Jahon | 08:22
1293
4 daqiqa o‘qiladi

TSAHAL G‘azoda taxminan 70 ming kishi halok bo‘lganini tasdiqladi

TSAHAL ma’lumotlariga ko‘ra, G‘azodagi yo‘qotishlar miqyosi ham jang harakatlari natijasida, ham HAMASning muxoliflariga qarshi jazolash amaliyotlari va nosoz raketalarning qulashi oqibatida falastinliklarning halok bo‘lishi tufayli shakllangan. Bu esa tinch aholi qurbonlari sonini baholashni qiyinlashtiradi.

Foto: Dawoud Abu Alkas/REUTERS

Isroil mudofaa armiyasi (TSAHAL) birinchi marta Isroil kuchlari bilan Falastinning HAMAS harakati o‘rtasidagi urush davomida G‘azo sektorida taxminan 70 000 kishi halok bo‘lganini tasdiqladi. Bu haqda 2026 yil 29 yanvar, payshanba kuni The Jerusalem Post va The Times of Israel nashrlari xabar berdi.

TSAHAL ma’lumotlariga ko‘ra, shu sonning taxminan 25 000 nafari HAMAS jangchilari bo‘lgan. Isroil armiyasi, shuningdek, 2024 yilning ilk oylarigacha HAMAS G‘azodan uchirgan raketalarning taxminan 13 foizi texnik nuqsonlar sababli ishdan chiqqan va sektor hududiga tushganini qayd etadi — bu esa ko‘p sonli falastinliklarning halok bo‘lishiga olib kelgan.

TSAHAL bahosiga ko‘ra, HAMAS kuchlari ko‘plab falastinliklarni ham siyosiy muxolif deb hisoblagan, Isroil bilan hamkorlikda ayblagan yoki G‘azoning ayrim hududlaridan qochib chiqishga urinayotganlarga to‘sqinlik qilmoqchi bo‘lgan kishilarni qatl etgan. Hozir TSAHAL tinch aholi va jangchilar o‘rtasida halok bo‘lganlarning aniq nisbatini, shuningdek HAMAS vakillari tomonidan o‘ldirilgan odamlar sonini hisoblab chiqish ustida ishlamoqda.

G‘azo Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, hozirgi paytda halok bo‘lganlar soni 71 667 kishini tashkil etadi, shu jumladan 2025 yil oktyabrda o‘t ochish to‘xtatilganidan keyin o‘ldirilgan 450 nafardan ortiq kishi ham bor. Idora topilgan jasadlar bo‘yicha qurbonlarning 90 foizdan ortig‘ining ism-sharifini va shaxsini aniqlagan. Biroq u ushbu statistika grafasini aynan qanday tuzganini, xususan, halok bo‘lganlar orasida qancha jangchi bo‘lganini hamda ushbu hisobga tabiiy sabablar tufayli (masalan, kasalxonalarda) vafot etgan falastinliklar kiritilgan-kiritilmaganini ko‘rsatmagan.

Yaqin Sharqdagi vaziyat 2023 yil 7 oktyabr kuni keskin yomonlashdi. Yevropa Ittifoqi va AQShda terroristik tashkilot deb tan olingan harakat — HAMAS Isroilga qarshi keng ko‘lamli hujum uyushtirdi. Jangchilar Isroil bo‘ylab ommaviy raketa zarbalari berdi, uning hududiga bostirib kirdi va taxminan 1200 kishini o‘ldirdi. Shuningdek, jangchilar taxminan 250 nafar garovga olingan odamni asirga olib, G‘azo sektoriga olib ketdi. Garovdagilarning bir qismi almashuv yo‘li bilan yoki ozod etildi, bir qismi halok bo‘ldi.

Javob sifatida Isroil HAMASga qarshi urush e’lon qildi. Yer ustidagi operatsiya va G‘azo sektorini bombardimon qilishlar natijasida taxminan 170 ming kishi yaralangan. 

2025 yil oktyabr oyida Isroil hukumati va HAMAS AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyati ishlab chiqqan tinchlik rejasi asosida o‘t ochishni to‘xtatishga rozi bo‘ldi. Isroil va HAMAS o‘rtasidagi kelishuvlar bajarilishiga kafillar sifatida AQSh, Turkiya, Qatar va Misr ishtirok etdi. Birinchi bosqichda HAMAS tirik qolgan isroillik garovdagilarning barchasini Isroil qamoqxonalaridan falastinlik mahbuslarni ozod qilish evaziga qaytardi.

Yanvar oyining o‘rtalarida Oq uy Trampning G‘azo sektorida jang harakatlarini yakunlash rejasining ikkinchi bosqichi boshlanganini ma’lum qildi. Uning doirasida “Tinchlik kengashi” va unga hisobdor bo‘lgan milliy qo‘mita tashkil etilishi ko‘zda tutilgan — u hududni boshqarishni Falastin milliy ma’muriyati bu vazifani o‘z zimmasiga olishga tayyor bo‘lguncha amalga oshiradi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров

Mavzuga oid