Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘zbekiston tashqi qarzi 2025 yilda 18 mlrd dollarga oshdi. Bu rekord ko‘rsatkich
2025 yil yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston umumiy tashqi qarzi 82,2 mlrd dollarga yetdi. Bunda davlat tashqi qarzi 40,5 mlrd dollar (+6,6 mlrd), xususiy sektor va davlat kompaniyalarining tashqi qarzlari esa 41,7 mlrd dollarga (+11,5 mlrd) teng bo‘ldi. O‘tgan yil davomida qarz 18,1 mlrd dollarga oshdi, bu rekord sur’atdagi o‘sishdir. Umumiy tashqi qarzning YaIMga nisbatan ulushi 55,8 foizni tashkil etyapti.
2025 yil yakunlari bo‘yicha O‘zbekistonning umumiy tashqi qarzi 82,2 mlrd dollarga yetdi. Bu – Markaziy bank hisobotida keltirilgan.
Umumiy tashqi qarz bir yil ichida 18,1 mlrd dollarga ko‘paygan. Tashqi qarzlarning 40,5 mlrd dollari – davlat qarzi, 41,7 mlrd dollari – korporativ tashqi qarzlardan iborat.
«Korporativ tashqi qarz tarkibida to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiya kiritgan xorijiy investorlardan jalb qilingan qarz mablag‘lari qoldig‘i 6,5 mlrd dollarni, xalqaro obligatsiyalar joylashtirish orqali jalb qilingan mablag‘lar qoldig‘i esa 7,3 mlrd dollarni tashkil etdi. Qolgan qismi esa xususiy sektor, jumladan, xo‘jalik sub’yektlari va banklar tomonidan investitsiya loyihalarini moliyalashtirish, aylanma mablag‘larni to‘ldirish va biznes faoliyatini kengaytirish maqsadlarida davlat kafolatisiz jalb qilingan kredit va qarzlar hisobiga shakllandi», deyiladi MB sharhida.
Tashqi qarz miqdori qanday o‘zgaryapti?
2025 yilda O‘zbekiston tarixida eng yuqori tashqi qarz o‘sishi qayd etildi – 18,1 mlrd dollar. Statistik ma’lumotlar yuritila boshlaganidan beri tashqi qarzning eng yuqori o‘sishi pandemiya davridagi 2020 yilda (9,2 mlrd dollar), 2023 yilda (9,8 mlrd dollar) hamda 2024 yilda (10,8 mlrd dollar) kuzatildi. Qonun bilan tartibga solish mexanizmlarining joriy qilinishi davlat tashqi qarzining oshishini nisbatan mo‘’tadillashtirdi. Masalan, davlat tashqi qarzining o‘sishi 2020 yilda 5,5 mlrd, 2021 yilda 2,3 mlrd, 2022 yilda 2,1 mlrd, 2023 yilda 3,9 mlrd, 2024 yilda 4,2 mlrd, 2025 yilda esa 6,6 mlrd dollarni tashkil etdi. Bu davrda umumiy o‘sish qariyb 90 foiz bo‘ldi. Korporativ qarz miqdorida esa keskin o‘sish kuzatilyapti. Xususan, 2020-2025 yillar oralig‘ida bu ko‘rsatkich 3,3 barobarga yoki 12,5 mlrd dollardan 41,7 mlrd dollargacha oshdi.

Joriy operatsiyalar hisobi
2025 yilda joriy operatsiyalar hisobi taqchilligi YaIMga nisbatan 3,9 foizni (5,8 mlrd dollar) tashkil etib, 2024 yildagi 4,7 foizga (5,7 mlrd dollar) nisbatan 0,8 foiz bandga qisqardi. Hisobot davrida eksportning importga nisbatan yuqoriroq sur’atlarda o‘sishi kuzatilgan bo‘lsa-da, import hajmining eksportga nisbatan katta bo‘lgani sabab tovar va xizmatlar savdosi balansi manfiy shakllanib, 19,9 mlrd dollarni tashkil etdi.
Ikkilamchi daromadlar bo‘yicha joriy transfertlarning sof hajmi sezilarli darajada oshishi natijasida mazkur komponent 13,7 mlrd dollar miqdorida ijobiy saldo bilan shakllanib, birlamchi daromadlar bo‘yicha sof tushumlar (371,4 mln dollar) bilan birgalikda savdo balansidagi manfiy saldoni qisman qopladi.

2025 yilda xalqaro bozorlarda xomashyo narxlarining yuqori darajada saqlanib qolishi, shuningdek, eksportbop mahsulotlarga tashqi talabning ortishi va norezidentlarga ko‘rsatilgan xizmatlar ko‘lamining kengayishi ta’sirida jami eksport hajmi 2024 yilga nisbatan 23 foizga o‘sib, 32,3 mlrd dollarni tashkil etdi (oltinsiz eksport – 22,5 mlrd dollar, o‘sish 20 foiz).
«Asosiy eksport xomashyo mahsulotlarining jahon bozoridagi narxlari tahliliga ko‘ra, 2025 yil davomida oltin narxi yil boshiga nisbatan 63 foizga, kumush narxi 2 barobarga, mis narxi 32 foizga va uran narxi 5 foizga oshgan. Shu bilan birga, to‘qimachilik sanoatining asosiy xomashyosi hisoblangan paxtaning jahon narxi 7 foizga pasaygan», deyiladi MB shahrida.
2025 yilda jami import hajmi 2024 yilga nisbatan 20 foizga ko‘payib, 52,2 mlrd dollarga yetdi. Bu mamlakatda investitsiyaviy faollik va ichki iste’mol talabi yuqori darajada saqlanib qolishi sharoitida mashina va uskunalar, kimyoviy va mineral mahsulotlar, shuningdek, maishiy va oziq-ovqat tovarlari hamda boshqa xomashyo importining davom etishi bilan izohlanadi. Shuningdek, importning eng yuqori hajmi o‘tgan yilning IV choragiga to‘g‘ri kelib, 15,3 mlrd dollarni tashkil etdi.
Markaziy bank ma’lumotiga ko‘ra, 2025 yilda O‘zbekistonga to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarning sof kiritilishi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,5 barobarga o‘sib, 4,4 mlrd dollarga teng bo‘ldi.
Portfel investitsiyalarning sof jalb qilinishi asosan xalqaro obligatsiyalar bilan bog‘liq operatsiyalar hisobiga o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 40 foizga oshib, 4,4 mlrd dollarga teng bo‘ldi.
Mavzuga oid
22:02 / 02.05.2026
O‘zbekiston va Qirg‘iziston “Qambarota GES-1” qurilishi bo‘yicha muzokara o‘tkazdi
11:48 / 16.04.2026
O‘zbekistonda aholi soni bo‘yicha yangi ma’lumot e’lon qilindi
09:56 / 16.04.2026
O‘zbekistonda moliyaviy jarimalar bo‘yicha yangi tartib joriy etiladi
20:03 / 05.04.2026