O‘zbekiston | 07:26 / 22.05.2019
46615
2 daqiqa o‘qiladi

Mehnatga haq to‘lashning yagona tarif setkasi qayta ko‘rib chiqiladi

Foto: KUN.UZ

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti “Mehnatga haq to‘lash, pensiyalar va boshqa to‘lovlar miqdorlarini aniqlash tartibini takomillashtirish to‘g‘risida”gi farmonni imzolagani xabar berilgandi.

2019 yil 1 sentyabrdan boshlab ish haqining eng kam miqdori o‘rniga:

577 170 so‘m miqdorida mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori;
202 730 so‘m miqdorida bazaviy hisoblash miqdori;
202 730 so‘m miqdorida pensiyani hisoblashning bazaviy miqdori joriy etildi.

Belgilanishicha:

eng kam ish haqiga nisbatan belgilangan ustamalar, qo‘shimcha haq, mukofotlar hamda boshqa kompensatsiya va rag‘batlantiruvchi tusdagi to‘lovlarning barcha turlari mazkur to‘lovlarning so‘mda ifodalangan amaldagi miqdorlarini saqlab qolgan holda qayta hisob-kitob qilinadi (zarur hollarda ko‘p tomonga yaxlitlanadi);

qonun hujjatlarida mehnatga haq to‘lash, pensiyalar va boshqa to‘lovlar miqdorlarini aniqlashning boshqa tartibi o‘rnatilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Moliya vazirligi va Adliya vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda:

Mehnatga haq to‘lashning yagona tarif setkasini qayta ko‘rib chiqish hamda nafaqalar, kompensatsiyalar va to‘lovlarning alohida turlari miqdorlarini mutlaq summada belgilash bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritadi;

mazkur Farmon talablaridan kelib chiqqan holda Mehnatga haq to‘lashning yagona tarif setkasini qo‘llash hamda tashkilotlarda mehnatga soatbay haq to‘lash tizimini belgilash bo‘yicha metodik tavsiyalarni ishlab chiqadi va tasdiqlaydi.

Mavzuga oid