Armaniston KXShT sammitida qatnashmadi. Yerevanning tashkilotdan chiqishi aniqmi?
Fransiya Armanistonga harbiy texnikalar yuborishi fonida, KXShTning Minsk sammiti Yerevanning ishtirokisiz o‘tdi. Xo‘sh, Qorabog‘dagi uzoq yillik mojaro yakunlanib, tinchlik kelishuviga harakat bo‘layotgan bir vaqtda Janubiy Kavkazda vaziyat qanday shakllanyapti?

Mavzu atrofidagi savollarga siyosiy tahlilchilar Kamoliddin Rabbimov va Jahongir Akramov Kun.uz'ning “Geosiyosat” ruknida javob berdi.
— Ko‘plab tahlilchilar Qorabog‘ urushi mazmunan yakunlandi, deyishadi, lekin Armaniston nega yana qurol importini kuchaytirdi?
Kamoliddin Rabbimov: Qorabog‘dagi urush to‘xtadi deb o‘ylayman. Armanistonning Qorabog‘ni qaytarib olish uchun jamuljam resurslari yo‘q. Bu avvalo huquqiy resurs: butun dunyo hamjamiyati Qorabog‘ni Ozarboyjon hududi sifatida tan oladi. Sobiq ittifoq parchalangach, Ozarboyjon BMTga Qorabog‘ bilan kirgan, ittifoq paytida ham Qorabog‘ Ozarboyjon hududi sifatida e’tirof etilgan. 90-yillar boshidagi Qorabog‘ urushida hududni Armaniston bosib oldi. Ozarboyjon 2020 yilga kelib [Qorabog‘ning asosiy qismini, 2023 yilda to‘liq] qaytarib oldi.
Bugunda Armanistonda Qorabog‘ ustidan yana nazorat o‘rnatish uchun insoniy, iqtisodiy, harbiy va boshqa resurslar mavjud emas. Shunday bo‘lsa-da, Armaniston qurollanishda davom etyapti. Asosiy sabab – Janubiy Kavkazdagi va mintaqadagi vaziyat qaytadan transformatsiya bo‘lyapti. Ukraina urushi boshlangach, Rossiyaning possovet hududidagi mavqeyi nihoyatda zaiflashdi. Chunki butun resurslar Ukrainaga qaratildi, davlatlarning qudrati esa kuch ishlatish qobiliyati bilan o‘lchanadi. Ukraina urushida Rossiyaning harbiy infratuzilmasi eskirib ketgani ma’lum bo‘ldi. Qorabog‘ urushida Rossiya yordam bermagach, Armaniston mustaqil geosiyosiy vektor tomon keta boshladi. Mintaqadagi uchala davlat ham qurollanishda davom etyapti. Menimcha, Armaniston Qorabog‘ni qaytarish uchun qurollanayotgani yo‘q. Rossiya, Eron va Turkiya bu mintaqaga G‘arbdan kimdir kirib kelishini istamaydi.
Jahongir Akramov: Geosiyosiy vaziyat 90-yillardagidan o‘zgargan. 21-asr boshida uchta omil Ozarboyjon foydasiga ishladi: Turkiyaning kuchayishi, 2014 yildan so‘ng Rossiya va G‘arb tirashuvining ortishi hamda Ozarboyjonning o‘z imkoniyatlari kengayishi. Bundan tashqari, arman lobbisi ta’siri avvalgiday bo‘lmay qoldi.
Qurollanish masalasiga kelsak, menimcha ham Armaniston Qorabog‘ni qaytarib olmoqchi emas, shunchaki o‘z xavfsizligini ta’minlamoqchi. Rossiyadan uzoqlashish omili ham bor bu yerda. G‘arb davlatlari manfaatlari ham bor, birinchi o‘rinda Fransiya manfaatlari, chunki u yerda arman lobbisi ta’sirga ega. Bundan tashqari, Turkiyaning kuchayib ketayotganini ham nisbatan cheklash, kuchlar muvozanatini yaqinlashtirish maqsadi ham bor.
— Fransiyaning Janubiy Kavkazga qurol yuborishi – Afrikadagi ta’siri kuchsizlanayotgan Parijning Eron va Rossiyaga nisbatan javob yurishi deyish mumkinmi?
