O‘zbekiston | 12:57 / 24.05.2021
5104
3 daqiqa o‘qiladi

Sherzod Asadov: «Ilik ko‘chirish amaliyotlarini kelasi yildan o‘tkazish reja qilinmoqda»

Prezident matbuot kotibi ilik ko‘chirish amaliyotlariga davlat ko‘magi bo‘yicha ma'lumot berdi.

Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov OAV uchun o‘tkazilgan an'anaviy brifingda boshlangan haftada davlat rahbari ishtirokida qanday tadbirlar rejalashtirilgani to‘g‘risida ma'lumot berdi. Tadbir yakunida jurnalistlarning savollariga ham javob qaytarildi.

Kun.uz sayti muxbiri Abror Zohidov prezident matbuot kotibiga quyidagi savol bilan murojaat qildi:

“Ma'lumki, davlat rahbari hayit kunlarida onkologiya va gematologiya shifoxonalariga tashrif buyurdi. Tashrif chog‘ida ilik ko‘chirish operatsiyalarining 50 foiz to‘lovi davlat tomonidan qoplab berilishi ma'lum qilindi. Hozirda ko‘pchilik ota-onalarni shu savol qiziqtirmoqda – bu reja qachon amalga oshadi va mablag‘ masalasida kimga murojaat qilish kerak?”

“Ilik ko‘chirish bu juda murakkab tibbiy amaliyot bo‘lib, buning uchun yuqori texnologik laborator asbob-uskunalar, juda malakali mutaxassislar kerak. Bizdagi ma'lumotlarga qaraganda, fuqarolar hozirda bu operatsiya uchun Hindistondagi klinikalarga murojaat qilmoqda. Hindistonda bu amaliyot boshqa joylarga qaraganda arzon – 30-50 ming dollargacha. Chunki, Yevropa davlatlarida bu amaliyot 100 ming dollardan ortiq. Bu katta pul. Buncha mablag‘ni topish kasallikka chalingan bolalarning ota-onalari uchun og‘irlik qiladi.

Shu bois, davlatimiz rahbari tibbiyotning bunday amaliyotlarini o‘zimizda yo‘lga qo‘yish, bemorlarga, ularning ota-onalariga yengillik yaratish maqsadida amaliyotlar 50 foizini davlat hisobidan qoplab berish topshirig‘ini berdilar.

Hozirda Gematologiya markazi va Rossiyaning D.Rogachev nomidagi bolalar gematologiya, onkologiya va immunologiya instituti o‘rtasida ilik ko‘chirishda yangi davo usullarini tatbiq qilish bo‘yicha memorandum imzolandi. Memorandum asosida yurtimiz mutaxassislari xorijiy tajriba o‘rganishga, malaka oshirishga jo‘natiladi. Shundan keyin o‘zimizda joriy qilinadi. Sog‘liqni saqlash vazirligi dastlabki hisob-kitoblariga ko‘ra, ilik ko‘chirish amaliyotlarini yurtimizda kelasi yildan o‘tkazish reja qilinmoqda.

Shuningdek, Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va tibbiy radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida davolanayotgan va doimiy nazoratda bo‘lgan ehtiyojmand bolalar ro‘yxati shakllantirilib, ularni Germaniyadagi “Sherite” klinikasi, Rossiyadagi D.Rogachev va N.Bloxin klinikalariga davolanish uchun yuborish rejalashtirilgan. Bunga sarflanadigan xarajatlar bir qismini qoplab berish masalasi ham hozirda ko‘rib chiqilmoqda”, deya javob berdi Sherzod Asadov.

Mavzuga oid