O‘zbekiston | 18:35 / 29.10.2021
30281
4 daqiqa o‘qiladi

Chilonzorda o‘nlab katta daraxtlarni kim va nega “bo‘g‘ib qo‘ygan”?

Chilonzor tumani Lutfiy ko‘chasidagi 56 tup daraxtning tagi landshaft yaratish vaji bilan polietilen kleyonka bilan o‘rab tashlangan. Natijada daraxtlarning ayrimlari quriy boshlagan, ayrimlarining ildiz qismida chirish belgilari bor. Ekoqo‘mita raisi o‘rinbosari bu qasddan qilingan deb hisoblashini bildirdi.

Ekologiya qo‘mitasi Toshkent shahri Chilonzor tumanida sodir etilgan huquqbuzarlik haqida Kun.uz'ga xabar qildi. Biz qo‘mita vakillari bilan birgalikda voqea joyiga bordik va 55 tup daraxt qay ahvolga solinganiga guvoh bo‘ldik.

Oqtepa chorrahasidan Farhod bozoriga olib boruvchi ko‘chaning Kichik halqa yo‘liga tutash 500 metr qismida ajoyib manzara bor: bir necha yil avval bu ko‘cha rekonstruksiya qilinib, kengaytirilgan bo‘lsa-da, ko‘chaning o‘rtasidagi daraxtlar kesilmasdan, saqlab qolingan. Ana shu 56 tup daraxt avtomobillar va piyodalar harakatiga xalal bermayotgan edi. Lekin nima uchundir bu daraxtlarning osti landshaft dizayn qilamiz, degan bahona bilan polietilen plyonka bilan yopib chiqilgan.

Tuman obodonlashtirish boshqarmasi amalga oshirgan bu ish tabiatga nisbatan vahshiylik emasmi? Voqea joyiga borganimizda daraxtlar ostidagi jamiki tirik o‘simlik, shuningdek, daraxtlar ildizi ham aeratsiya yo‘qligi tufayli chiriy boshlaganiga, daraxtlarning ayrimlari barglarini erta to‘kib yuborganiga, ayrimlari quriy boshlaganiga guvoh bo‘ldik. Ekologiya qo‘mitasi 56ta daraxtdan 33tasida qurish alomatlari borligini aniqladi. Tafsilotlar bilan videolavhamizda tanishing.

Jarayonda Ekologiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Islombek Boqijonov haqli savolni o‘rtaga tashladi: “Bu daraxtlar kimgadir xalal beryaptimi, kimga kerak bo‘lib qoldi ularni quritish?” O‘z navbatida, qo‘mitaga bizda ham savollar bor, ular quyiroqda.

Afsuski, moratoriyni chetlab o‘tish uchun biznes vakillari yoki mahalliy hokimliklar mutasaddilari turli nayranglarga qo‘l uryaptilar. Ayrimlar yashnab turgan daraxtlar ular qurayotgan obektga xalal berayotgani uchun ostiga kerosin quyib, gohida ostini betonlab, havo o‘tmaydigan darajaga olib kelib, quritib, keyin quriganlik bahonasida kesish uchun ruxsat olib, kesib tashlayotganlari – uchrab turgan holat.

Ekologiya inspektorlari biror obektda daraxtlar xatlovini o‘tkazgach, qurilish jarayoni va qurilish yakuniga yetganidan so‘ng daraxtlar xatlovini tekshirib, ular soni mutanosib ekaniga ishonch hosil qilyaptilarmi? Qonun buzilish holatlariga ko‘z yummayotganlariga kafolat bormi?

Biror shaxsga yer sotgan mahalliy hokimliklar hududning holatini, ekologik vaziyat va joriy etilgan taqiqlarni e'tiborga olyaptilarmi? Suv, havo, o‘simlik dunyosi kabi omillarni inobatga olishyaptimi? Endilikda auksion orqali sotilayotgan yerlarda mana shu faktorlar ham inobatga olinyaptimi? Katta-katta quruvchi kompaniyalar xarid qilgan yerlarida ekonazorat o‘tkazib borilyaptimi? Yoki biznes egasining “og‘irligi”ga qarab ayrim holatlarga ko‘z yumilyaptimi?

Savollarimiz, doimgidek, bisyor. Savollarimizga sekinlik bilan javob olyapmiz-u, lekin mana shu vaqt davomida ko‘p narsa yo‘qotib qo‘ymasak bo‘lgani. Shundoq ham tabiatni asrash yo‘nalishida yo‘qotganimiz topganimizdan ko‘proq.

Poytaxtning Chilonzor tumanida sodir bo‘lgan voqea barcha uchun ogohlik qo‘ng‘irog‘i bo‘lishi lozim. Jismoniy shaxsmi yo yuridik, tabiatga yetkazayotgan zararining oqibati nafaqat qandaydir moliyaviy jarimalar, balki kattaroq jazolarga tahqiq etilishini tushunishi lozim. Buning uchun esa qonunchilik yanada takomillashtirilishi, ekologiyaga mas'ullar esa ularning ijrosini ta'minlashi darkor. Bizdan keyin yashash uchun maqbul muhit qolishi kerak axir!

Bobur Akmalov,
Kun.uz muxbiri.
Tasvirchi – Nuriddin Nursaidov.

Mavzuga oid