Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Adam «tirildi», Kim merosxo‘r tanladi, G‘azoga futbol qaytdi – hafta dayjesti
Assalomu alaykum, azizlar. Bugun 15 fevral, yakshanba. Hafta davomida dunyoda qiziq ishlar bo‘ldi. Amerika Yevropa bilan ittifoqchi bo‘lmoqchi emasligini bildirdi, lekin Kavkaz davlatlari bilan muhim kelishuvlar imzoladi. KXDR lideri Kim o‘ziga siyosiy merosxo‘r tanladi, Adam Qodirov otasining ta’biri bilan aytganda «tirilib keldi». Quyida haftaning ba’zi muhim voqealarini birgalikda eslaymiz.
AQSh kuchli ittifoqchi istamoqda
Haftaning eng muhim tadbiri Germaniyada o‘tkazildi. An’anaviy Myunxen xavfsizlik konferensiyasi bu yil ham asosan Ukrainadagi urushga bag‘ishlandi. Unda qatnashgan AQSh davlat kotibi Marko Rubio amalda hech qanday yangilik aytmadi, Amerika bosh diplomati Vashington Yevropa bilan ittifoqchi bo‘lishni istamayotganini aytdi. Albatta, bu gapni oldingi anjumanda qatnashgan vitse-prezident Vens kabi qo‘pol tarzda emas, biroz yumshoqroq ohangda aytdi, lekin mazmun o‘sha.
Rubioning aytishicha, Amerika kuchsiz ittifoqchiga ega bo‘lishni istamas ekan, ularga o‘zini himoya qila oladigan ittifoqchi kerak ekan. Kotib yevropaliklarni iqlim muammosi sabab yashil energetikaga o‘tishga urinayotgani va migratsiya siyosati uchun ham tanqid qildi: «Biz iqlimni bahona qilib energetika siyosatida o‘zimizni cheklayotganda, raqobatchilarimiz ko‘mir va gazni nafaqat o‘z iqtisodiyoti uchun, balki bizga bosim o‘tkazish uchun ishlatmoqda. Biz boshqarib bo‘lmas migratsiya to‘lqini uchun eshigimizni lang ochib qo‘ydik».
Davlat kotibi o‘z nutqini yuqori notada yakunladi va amerikaliklarni «Yevropa bolalari» deb atadi: «Sarlavhalarda transatlantika davri o‘tgani aytilmoqda, lekin ishoning, bu bizning maqsadimiz emas. Biz amerikaliklar uchun G‘arbiy yarimshar uyimiz bo‘lsa ham, doim Yevropaning bolalari bo‘lib qolamiz».
Yakun chiroyli bo‘ldi, lekin yevropaliklar bu chiroyli gaplarga ishondi deya olmayman. Masalan, Rubiodan keyin sahnaga chiqqan Yevrokomissiya prezidenti Ursula fon der Lyayyen xonim Vashingtonning ohangi o‘zgarganiga qaramay, Yevropa va AQSh munosabatlari tarangligicha qolayotgani, o‘rtada unutish imkonsiz bo‘lgan ishlar bo‘lib ketganini aytdi.
Kelib chiqishi kubalik bo‘lgan davlat kotibi «amerikaliklar Yevropa bolalari» ekani haqidagi gapini kelib chiqishi nemislardan bo‘lgan xo‘jayini mister Trampdan so‘rab gapirdimi-yo‘qmi, bilmadim. Prezident Tramp Yevropa manziliga aytgan gaplarini unutish chindan imkonsiz. Axir Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatga yerini bosib olish bilan hatto Rossiya tahdid qilmagan.
Adam Qodirov «tirildi»
Juda ko‘p o‘zbekistonliklar yaxshi ko‘radigan Ramzan Qodirov haftaning eng shov-shuvli videolaridan birini e’lon qildi. Oldinroq Qodirovning merosxo‘r o‘g‘li Adam Qodirov avtohalokatga uchragandi. Checheniston rahbari bu xabarlarni yolg‘on deb atab keldi. Lekin otasi tomonidan ochiqchasiga o‘rinbosar o‘laroq tayyorlanayotgan Adam Qodirov ko‘rinmay qolgani, Grozniydagi voqealar, Moskvaga Qodirovning samolyotlari serqatnov bo‘lgani chindan nimadir bo‘lganidan darak edi.
Qodirov o‘g‘li Adamning yangi videosini e’lon qildi. Unda 18 yoshli merosxo‘rning ozib qolgani, yuz shakli ham o‘zgarganini ko‘rish mumkin. Qodirov videoda o‘z uslubiga xos chechencha gapirgan va orada o‘g‘lini ko‘rsatib, ruschada «voskresshiy», ya’ni tirilib kelgan, degan. Bolaning tashqi ko‘rinishi keskin o‘zgarganini sezish qiyin emas.
Rossiya mustaqil nashrlarining yozishicha, avtohalokatdan keyin kichik Qodirovni Moskvadagi Botkin kasalxonasiga olib ketishgan. Checheniston hayotini faol yorituvchi «Novaya gazeta Yevropa» nashrining yozishicha, Adamning jag‘ suyagida yoriq aniqlangan, shu sabab unga qattiq ovqatlar yeyish taqiqlanib, olti oy qat’iy parhez belgilangan. Unda ko‘rish bilan bog‘liq muammo paydo bo‘lgan, shuningdek, talog‘i olib tashlangan bo‘lishi mumkin.
Vens Kavkazda
AQSh vitse-prezidenti Jyey Di Vens hafta davomida Armaniston va Ozarboyjonga bordi. Avvaliga Yerevanga borgan Vens Vashington bo‘lajak saylovlarda Nikol Pashinyanni qo‘llashini bildirdi. Arman armiyasiga Amerikaning razvedka dronlari yetkazib beriladigan bo‘ldi. Vens Vashington va Yerevan o‘rtasidagi yadroviy kelishuv haqida ham e’lon qildi. Bu kelishuv Amerika Armanistonda kichik yadro reaktorlari qurishiga yo‘l ochadi.
Shuningdek, Amerika Armaniston IT-sektoriga 4 milliard dollar investitsiya kiritadi. Vashington Nvidia kompaniyasi Armanistonga 41 mingta chip sotishiga ruxsat beradi. Pashinyan va Vens Ozarboyjonning asosiy qismini mamlakatga tegishli Naxichevon eksklavi bilan bog‘laydigan Armaniston orqali o‘tuvchi yo‘l masalasini ham muhokama qildi. Yo‘lning nomi nima ekanini bilasizmi? Tramp marshruti. Amerika prezidenti Pashinyan va Aliyevni Vashingtonda uchrashtirib, yo‘l qurishga yordam berishini aytgan va uni o‘z nomi bilan atalishini taklif qilgandi.
Shu tariqa Amerika vitse-prezidenti tarixda ilk marta Armanistonga bordi. Tarixda ilk marta Armaniston armiyasida Amerika quroli bo‘ladi. Ma’lumot uchun, Armaniston hamon Rossiyaning ittifoqchisi...
Yerevandan keyin Vens Bokuga bordi. U yerda AQSh va Ozarboyjon o‘rtasida harbiy hamkorlik, atom energetikasi, kiberxavfsizlik sohasidagi hamkorlik bo‘yicha xartiya imzolandi. Vens Aliyevga ham Amerika qurollari, xususan, Kaspiyda chegarani qo‘riqlash uchun karterlar va’da qildi.
Vensning Kavkazga tashrifi Rossiyaning mintaqadagi ta’siri pasayib borayotganini isbotladi. Hozir Armaniston ham, Ozarboyjon ham Rossiya bilan yaxshi munosabatda emas. Yerevan Qorabog‘ urushida Rossiya armanlarga yordam bermadi, deb hisoblaydi. AZAL aviakompaniyasi samolyoti Rossiya harbiylari tomonidan o‘qqa tutilganidan keyin Bokuning ham Moskva bilan munosabatlari sovuqlashdi. Aliyev ochiqchasiga bo‘lmasa ham Rossiya Ukrainaga bostirib kirgani haqida gapirdi. Kuni kecha Aliyev Myunxen konferensiyasi doirasida Ukraina prezidenti Zelenskiy bilan uchrashib, Rossiyani Ozarboyjonning Ukrainadagi elchixonasiga atay zarba berishda aybladi.
«Urush bitta qo‘ng‘iroq bilan tugashi mumkin»
Myunxen konferensiyasida chiqish qilgan AQShning NATOdagi elchisi Metyu Uitaker qiziq gap aytdi. Uning fikricha, Xitoy Ukrainadagi urushni birgina qo‘ng‘iroq bilan tugatishi mumkin ekan: «Xitoy Putinga qo‘ng‘iroq qilishi va ertagayoq urushni tugatishi mumkin». Uning fikricha, Xitoy Rossiyaga ikki maqsadli tovarlarni sotishni, rus gazi va neftini sotib olishni bas qilsa, Kreml urushni tugatishga majbur bo‘larkan.
Aytgancha, shu kunlarda Ukraina Xitoy bilan aloqalarni yaxshilashga kirishib qoldi. Ikki davlat tashqi ishlar vazirlari uchrashdi, Ukraina bosh diplomati Sibiganing aytishicha, davlat rahbarlari doirasida uchrashuv ham bo‘lishi mumkin ekan. Sibigaga ko‘ra, Ukraina tomoni Xitoy Rossiyaga odam o‘ldiradigan qurol yetkazib bermayapti degan xulosaga kelgan. Shuningdek, diplomat Xitoy Ukrainaning hamon eng yirik savdo hamkori ekanini eslatdi.
