Jahon | 22:44 / 23.01.2026
1760
11 daqiqa o‘qiladi

«Bosh reja bor, "B" reja yo‘q» – AQShning Yangi G‘azo rejasi tafsilotlari

Zamonaviy va yuzlab osmono‘par binolarga ega shaharlar, sayyohlarni jalb etadigan musaffo sohil va O‘rta yer dengiziga chiqadigan eng zamonaviy port. Davosdagi forumda Trampning kuyovi Jared Kushner «Yangi G‘azo»ni aynan shunday tasvirlab berdi. Xo‘sh, bu reja qanchalik haqiqatga yaqin, uni kimlar va qaysi pulga amalga oshiradi?

Foto: AP / White House

22 yanvar kuni Shvetsariyaning Davos shahrida AQSh prezidenti Donald Tramp bir nechta yetakchilar ishtirokida o‘zining Tinchlik kengashi nizomini ratifikatsiya qildi. Marosimdan keyin Donald Trampning kuyovi va sobiq maslahatchisi Jared Kushner G‘azoning kelajagi bo‘yicha rejalarini e’lon qildi.

«Bizda bosh reja bor… B rejasi yo‘q,» degan Kushner "New Gaza" deb atagan loyihasini slaydlar orqali taqdim etdi. Biroz shoshma-shosharlik o‘tgandek tuyulgan taqdimotda xaritadagi turar joylar, ma’lumotlar markazlari va sanoat bog‘lari uchun ajratilgan hududlar ko‘rsatilgan. Rejaga ko‘ra, G‘azo butunlay yangidan quriladi.

Rafahdan boshlanadigan qurilishlar

Kushner tasavvuridagi kelajak G‘azosida O‘rta yer dengizi sohili bo‘ylab «sohil turizmi» zonasi barpo etiladi. CNN nashrining yozishicha, sohilda uzunligi 180 tagacha osmono‘par binoni sig‘dira oladigan katta hudud bo‘lib, ularning aksariyati mehmonxonalar bo‘lishi rejalashtirilgan.

Foto: Oq uy matbuot xizmati

G‘azoning janubi-g‘arbiy qismida esa Misr bilan chegara yaqinida port ko‘rsatildi, portdan ichkarida esa aeroport uchun zonalar belgilangan. Xaritada belgilanmagan bo‘lsa-da, bir necha kilometr janubda 20 yil avval Isroil vayron qilgan G‘azoning sobiq aeroporti joylashgan.

Kushner «Yangi Rafah» va «Yangi G‘azo» deb atagan ikki yirik shahar loyihasini ta’kidladi. «Yangi Rafah»da 100 mingdan ortiq doimiy turar joy, 200 dan ziyod maktab va 75 dan ortiq tibbiyot muassasasi qurilishi rejalashtirilgan.

Foto: Oq uy matbuot xizmati

«Yangi G‘azo» sanoat markazi bo‘lishi, 100 foizlik bandlikka erishish maqsad qilingan. Kompyuter grafikalarida qilingan slaydda Singapur va Dubayni eslatuvchi, suv bo‘yidagi hashamatli binolaridan iborat megapolis tasvirlangan.

Kushnerning aytishicha, qurilish Isroil qo‘shinlari nazoratidagi janubiy Rafah shahrida «ishchi kuchi uchun uy-joylar» qurishdan boshlanadi. U yerda vayronalarni tozalash va buzish ishlari allaqachon boshlangan.

Foto: AFP

Marosimda video murojaat bilan qatnashgan G‘azodagi yangi texnokratik qo‘mita rahbari Ali Shaat kelasi hafta Misr chegarasidagi Rafah chegara o‘tkazish punkti ochilishini e’lon qildi. Uning aytishicha, bu G‘azo «endi kelajak va dunyo uchun yopiq emas»ligini anglatadi.

Aslida vazifa va reja juda katta bo‘lishicha qaramay, taqdimotda bular qanday amalga oshirilishi haqida tafsilotlar ancha kam bo‘ldi.

Xarajatlarni kim ko‘taradi?

Jared Kushnerning aytishicha, dastlabki badallarni hukumatlar kiritadi. Yaqin ikki hafta ichida Vashingtonda o‘tkaziladigan konferensiyada birinchi e’lonlar beriladi.

