O‘zbekiston | 17:35 / 03.03.2021
18551
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyada o‘zbek tilidagi 12ta telekanal namoyishi yo‘lga qo‘yiladi

SPB TV kompaniyasi O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi (MTRK) bilan o‘zbek tilidagi ko‘rsatuvlarni butun MDH bo‘ylab translatsiya qilish bo‘yicha shartnoma imzoladi. Translatsiya mart oyidan boshlanishi ko‘zda tutilgan.

SPB TV kompaniyasi va MTRK o‘rtasida 12ta o‘zbek tilidagi telekanallarni mart oyidan boshlab MDH davlatlarida namoyish etish bo‘yicha shartnoma tuzildi.

«Kelishuvga muvofiq, birinchi marta o‘zbek tilidagi kontentlar Rossiya va MDH mamlakatlaridagi televizion platformalarga rasmiy kirish huquqini oladi. Potensial ravishda barcha hududlardagi tomoshabinlarning soni kamida 2,5 million kishini tashkil qiladi», deyilgan kompaniya matbuot xizmati xabarida.

Translatsiyalar mart oyida boshlanishi rejalashtirilgan va ba'zi provayderlar bilan kelishuvlarga erishilgan.

MDH davlatlaridagi tomoshabinlar o‘zbek tilida yangiliklar, sport va ko‘ngilochar dasturlardan barcha media qulayliklari yordamida foydalanishi mumkin.

SPB TV bosh direktori Kirill Filippov hozirda O‘zbekistonning 2 milliondan ortiq fuqarolari doimiy ravishda Rossiyada yashashini qayd etib o‘tgan.

«Ushbu auditoriya o‘z ona tilidagi dasturlardan ajralib qoldi. Bizning MTRK bilan kelishuvimiz bu muammoni hal qiladi. Ishonamanki, o‘zbek tilidagi sifatli va xilma-xil dasturlar talabga javob beradi va monetizatsiya uchun yangi istiqbollarni ochib beradi», deb ta'kidlagan u.

Mavzuga oid