O‘zbekiston | 18:23 / 29.05.2026
8786
3 daqiqa o‘qiladi

Prezident farmoni bilan madaniyat va san’at vakillariga davlat mukofotlari topshirildi

Senatda bo‘lib o‘tgan tantanali marosimda madaniyat, san’at va adabiyot sohasi vakillariga “Shuhrat” medali, “Do‘stlik” va “Mehnat shuhrati” ordenlari hamda boshqa davlat mukofotlari topshirildi.

28 may kuni prezident Shavkat Mirziyoyev imzolagan farmonga muvofiq madaniyat, san’at va adabiyot sohalari vakillari davlat mukofotlari bilan taqdirlandi. 29 may kuni esa ushbu mukofotlarni topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Taqdirlanganlar orasida xalq sevgan san’atkorlar, shoirlar, bastakorlar, teatr va kino vakillari bor. Farmonga ko‘ra ularning 52 nafari “Shuhrat” medali, 44 nafari “Do‘stlik” ordeni va 24 nafari “Mehnat shuhrati” ordeni hamda boshqa turli mukofotlar bilan taqdirlangan.

“Niyat qilardim prezidentimiz qo‘llaridan unvonlar, ordenlar olishni. O‘shalarning ijobati bugun, judayam xursandman. Bu mukofot faqat menga emas, butun Muqimiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik musiqali teatrining har bir xodimiga berilgan baho, yuksak e’tirof. Jamoamiz judayam xursand. Maqsuda Otajonovaga “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist” unvoni, Muqaddas Mamadaliyevaga “Shuhrat” medali, menga “Mehnat shuhrati” ordeni berishganidan boshimiz osmonda”, - deydi “Mehnat shuhrati” ordeni sohibi.

Taqdirlanganlar orasida ustoz-shogird an’anasini davom ettirib kelayotgan ijodkorlar ham bor.

“Birinchi qilgan ishim “Shuhrat” medalini tavsifi bilan tanishish bo‘ldi, o‘qib chiqdim va bizning mehnatimizni shunga loyiq topishganidan xursand bo‘ldim. Hammaga, taqdirlaganlarga rahmat va shungacha men bilan kelishda birga turgan butun jamoamga rahmat aytaman. Bu yerda mening ismim yozilgan, lekin jamoamizdagi xizmati bor bunda”, - deydi “Shuhrat” medali sohibi Mirshakar Fayzullayev.

Shuningdek, milliy madaniyat rivojiga hissa qo‘shgan 24 nafar marhum ijodkor ham davlat mukofotlariga loyiq ko‘rildi.

“Men bitta narsani aytgim keladi, bizni kuzatayotgan adolatli ko‘zlar borligiga yurak-yuragimdan ijodkor sifatida suyundim. “O‘lding-o‘chding” degan gap to‘g‘ri emasligini bugun ko‘zimda yosh bilan esladim. Demak har bir qilingan ish, har bir natijasi aniq ijodiy mahsulot bera olgan ijodkorning ijodi bir chekkada qolib ketmas ekan. Qolmayapti ham. Bu e’tirof, bu e’tibor. Buni qo‘limizni ko‘ksimizga qo‘yib, boshimizni egib qabul qilamiz”, - deydi “Mehnat shuhrati” ordeni sohibi Tolib Hojiyev.

Tantanali marosim madaniyat va san’at ahliga qaratilayotgan e’tibor, milliy qadriyat va ma’naviyatni qo‘llab-quvvatlash siyosati izchil davom etayotganining yana bir ifodasi bo‘ldi.

Гулмира Тошниёзова
Muallif Гулмира Тошниёзова
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid