Respublika onkologiya va radiologiya markazida bemorlar soni kun sayin ortib borayotgan bir paytda, Toşkent şahar va Toşkent viloyati onkologiya şifoxonalarining yopilişi vaziyatni yanada oğirlaştirmoqda. Uzun navbatlar, joy yetişmasligi, işdan böşatişlar va yam-yaşil hududning kelgusi taqdiri böyiça jamoatçilikda jiddiy savollar paydo bölmoqda.
Respublika onkologiya va radiologiya markazida saratonga çalingan yuzlab kasallar uzundan uzoq navbatda turişga majbur. Ular Özbekistonning barça hududlaridan şifokor qabuliga kiriş, diagnostika va muolajalar uçun kelişgan.
2025 yil 10 dekabr, soat 10:00 holatiga köra, navbatning oxiri 249-örinda. Ya’ni bitta bemor şifokorga kirişi uçun undan oldin 248 kişi qabuldan ötişi kerak. Hozirça bu navbatda faqat viloyatlardan kelgan bemorlar turişibdi – hozirça.
Yaqin kunlarda esa Respublika onkologiya şifoxonasining Toşkent şahar va Toşkent viloyati filiallari yopilişi rejalaştirilgan. Bu esa minglab qöşimça bemorlar aynan şu markaz navbatiga kelib qöşilişini anglatadi. Allaqaçon joy yetişmayotgan, bemorlar tonggi soat 7 dan navbat olişga majbur bölayotgan şaroitda bu qaror qanday oqibatlarga olib kelişi noma’lum.
Bundan taşqari, filiallarda işlayotgan barça tibbiyot xodimlariga şartnomalar bekor qilinişi haqida ogohlantiriş xatlari tarqatilgan. Poytaxt Soğliqni saqlaş boş boşqarmasining 2 dekabrdagi buyruği bilan, şifoxonalarni böşatiş topşiriği berilgan.
Eng katta xavotirlardan yana biri – böşagan şifoxona hududlari taqdiri.
Jamoatçilik va ekofaollar bu hududlar ham quriliş uçun berib yuborilişi mumkinligidan xavotirda. Ayniqsa, Toşkent şahar onkologiya şifoxonasi hududida joylaşgan 1000 dan ortiq noyob daraxtlar masalasi oçiq qolmoqda.
“Yopiq qarorlar xavfi bor”
Ekofaol Alişer Nasimovga köra, hudud maxsus qöriqlanadigan hududga aylantirilişi kerak.
“Keça şifoxonaga bordim: köm-kök daraxtzor. Bu yerda 1000 dan ziyod daraxtlar bor. Ular orasida Qizil kitobga kiritilgan daraxtlar ham bor, Vazirlar Mahkamasining qarori bilan qimmatbaho navlarga kiradigan daraxtlar ham bor. Şifoxona hududi – haqiqiy mikroiqlim, boşqa joylarga nisbatan u yerda havo boşqaça – arçalar, çinorlar hammasi kislorod beradi, ayrimlari yoqimli hid çiqaradi.







