Iqtisodiyot | 20:20 / 01.06.2024
8604
5 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston JSTga a’zolik bo‘yicha 11 ta davlat bilan muzokaralarni yakunladi

Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish yo‘lida O‘zbekiston bilan 30 dan ortiq mamlakat ikki tomonlama muzokara o‘tkazish xohishini bildirgan bo‘lib, hozirda ulardan 11 tasi bilan o‘zaro bozorlarga kirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. So‘nggi bir yil ichida O‘zbekistondagi 40 ga yaqin hujjatlar JST normalariga moslashtirildi.

Foto: Kun.uz

2023 yilda Adliya vazirligida milliy qonunchilikni JST bitimlariga uyg‘unlashtirish bo‘yicha maxsus boshqarma tashkil etilganidan buyon 700 dan ortiq qonunchilik hujjatlari loyihalari JST qoidalariga muvofiqligini baholash uchun ekspertizadan o‘tkazildi.

Bu haqda 31 may kuni Adliya vazirligida “Milliy qonunchilikni Jahon savdo tashkiloti bitimlariga uyg‘unlashtirish masalalari” mavzusida bo‘lib o‘tgan konferensiyada adliya vaziri o‘rinbosari Alisher Karimov ma’lum qildi, deya xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

Uning ta’kidlashicha, O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lish jarayoni faol bosqichga o‘tganidan so‘ng milliy qonunchilikni JST bitimlariga uyg‘unlashtirish maqsadida 2023-2024-yillar davomida 24 ta normativ-huquqiy hujjat qabul qilingan va 40 ga yaqin hujjatlarni uyg‘unlashtirishga erishilgan.

“Qabul qilingan hujjatlar qatorida 2024 yil 15 fevraldagi 908-sonli qonun alohida o‘rin egallaydi. Unga muvofiq, xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalar va mahalliy korxonalarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazganlik uchun to‘lanadigan davlat boji miqdori birxillashtirildi va 1 BHM miqdorida belgilandi (oldin xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalar BHMning 10 baravari miqdorida davlat boji to‘lagan, mahalliy korxonalar esa 1 BHM).

Bundan tashqari, ushbu qonun intellektual mulk sohasidagi qonunchilikka bir qator muhim o‘zgarishlar kiritdi. Xususan, qonun rezidentlar va norezidentlar tomonidan intellektual mulk huquqini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun davlat bojini undirish bo‘yicha kamsituvchi qoidalarni bekor qildi, patentlar sohasida majburiy litsenziyalash asoslarini o‘rnatdi”, – deydi Alisher Karimov.

Vazir o‘rinbosariga ko‘ra, 2024 yilning 5 aprel kuni 30 ta banddan iborat, yangilangan Milliy qonunchilikni JST bitimlariga muvofiqlashtirish bo‘yicha ish reja hamda 26 ta qabul qilingan hujjat va loyihalarning (18 ta qabul qilingan hujjatlar va 8 ta ishlab chiqilgan loyihalar) tarjimalari JSTga a’zo davlatlarga ko‘rib chiqish uchun taqdim etilgan.

Foto: Adliya vazirligi

Tadbirda ishtirok etgan Iqtisodiyot va moliya vazirligi mas’uli Iskandar Genjayevning ta’kidlashicha, hozirda O‘zbekiston bilan 30 dan ortiq davlatlar ikki tomonlama muzokaralarga kirishgan va 11 ta davlat bilan muzokaralar yakunlangan.

“O‘zbekiston bilan bu boradagi muzokaralarni birinchi bo‘lib o‘tgan yilning aprel oyida Gruziya yakunlagan. Noyabr oyida uch davlat – Turkiya, Mo‘g‘uliston va Saudiya Arabistoni bilan protokollar imzolangani xabar qilingan edi. Joriy yilning 26-29 fevral kunlari Abu Dabida bo‘lib o‘tgan JST vazirlarining 13-konferensiyasi doirasida uch davlat – Yaponiya, Isroil va Dominikan Respublikasi bilan bozorga kirish protokollari imzolangani hamda Tailand bilan muzokaralar yakunlangani haqida ma’lum qilindi”, – deydi u.

Iskandar Genjayevning so‘zlariga ko‘ra, shu paytgacha Xitoy bilan 2300 ta, Rossiya bilan 1166 ta, Ukraina bilan 449 ta va Kozog‘iston bilan 412 ta hujjat JST bitimlariga uyg‘unlashtirilgan.

Eslatib o‘tamiz, 24 may O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishi bo‘yicha ishchi guruhning Jyenevadagi 8-yig‘ilishida bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev O‘zbekiston 2026 yilgacha tashkilotga a’zo bo‘lish niyatida ekanini aytgandi.

  • O‘zbekiston JSTga a’zo bo‘lish uchun 1994 yilda ariza topshirgan, lekin jarayon 2005 yilda to‘xtab qolgan. A’zolik jarayoni 2020 yilga kelib tiklandi. O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishi bo‘yicha ishchi guruh yig‘ilishlari hozirgacha 8 marta – 2002, 2004, 2005, 2020, 2022, 2023 (2 marta) va 2024 yilda o‘tkazilgan.
  • JSTga a’zo bo‘lish a’zo mamlakatga milliy qonunchilikni xalqaro talablar va standartlarga muvofiqlashtirish, tashqi bozorlarga chiqish va eksport diversifikatsiyasi uchun keng imkoniyatlar yaralishi; xalqaro savdo qoidalarini shakllantirishda boshqa davlatlar bilan teng ravishda ishtirok etish; barcha uchun ochiq savdo qoidalari; nizolarni hal qilish mexanizmidan foydalanish imkonini beradi.

Mavzuga oid