Kamoliddin Rabbimov: Fransiya va Armaniston aloqalari an’anaviy, tarixan kuchli bo‘lgan. Armaniston Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi, Moskvaga yo‘nalish olgan paytlarda ham Fransiya bilan munosabatlar ijobiy bo‘lgan. Fransiyada so‘nggi 2-3 yilda possovet hududi davlatlariga nisbatan geosiyosiy qarashlar o‘zgardi. Chunki 5 ta Afrika davlatida hukumatlar ag‘darildi yoki o‘zgardi. Fransiya qarashiga ko‘ra, bu inqiloblarda Rossiyaning qo‘li bor. Shuning uchun Kavkazda o‘ch olmoqchi, degan talqin keng tarqalmoqda.
Eron bilan Fransiya munosabatlari nisbatan yumshoq bo‘lgan. Eronga bo‘lgan sanksiyalar boshida AQSh va anglosakson davlatlari turadi. YeIda ham davlatlarning geosiyosiy pozitsiyasi bir xil emas. YeI Vashingtondan mustaqil bo‘lishi kerak deydigan davlatlar bayroqdori Fransiya hisoblanadi. Obama davrida Eronga sanksiyalar nisbatan yumshagach, eng birinchi bo‘lib Eronga kirib borgan davlat Fransiya edi. Tramp davrida yana sanksiyalar kuchaydi, g‘arb davlatlari yana Erondan uzoqlashdi, lekin Fransiya nisbatan hamkorlikni saqlab qoldi.
Jahongir Akramov: Fransiya AQSh va Angliya kabi davlatlarni tiyib turishga harakat qiladi doim. Yuqorida aytilganidek, Fransiyaning Kavkazga kirib borishi – Afrikadagi siyosatga javob. Dunyoda qurol-yarog‘ savdosi birinchi o‘rindagi foydali savdo hisoblanadi. Hozirgi murakkab holatda shu yo‘nalish bilan kirib borish o‘ziga yarasha reklama va strategik qadamlar hisoblanadi.
Bundan tashqari, Ozarboyjon Isroil bilan hamkor, Isroil esa AQShning eng yaqin ittifoqchisi. Shuning uchun ham Armanistonga yordam berayotgan bo‘lishi mumkin.
— Yerevanning Rim statutini ratifikatsiya qilishi va KXShT uchrashuvlaridan butkul bosh tortishi Armaniston Rossiyadan to‘laqonli yuz o‘girdi deyishga asos bo‘ladimi?
Kamoliddin Rabbimov: Yuz o‘girdi deyish mumkin, bunga asoslar bor. Mintaqadagi geosiyosiy yo‘nalishlar qayta formatlashyapti. Ma’lum bir hodisalardan keyin biror bir davlat yoki mintaqa geosiyosiy vaziyatni qayta shakllantiradi. Armanistonning asosiy geosiyosiy konsepsiyasi Rossiyaga yaqin bo‘lish edi, o‘tgan asrlarda ham Rossiya davlatchiligi qay shaklda bo‘lgan bo‘lsa ham, Armaniston yaqin ittifoqchisi bo‘lgan. Ammo bu vaziyat 2020 yildagi Qorabog‘ urushiga qadar davom etdi. Urush paytida Armaniston Rossiyadan yordam so‘radi, ammo Rossiya urush harakatlari Armaniston chegarasiga o‘tsagina yordam berishini bildirdi. Bu degani Qorabog‘ rasman Ozarboyjon yeri degani. Putin yoki boshqa g‘arb davlatlari tan olmasdan iloji yo‘q buni. Xalqaro huquq juda kuchli narsa.
Qorabog‘ Ozarboyjonga qaytgach, Armanistonning Rossiyaga bo‘lgan geosiyosiy ehtiyoji tugadi. Turkiya prezidenti ham Armanistonga murojaat qilib, o‘z xavfsizligingiz uchun minglab kilometr uzoqdagilar bilan emas, qo‘shnilar bilan aloqalarni yaxshilang, dedi. Armanistonga paket taklif etilyapti, buni Turkiya, Ozarboyjon va boshqa davlatlar qo‘llayapti. Qorabog‘ qaytarilgach, Armaniston va Ozarboyjon o‘rtasida ziddiyatga sabab qolgani yo‘q bugun.
