Jahon | 11:13 / 10.02.2026
4935
3 daqiqa o‘qiladi

Fidan Turkiya yadroviy poygaga qo‘shilishini istisno qilmadi

Agar Yaqin Sharq mintaqasidagi boshqa davlatlarda yadro quroli paydo bo‘lsa, Turkiya ham yadroviy poygaga qo‘shilishga majbur bo‘ladi. Bu haqda Turkiya tashqi ishlar vaziri Hoqon Fidan CNN Turk efirida aytib o‘tdi.

«Bu masalani umumiy strategik vaziyat kontekstida ko‘rib chiqish kerak. Ochig‘ini aytganda, biz mintaqada hozirgi kuchlar muvozanatini buzishi mumkin bo‘lgan dramatik o‘zgarishlarni ko‘rishni istamaymiz.

Masalan, Eron bilan muammoli masalalarga ega bo‘lgan mamlakatlar yadro qurolini qo‘lga kiritishga intilishni boshlaydi. Turkiya ham beixtiyor bu qurollanish poygasiga qo‘shilishiga to‘g‘ri keladi», – dedi u.

Shu bilan birga, u yadro quroliga ega bo‘lishning o‘ziga xos «risklari borligi»ni ham ta’kidlagan.

Turkiya TIV rahbarining bu bayonoti Eron yadroviy dasturi atrofidagi vaziyat tufayli mintaqada saqlanib qolayotgan keskinlik fonida yangradi. Shuningdek, 2025 yil sentabr oyida Pokiston va Saudiya Arabistoni o‘zaro yordam to‘g‘risidagi strategik mudofaa shartnomasini imzoladi, uning doirasida qirollikka Pokiston yadroviy qurolidan foydalanish imkoniyati berilishi mumkin.

Ayni paytda Rossiya, AQSh, Xitoy, Fransiya, Buyuk Britaniya, Hindiston, Pokiston va Isroil rasman yadroviy quroliga ega davlatlar hisoblanadi. Shuningdek, Shimoliy Koreya kabi Eronning ham o‘z yadro dasturi mavjud, mamlakat rasmiylari atom energetikasi ilmiy maqsadlarda o‘rganilishini aytib keladi. Biroq, g‘arb davlatlari 2000-yillar boshidan beri Eron yadro quroli yaratish niyatida ekanini gumon qilib keladi.

9 fevral kuni Eron vitse-prezidenti, Islom Respublikasi atom energiyasi tashkiloti rahbari Muhammad Islomiy agar Vashington Tehrondan barcha sanksiyalarni olib tashlaydigan bo‘lsa, Eron hukumati 60 foizlik uran zaxiralarini boyitish darajasini pasaytirishga tayyorligini aytdi.

Eslatib o‘tamiz, 5 fevral kuni Rossiya va AQSh o‘rtasida Strategik hujum qurollari to‘g‘risidagi shartnoma muddati tugadi. Yadro qurollarini yo‘q qilish bo‘yicha kelishuv Rossiya va AQShning yadroviy arsenallarini cheklovchi so‘nggi kelishuv bo‘lib qolmoqda, ular dunyodagi yadroviy kallaklarning taxminan 85 foizini tashkil qiladi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid