Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Tramp Eronga 48 soat muhlat berdi
AQSh prezidenti Donald Tramp ikki kun ichida Ho‘rmuz bo‘g‘ozini ochish talabi bilan Eronga ultimatum qo‘ydi.
Foto: Oliver Hoslet / EPA / Scanpix / LETA
48 soatlik muhlat
AQSh prezidenti Donald Tramp agar Tehron 48 soat ichida Ho‘rmuz bo‘g‘ozini ochmaydigan bo‘lsa, Eron elektr stansiyalarini «yakson etish» bilan tahdid qildi.
«Agar Eron tahdidlardan voz kechib, Ho‘rmuz bo‘g‘ozini 48 soat ichida to‘liq ochmasa, Amerika Qo‘shma Shtatlari ularning eng yirik elektr stansiyasidan boshlab turli elektr stansiyalariga zarba berib, yo‘q qiladi!» – deya yozgan Tramp o‘ziga tegishli bo‘lgan Truth Social platformasida.
Tramp bu xabarini Grinvich bo‘yicha 21 mart kuni soat 23:44 da e’lon qildi. Bu esa Eronda bo‘g‘ozni ochish uchun Grinvich bo‘yicha 23 mart kuni soat 23:44 ga qadar (Tehronda 24 mart kuni soat 03:14) vaqt borligini anglatadi.
Avvalroq Tramp Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida AQSh «Eronni xaritadan o‘chirib yuborish» bilan tahdid qilgandi.
U Erondagi maqsadlariga erisha olmagani haqidagi taxminni rad etib, shunday degandi: «Aksincha, uddaladik, rejadagidan bir necha hafta oldinroq ham. Ularning rahbariyati yo‘q qilindi, ularning floti va harbiy-havo kuchlari endi yo‘q, ularda mudofaaning o‘zi qolmadi va ular kelishuv tuzishni xohlashmoqda. Men esa yo‘q».
Isroil janubiga zarba
Isroil janubidagi Dimona va Arad shaharlarida Eron raketa zarbasi oqibatida qariyb 90 kishi yaralangan – bu hujum nishoni isroilliklarning yadroviy obekti bo‘lgan. Xabar qilishlaricha, jarohatlanganlarning kamida 10 nafari, jumladan besh yoshli qizcha ham og‘ir ahvolda.
Dimona shahridan taxminan 10 kilometr, Arad shahridan esa 30 kilometr masofada joylashgan Yadro energetikasi ilmiy-tadqiqot markazi jabrlanmagan.
Xalqaro atom energetikasi agentligi «maksimal harbiy vazminlik»ka chaqirgan.
Dimona va Arad shaharlarida esa turar joy binolari shikastlangan.
Times of Israel xabariga ko‘ra, Isroil mudofaa armiyasi qo‘mondonligi Eronning ikki raketasi urib tushirilmagani yuzasidan tekshiruv boshlagan.
Harbiylarning baholariga ko‘ra, bunday raketalarning jangovar qismi odatda yuzlab kilogrammlik portlovchi moddalardan iborat bo‘ladi.
Isroilning frontorti qo‘mondonligi ham zarba oqibatida o‘nlab kishilar yaralangani va katta moddiy zarar ko‘rilgani bo‘yicha o‘z tekshiruvini o‘tkazmoqda.
Shanba kuni tongdan buyon Eron Isroil bo‘ylab sakkiz bor raketa zarbasi yo‘llagan.
Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu mamlakat janubiga qilingan hujumlarga javoban «bundan buyon ham dushmanga barcha frontlarda qat’iy zarbalar berishda davom etish»ni va’da qilgan.
U «shanba oqshomini Isroil kelajagi uchun kampaniyadagi eng og‘ir oqshom» deb atadi.
Eron uchun «urushning yangi bosqichi» boshlandimi?
AQSh va Isroil Tehron bo‘ylab va mamlakatning boshqa hududlaridagi strategik obektlarga zarbalar bermoqda.
Shanba kuni isroillik harbiylar o‘z aviatsiyasi Eron poytaxtidagi Yadroviy ishlanmalar ilmiy-tadqiqot markaziga zarba berganini xabar qildi.
Isroil armiyasi ta’kidlashicha, Malik Ashtar universiteti qoshida joylashgan ushbu «strategik» obektdan «Eron mudofaa sanoati yadro quroli komponentlarini ishlab chiqish uchun foydalangan».
Eron mudofaa vazirligiga bo‘ysunuvchi Malik Ashtar universiteti mamlakat yadro va raketa dasturlariga aloqadorligi tufayli g‘arb sanksiyalariga uchragan.
Shanba kuni Eron parlamenti raisi Muhammad Boqir G‘olibof Eron urushning yangi bosqichiga kirayotganini aytib chiqdi.
«Aftidan, oldindan rejalashtirilgan keyingi strategiyalarni amalga oshirish vaqti keldi. Agar Isroil yaxshi qo‘riqlanadigan Dimona hududida raketalarni tutib qololmasa, bu operativ nuqtayi nazardan mojaro yangi bosqichga kirganining belgisidir. Isroil osmoni himoyasiz», – deb yozgan u X platformasida Eronning Dimon shahriga yo‘llagan zarbasi yuzasidan izoh berarkan.
Ar-Riyod eronlik diplomatlarni chiqarib yubormoqda
Saudiya Arabistoni bir necha eronlik diplomatlarni, jumladan, harbiy attasheni personami non grata deb e’lon qildi, deb xabar bermoqda Associated Press.
Mamlakat tashqi ishlar vazirligi ma’lum qilishicha, harbiy attashe, uning yordamchisi, shuningdek, Eron elchixonasining yana uch xodimi 24 soat ichida mamlakatni tark etishi kerak.
Bu xabar Saudiya Arabistoni mudofaa vazirligi Eronning 20 ta dronini urib tushirishi ortidan tarqaldi.
Shu kuni Birlashgan Arab Amirliklari mudofaa vazirligi uchta ballistik raketa va sakkizta dron hujumini qaytargani haqida xabar bergan.
Iordaniya qurolli kuchlari esa urush boshlanganidan beri mamlakat havo kengliklariga 240 ta raketa va dron kirib kelgani, natijada 24 kishi yaralanganini ma’lum qilgan.
Isroil Yevropani ogohlantirmoqda
Isroil mudofaa armiyasi Eron Yevropaga tahdid solayotganini ma’lum qildi.
Ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingan xabarida TSAHAL Eronning 4000 kilometrgacha bo‘lgan masofadagi nishonlarga zarba bera oladigan uzoq masofali raketa uchirganiga izoh bergan.
Gap, aftidan, AQSh va Buyuk Britaniyaning Diyego-Garsiya orolidagi qo‘shma bazasi tomon uchirilgan ikkita raketa haqida ketmoqda. Ularning birortasi ham nishonga yetib bora olmadi.
«2025 yil iyun oyida Rising Lion amaliyoti chog‘ida TSAHAL Eron rejimi Yevropa, Osiyo va Afrikaning o‘nlab mamlakatlariga tahdid soladigan, uchish masofasi 4000 kilometrgacha yetadigan raketalarni ishlab chiqarish niyatida ekanini aniqlagandi. Eron rejimi buni rad etdi. Bu haqda aytgandik: Eron terrorchi rejimi global xavf tug‘dirmoqda. Endi – London, Parij yoki Berlingacha yetib bora oladigan raketalar bilan», – deyiladi isroilliklar bayonotida.