Lekin amerikalik chinovnik aytganidek Xitoy urushni bitta qo‘ng‘iroq bilan tugata olmaydi. Bu bitta telefonda hal qilinadigan ko‘cha urushi emas. Janob Uitaker, hozir bitta telefon bilan faqat pitssa buyurtma qilishingiz mumkin, o‘shanda ham liniya band bo‘lmasa. Dunyoda hozirgi urushni tugata oladigan bitta telefon bor, smartfon emas, oddiy uy telefoni. Qizil maydon yaqinidagi bir kabinetda turadigan o‘sha telefondan qo‘ng‘iroq qilib «bo‘ldi, tugatinglar», deyilsagina urush tugashi mumkin. Boshqa telefonlarning bunga kuchi yetmaydi. Tugatsa, Oq uydagi telefon tugatgan bo‘lardi.
Kim merosxo‘r tanladi
Shimoliy Koreya yetakchisi Kim 14 yoshli qizi Kim Ju Ayeni o‘zining o‘rinbosari sifatida tanlab bo‘libdi. Bu haqda Janubiy Koreya razvedkasiga tayanib Reuters yozib chiqdi. Janublik razvedkachilar borgan sari ko‘proq omma oldida ko‘rinish berayotgan kichik Kim harbiy yig‘ilishlarda ham qatnashayotganiga e’tibor qaratgan. Qizaloqqa tez orada partiya doirasida lavozim berilishi ham mumkin ekan.
Hafta suratlari
Bugundan haftalik dayjestlarimizni hafta suratlari bilan yakunlashga qaror qildik. Dunyo katta, zo‘r suratkashlar ko‘p, har hafta juda yaxshi kadrlar e’lon qilinadi. Ularni sizga ulashib borsak, menimcha, qiziqarli bo‘ladi.
Hafta davomida Oq uy sevishganlar kuniga bag‘ishlab g‘alati sovg‘a suratlari e’lon qildi. O‘zi Trampning ikkinchi muddatida Oq uyning Twitter akkaunti xuddi ko‘ngilochar sahifalar kabi ishlamoqda. Bilasiz, g‘arbliklar 14 fevralni sevishganlar kuni sifatida nishonlaydi, nega bunaqa bayram qilishlarini to‘g‘risi tushunmayman. Xuddi inson sevgan odamini faqat bir kun sevadiganday.
Oq uy e’lon qilgan suratlarda ikkitasi ajralib turadi. Ulardan birida Venesuela prezidenti Nikolas Maduroning amerikalik harbiylar tomonidan qo‘lga olingandagi rasmi tasvirlanib, unga «sen mening yuragimni zabt etding» deb yozilgan. Ya’ni You captured my heart. Captured so‘zi qo‘lga olish ma’nosida ham ishlatiladi. Shu tariqa Oq uydagilar so‘z o‘yini qilgan. Boshqa bir kartinada yurak ichida Grenlandiya tasvirlanib, unga «munosabatlarimizga oydinlik kiritib olishimiz kerak» deb yozilgan.
Haftaning eng zo‘r surati esa Muhammad Isa degan jurnalist tomonidan G‘azoda olindi. Jurnalist vayronalar orasidagi futbol maydonida to‘p tepayotgan g‘azoliklarni suratga oldi. Ayniqsa yuqoridan olingan kadr juda zo‘r chiqqan. To‘rt tomonda Isroil kulini ko‘kka sovurgan shahar, vayronalar va o‘rtada futbol maydonida to‘p tepayotgan yosh yigitlar.
Bu ajoyib o‘yin menga hayotni eslatadi, balki men futbolsiz hayotimni tasavvur qila olmaganim uchun shundaydir. Futbol bu – kurash, halol kurash, teng kurash, hammaning imkoniyati bir xil. Natija hech qachon yolg‘iz o‘zingga bog‘liq emas, doim yoningda seni tushunadigan sheriklaring, maydon chetida xatolaringni ko‘rsatadigan dono murabbiy bo‘lishi kerak.
Futbolda doim g‘alaba qozonish imkonsiz, lekin doim g‘alaba uchun kurashasan, xuddi hayotda bo‘lgani kabi. Doim g‘alaba uchun kurashish inson hayotiga mazmun bag‘ishlaydi, unga bitmas-tuganmas motivatsiya va adrenalin beradi. Isroil absurd iddaolari bilan G‘azoni yo‘q qilmoqchi bo‘ldi, lekin buning uddasidan chiqolmadi. G‘azolik yigitlar vayronalar ostidan omon chiqib, bugun yana futbol o‘ynamoqda. Ular yana g‘alaba uchun oldinga bormoqda.
Futbolda g‘alaba uchun hech qachon to‘xtab qolmaslik muhim, xuddi hayotda bo‘lgani kabi. Hech qachon harakatdan, oldinga intilishdan to‘xtamaslik kerak. G‘alaba, albatta, keladi. Omon bo‘ling, azizlar. Harakatdan to‘xtamang, g‘olib bo‘ling va albatta, futbol tomosha qiling.