U xususiy sektorni ham faol qatnashishga chaqirib, G‘azoda «ajoyib investitsiya imkoniyatlari»ni va’da qildi. «Bu kabi hududga sarmoya kiritish biroz xavfli ekanini bilaman, ammo siz kelib, ishonch bilan, odamlarning o‘ziga sarmoya kiritishingiz kerak», — dedi Kushner.

AQShning G‘azo sulhi muallif va ijrochilari Davosda. O‘ngdan: Rubio, Uitkof, Kushner va Mladenov / Foto: Getty Images

O‘tgan yili sulh e’lon qilinganida AQSh prezidenti G‘azo boy arablar hisobidan to‘liq qayta qurilishini aytgandi. «Bu mintaqada ba’zi mamlakatlar ulkan boyliklarga ega. Ular qiladigan ish G‘azo uchun mo‘jiza bo‘ladi», degandi Tramp.

«Agar xavfsizlik ta’minlansa...»

Jared Kushner 10 daqiqalik nutqida, agar xavfsizlik ta’minlansa, vayronaga aylangan G‘azo shaharlarini tezda qayta qurish mumkinligini ta’kidladi.

Kushner bu bilan reja muvaffaqiyatsiz tugasa, aybni kimga yuklash oson bo‘lishini ham ochiq aytgan: «Agar Hamas qurolsizlanmasa, aynan shu narsa G‘azo xalqining o‘z intilishlariga erishishiga to‘sqinlik qiladi», - dedi u. Associated Press'ning yozishicha, «reja – faqat G‘azoda xavfsizlik bo‘lsa ishlaydi», deyish uni juda katta savol ostiga qo‘yadi.

Chunki, Hamas qurolsizlanadimi yoki yo‘qmi – noma’lum. Guruh vakillari Isroil bosqiniga qarshi qarshilik ko‘rsatish huquqiga ega ekanliklarini aytib keladi. Shu bilan birga, Falastin davlatchiligiga erishish jarayonida qurollarini «muzlatib qo‘yish»ni ko‘rib chiqishi ham mumkin. Taqdimotda og‘ir qurollar, tunnellar, harbiy infratuzilma, o‘q-dorilar va ishlab chiqarish obektlari yo‘q qilinishi aytildi, biroq jarayon qanday amalga oshirilishi ko‘rsatilmagan.

G‘azodagi Hamas kuchlari / Foto: AFP

Isroil qo‘shinlari esa deyarli har kuni G‘azoda falastinliklarga qarata o‘q uzmoqda. Sulh kuchga kirganidan beri Isroil qo‘shinlari G‘azoda 500ga yaqin falastinlikni, jumladan yosh bolalar va ayollarni o‘ldirgan. Kushner taqdimotiga ko‘ra, G‘azoda Isroil qo‘llaydigan boshqa qurolli guruhlar yo tarqatib yuboriladi, yo qo‘mita tarkibiga «integratsiya qilinadi».

Bu qiyinchiliklar fonida Tinchlik kengashi Isroil bilan «keskinlikni pasaytirish» ustida ishlamoqda. Xavfsizlik bo‘lmasa, sarmoyadorlarni G‘azoga jalb etish yoki ish o‘rinlari yaratishni rag‘batlantirish imkonsiz bo‘ladi, dedi Kushner. BMT, Yevropa Ittifoqi va Jahon bankining so‘nggi qo‘shma hisob-kitobiga ko‘ra, G‘azoni tiklash 70 milliard dollar turadi. Kushner slaydlaridan birida qurolsizlantirilmagan hududlarda qayta qurish boshlanmasligi aniq ko‘rsatilgan.

«Uch yil ichida qurishadi…»

«Yaqin Sharqda bunday shaharlarni … uch yil ichida qurishadi. Demak, agar biz bunga erishishni istasak, bunday loyihalar amalga oshirishning imkoniyati katta», degan Kushner. Lekin, uning gaplari G‘azoni tiklash nihoyatda uzoq davom etishini kutayotgan falastinliklar baholari bilan mos kelmaydi.

