21:24 / 13.02.2019
11891

TATUda AQSh universiteti magistraturasi uchun qabul davom etmoqda

AQShning Vebster universiteti va Al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti o‘rtasidagi hamkorlik asosida «Loyihalarni boshqarish»​ yo‘nalishi bo‘yicha magistratura bosqichiga hujjatlar qabuli davom etmoqda. Ta'lim Vebsterning Master of Business Administration (MVA ─ biznes boshqaruvi magistri) o‘quv dasturi asosida olib boriladi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri. 

Mazkur dastur AQShning Biznes-maktab va dasturlar akkreditatsiyasi kengashida akkreditatsiyalangan, shuningdek, Vebster universitetining faoliyati O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi tomonidan tasdiqlangan.

O‘quv kursi 3 semestr, 18 oy davom etadi. Har bir semestr uchun shartnoma to‘lovi 3000 AQSh dollari, umumiy hisobda 3 semestr uchun 9000 AQSh dollarini tashkil etadi. Ta'lim jarayoni TATUda xorijiy hamda saralangan mahalliy pedagog kadrlar tomonidan ingliz tilida olib boriladi.

O‘qishni muvaffaqiyatli tamomlaganlar Vebster universitetining MVA diplomiga ega bo‘lishadi.

Hujjat topshiruvchilar IELTS bo‘yicha 6.0dan past bo‘lmagan ko‘rsatkichga ega bo‘lishi, ta'limning bakalavriat bosqichini yakunlagan hamda iqtisodiyot, menejment, biznes sohasi bo‘yicha bazaviy ma'lumotga ega bo‘lishi talab etiladi.

O‘quv kursi 2019 yil mart oyidan boshlanadi. Hujjatlar 20 fevralga qadar qabul qilinadi.

Toshkentda AQSh oliygohining filialini ochish bo‘yicha O‘zbekiston Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi hamda Vebster universiteti o‘rtasidagi tegishli kelishuv Shavkat Mirziyoyevning Nyu-Yorkka 2018 yil sentabr oyida amalga oshirgan tashrifi doirasida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston ─ Amerika biznes forumi yakunlari bo‘yicha imzolangan edi.

Ma'lumot uchun, Vebster universiteti 1915 yilda Missuri shtatida tashkil etilgan. U Shveytsariya, Avstriya, Gretsiya, Gollandiya, Xitoy, Tailand va Ganada o‘z filiallariga ega. Universitet 2017 yili AQShning eng yaxshi oliygohlari reytingida 24 o‘rinni egallagan.​

Top