Pashinyan uchun og‘ir davr hozir, davlat ichida ham unga xoin deb qarashlar bor. Armanistonda fundamental imkoniyatlar yo‘q edi Ozarboyjonga qarshi turish uchun, bunda inson resurslari, iqtisodiy va boshqa omillar bor. Turkiya yordami bilan Ozarboyjon juda samarali harbiy operatsiya o‘tkazdi va juda qisqa muddatda Qorabog‘ni tortib oldi. Mana shunday holatda Rossiya va KXShTga bo‘lgan ehtiyoj tugadi. Rasmiy Yerevan Pashenyan boshchiligida AQSh, YeI va NATOga geosiyosiy yo‘nalish oladi.
— Armaniston yaqin kelajakda KXShTdan rasman chiqib ketishi mumkinmi?
Kamoliddin Rabbimov: Armanistonda Rossiya bizga do‘st emas, degan siyosiy qarash shakllanib bo‘ldi. Lekin Rossiyaning Armanistonga ta’sir qilish vositalari hali ko‘p. Ukraina urushi boshlanganidan bir yarim yil o‘tib, Yaqin Sharqda hozirgidek vaziyat paydo bo‘ldi va butun geosiyosiy holatni izdan chiqardi, bir-ikki yildan keyin Armanistonda nima bo‘lishini ham birov bilmaydi.
Jahongir Akramov: Janubiy Kavkazdagi vaziyatni o‘zgartirgan eng asosiy voqelik o‘tgan yili boshlangan Ukraina urushi bo‘ldi. Bungacha Rossiya o‘z ta’sirini saqlab kelayotgan edi. O‘tgan yili sentabrda Ozarboyjon va Armaniston chegarasida to‘qnashuv bo‘ldi, bir necha yuz inson halok bo‘ldi. Balki bu razvedka urushi bo‘lgandir, geosiyosiy va harbiy vaziyatni bilish uchun. Shu vaziyatda KXShTdan yordam bo‘lmadi va yakuniy xulosaga kelindi, menimcha.
Armanistonning kelajakda Rossiya yetakchi bo‘lgan 3 ta asosiy tashkilotdan chiqish ehtimoli katta. Ya’ni Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi, MDH va KXShT. Bu ajralish sekinlik bilan, bosqichma-bosqich bo‘lishi kutilyapti. Armanistonni cho‘chitadigan narsalar bor, ya’ni energetika, xavfsizlik masalalari. Bundan tashqari, Rossiyadagi armanistonlik migrantlar bor. Shuning uchun sekinlik bilan bunday tashkilotlardan chiqib ketadi, agar kutilmagan, keskin geosiyosiy burilishlar bo‘lmasa.
NurmuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.
Tavsiya etamiz
No Partey, no party. «Arsenal» nega yutqazdi?
Sport | 13:50 / 30.04.2025
Fuqarolarga yoshga doir pensiyani tayinlash tartibi yengillashtirilyapti
O‘zbekiston | 11:37 / 30.04.2025
Toshkentda avtobuslar konditsioneri qachon yoqiladi?
O‘zbekiston | 20:40 / 29.04.2025
«Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston» temiryo‘l tunneli qurilishi boshlandi
Jahon | 17:12 / 29.04.2025
So‘nggi yangiliklar
-
Hindiston Pokiston samolyotlari uchun havo makonini yopdi
Jahon | 01:55
-
YeChL. "Barselona" ikki marta kambek qilib, "Inter"ga qarshi o‘yinda mag‘lubiyatdan qutulib qoldi
Sport | 01:53
-
NATO razvedkasi: Rossiya armiyasiga har oy 30-40 ming kishi yollanmoqda
Jahon | 01:15
-
Urumchida O‘zbekiston-Xitoy iqtisodiy forumi bo‘lib o‘tdi
Jahon | 01:01
Mavzuga oid

01:15
NATO razvedkasi: Rossiya armiyasiga har oy 30-40 ming kishi yollanmoqda

20:06 / 30.04.2025
Rossiya va KXDR o‘rtasida avtomobil ko‘prigini qurish boshlandi

18:55 / 30.04.2025
Tramp va Zelenskiyning Vatikandagi 15 daqiqalik suhbati tafsilotlari ma’lum qilindi

16:03 / 30.04.2025