bo‘lgan sotsiologik tadqiqot markazi. Ular reprezentativ, ya’ni butun bir jamiyatning ijtimoiy qatlamlari bo‘ladi: necha foiz ayol, necha foiz erkak, oliy ma’lumotli, Moskvada yashovchi, viloyatlarda yashovchi[ligiga ajratgan] va reprezentativ so‘rovnomalarga ko‘ra, Rossiyadagi permanent ksenofobiya darajasini ko‘rsatish mumkin.

Misol uchun, rossiyaliklarning nafrati qaysi xalqqa, qaysi millatga yoki qaysi ijtimoiy qatlamga nisbatan bo‘lyapti, deyilsa, eng birinchi o‘rinda Markaziy Osiyodan kelgan mehnat muhojirlariga salbiy qarash turadi, 60 foiz atrofida. Siganlar deymiz, lo‘lilarga nisbatan, bu ham yuqori. Ukrainaliklarga nisbatan 42%, afrikaliklarga nisbatan 60% atrofida va xitoyliklarga nisbatan 54%, yahudiylarga nisbatan 26%, chechenlarga nisbatan 46%. Ya’ni, bu yerda eng yuqori bir darajada Markaziy Osiyodan kelgan mehnat muhojirlariga nisbatan.

Rossiya axborot maydoni o‘ziga muttasil dushman izlaydi. Bu birinchi o‘rinda, agarki dushman qiyofasini yaratish bo‘yicha Rossiya propagandasi, undagi mulozimlar, mana, shunday bir dushman qiyofasini tasvirlaydiki, Rossiya bu dushman qurshovidagi bir jamiyat yoki davlat sifatida tasvirlanadi. Mehnat muhojirlari tomonidan amalga oshirilayotgan jinoyatlarning ulushi mahalliy tub aholi, rossiyaliklar amalga oshirayotgan jinoyatlarning ulushiga nisbatan ancha kam. Mana har 100 mingta odamga yoki har 10 mingta odamga migrantlar amalga oshirayotganlari kam.

Lekin propaganda yoki ommaviy axborot vositalarida asosiy jinoyatchi sifatida ular ko‘rsatiladi. Chunki eng zaif qatlam. Demakki, bu mana bu bo‘lgan jinoyat (10 yoshli Qobiljonning o‘ldirilishi) oilada shakllangan muhit. Chunki bu bolaning otasi Putin administratsiyasida ishlagan. Oila o‘ta millatchi bo‘lgan va otasi intervyu berib, mana o‘sha oldingi nimalarda, “Bizning oilamizda patriotizm, – deydi, ya’ni millatparvarlik...”, ya’ni bu yerda rossiyaliklar bitta tushunchani adashtirib qo‘ygan. Ksenofobiya bilan patriotizmni ular qorishtirdi va bu – Rossiyaning fundamental muammosi”, – deydi Rabbimov.

Jamiyatda nafaqat kattalar, balki o‘smirlar va bolalar ham bu bilan zararlanyapti”

Yana bir siyosiy tahlilchi Hamid Sodiqning ta’kidlashicha, ksenofobiya Rossiyada keng yoyilib bo‘lgan va u kasallik darajasiga yetgan. Mutaxassis bu hukumatning propagandasi tomonidan qo‘llab kelinishini ham aytgan.

Fashizmning eng o‘tkir ko‘rinishi bu – shovinizm. Ya’ni, bu endi jinoyat hisoblanadi. Fashizm ham jinoyat, chunki ideologiya sifatida u yengildi, chunki millionlab odamlarni o‘ldirdi. Va uning eng radikal ko‘rinishi –shovinizm. O‘sha Shoven bilan bog‘liq. Askar deydi, otboqar deydi va hokazo. Shuning uchun aynan shovinizm – jinoyat. Va biz ksenofobiya deyapmiz. Ksenofobiya bu shovinizmning va natsizm, to‘g‘rirog‘i, mana shularning boshida turadigan narsa. Ya’ni bularni alohida-alohida tushunish kerak emas.

Masalan, o‘sha ksenofobiya bularning hammasida bor. Agar uni nazorat qilib turmaydigan bo‘lsa yoki u qandaydir bir sug‘oriladigan bo‘lsa, Rossiyadagiga o‘xshab asta-sekinlik bilan shovinizmga va turli xil jinoyatlarga tortib ketishi mumkin bo‘ladi. Biz Rossiyada mana shu masalalarni ko‘ryapmiz.

Ya’ni, yana bir jihati borki, o‘sha shovinizm vujudga kelgan, Uchinchi reyxni oladigan bo‘lsak, bu yerda aynan ular ham buni urush sharoitida rivojlantirdi. Ya’ni, Hitler urushishi kerak edi va ular ham propagandani qo‘lladi. Propaganda qo‘llar ekan, tabiiyki, ma’lum bir zaif qatlamni hamisha olishgan. Buning boshqacha usuli yo‘q. Ya’ni, Hitler davrida bu yahudiylar edi. Ma’lum bir gettolarda yashaydigan yahudiylar, ular yomon sifatida ko‘rsatildi va genotsid ham qilinganini bilamiz.

Xuddi shunday, bugun Rossiya sharoitida ular Ukraina bilan urushyapti. Ukraina bilan urushish uchun ma’lum bir ksenofobiyani ukrainaliklarga, boshqalarga nisbatan xalqning urush ruhiyatini shakllantirish uchun propaganda orqali qo‘llanadi. Hamisha mana shunaqa agressiv davlatlar busiz urusha olmagan. Endi to‘rt yil davomida, o‘zi aslida to‘rt yil ham deb bo‘lmaydi, bu o‘sha kamida 2014 yildan keyin boshlangan. Mana shu butun propaganda endi jamiyatga o‘zining metastazini beryapti desak bo‘ladi. Ya’ni, jamiyatda nafaqat kattalar, balki o‘smirlar va bolalar ham bu bilan zararlanyapti.

Yosh avlodga o‘tdi. Endi bu kasallik. Ya’ni, endi bu qandaydir bir, albatta, sotsiologiya, lekin shu bilan birga patologiya ham. Ya’ni, qandaydir bir kasallik bu. O‘sha ijtimoiy, sotsial bir kasallikka aylandi. Chunki uning, bu kasallik bilan kasallanishning yoshi yosharib boryapti va bu, mening nazarimda, endi Rossiyaga, Rossiya Federatsiyasida buni orqaga qaytarishning imkoniyati yo‘q. Shuning uchun biz mana shunaqa keng masshtabli bir ijtimoiy hodisa haqida gaplashayotganligimizni tushunishimiz kerak”, – deydi u.

Tahlilchining qo‘shimcha qilishicha, Moskvadagi qotillik jamiyatdagi ksenofobiya orqali vujudga kelgan bir jinoyat sifatida baholanadi.

Bu jamiyatda, Rossiyada milliy kayfiyatni aks ettiradi”

Professor Rustam O‘rinboyev qotillik motivi, ya’ni millatga nisbatan nafrat Rossiya jamiyatining milliy kayfiyatini aks ettirishini bildirdi.

Amerikalik professor bor, George Washington universitetining professori Marlen Laruyel, asli fransiyalik. Shu Rossiya haqida ko‘p kitoblarida, tadqiqotlarida Rossiyaga nisbatan asosan ksenofobik imperiya degan yondashuvni beradi. Bu asosan o‘sha begonalarga, boshqalarga nisbatan xavf sifatida qarash, misol uchun. Bu migratsiyaga iqtisodiy fenomen emas, balki qanaqadir bir xavfsizlik nuqtai nazaridan qarash natijasida jamiyatda paydo bo‘lgan bir unsur.

Bu bolaning qilgan jinoyati, to‘g‘ri, fashizm yoki bir shovinizm, natsizm bo‘lmasa ham, lekin bu jamiyatda, Rossiyada milliy kayfiyatni aks ettiradi. Men shuning uchun shunday yondashgan bo‘lardim. O‘zim ham mana 2014 yildan 2022 yilgacha Rossiyada davlat tadqiqotlari qildim, sakkiz yil davomida.

Endi men huquq sotsiologiyasi, etnograf sifatida u yerda tadqiqotlar qilganimda, doim migrantlar bilan qurilishda yurasizmi, jamoat transportidami, har doim o‘zimni migrantlar bilan yurganimda Rossiyada ikkinchi klass, ikkinchi sort odam, ya’ni huquqsiz inson sifatida his qilardim. Chunki jamiyatda shunaqa bir ishonchsizlik, bir-biriga nisbatan xavfsirash bor. Hatto, ruslarning o‘zi bir-biriga ishonmaydi, bir-biridan xavfsiraydi. Endi migrantni tasavvur qiling, u yerda ular begona, bir huquqsiz inson hisoblanadi. Shuning uchun bu jamiyatda bu sodir bo‘lishi, menimcha, Rossiya jamiyatida normallashgan holat”, – deydi O‘rinboyev.

Suhbat davomida nima sabab chetdan keluvchi mehnat muhojirlariga nisbatan agressiv munosabatning mavjud ekani, bunda asosiy mashina sifatida ishlovchi propagandaning roli, hukumatning kayfiyati va Markaziy Osiyo davlatlari uchun nima aslida yechim ekani haqida so‘z boradi. Intervyuning to‘liq shaklini yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Dilshoda Shomirzayeva suhbatlashdi.

Mavzuga oid