G‘azo vayronalari / Foto: AP

Qariyb 2 million kishi yashaydigan hudud bo‘ylab yuzlab ko‘p qavatli uylar vayronalar tepaligiga aylangan. Xarobalar ostida esa portlamagan o‘q-dorilar yashirinib yotibdi. Oqova suvlar aralashgani sababli ichimlik suvidan ham kasalliklar tarqalmoqda, shahar ko‘chalari esa tuproqli dalalarga o‘xshaydi.

BMTning Loyiha xizmatlari boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, G‘azoda 60 million tonnadan ortiq vayrona mavjud — bu deyarli 3 mingta konteyner kemasini to‘ldirishga yetadi. Ularni tozalash yetti yildan ko‘proq vaqt oladi, undan keyin esa minalardan tozalash uchun qo‘shimcha vaqt talab etiladi.

Falastinliklar taqdiri va minalar

Kushner G‘azoni qayta qurish rejasini taqdim etar ekan, minalardan tozalash qanday amalga oshirilishi yoki qayta qurish vaqtida aholi qayerda yashashi haqida gapirmadi. Hozirda ko‘pchilik oilalar G‘azo shahrining ayrim qismlari va sohilni o‘z ichiga olgan katta hududlarda boshpana topgan.

BMT esa G‘azoda portlamagan snaryad va raketalar har yerda bo‘lishi mumkinligini aytgan. Bu – vayronalar orasidan yaqinlarini, buyumlarini yoki o‘tin qidirayotgan odamlar uchun jiddiy xavf tug‘diradi.

Foto: AFP

Huquq faollari, Isroil og‘ir texnikaning kirib kelishiga to‘sqinlik qilayotgani sababli, falastinliklarning asosiy qismi yashayotgan hududlarni tozalash ishlari jiddiy bosqichga o‘ta olmaganini ta’kidlaydi.

Isroil qo‘shinlari chiqadimi?

Hozirda Isroil harbiylari hududning yarmidan ko‘prog‘ida, jumladan Rafah shahrida joylashgan. Oktyabr oyidagi sulh va 20 bandli reja Isroilning to‘liq chiqishini osonlashtiruvchi xalqaro barqarorlashtirish kuchlarini yaratishni ham nazarda tutgandi.

Hozircha uchinchi tomonlar bu kuchga qo‘shilish masalasida istak bildirmayapti. Isroil esa Turkiya va Qatar harbiylari kabi ehtimoliy ishtirokchilarga e’tiroz bildirgan.

Kushner rejalarida xalqaro kuchlar haqida umuman gapirmadi. Isroilning chiqishi esa slaydlardan biridagi bitta jumlaga qisqartirildi: «G‘azo bo‘ylab qurolsizlanish - IDFning xavfsizlik perimetrigacha to‘liq chiqishini ta’minlaydi».

Isroil va Falastin ma’muriyati rozi bo‘ladimi?

Xalqaro huquqshunos va mojarolarni hal etish bo‘yicha ekspert Nomi Bar-Yaakovning APga aytishicha, bu reja «mutlaqo noreal» hisoblanadi. Uning fikricha, bu – Tramp G‘azoga tinchlikparvar emas, balki ko‘chmas mulk ishlab chiquvchisi nigohi bilan qarayotganini ko‘rsatadi.

Shunchalik ko‘p osmono‘par binolardan iborat loyiha Isroil uchun ham hech qachon maqbul bo‘lmaydi, chunki ular chegaraga yaqin joylashgan Isroil harbiy bazalarini ochiq ko‘rish imkonini beradi, deydi Bar-Yaakov.

Falastin ma’muriyati esa yangi texnokratik qo‘mitani o‘z markaziy roliga tahdid sifatida ko‘rayotganini bildirgan. Garchi Kushner o‘z taqdimotida bu qo‘mita islohotlar o‘tkazilgach G‘azo ustidan nazoratni Falastin ma’muriyatiga topshirishi aytgan bo‘lsa ham.

Jared Kushner G‘azoning kelajagi bo‘yicha rejalarni e’lon qilmoqda / Foto: AP

Bundan tashqari, Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu ham urushdan keyingi G‘azoda Falastin ma’muriyati ishtirok etadigan har qanday rejaga qarshi ekanini aytgan.

Aslida bu Jared Kushnerning G‘azo bo‘yicha ilk rejasi emas. 2019 yilda u Bahrayndagi sammitda ham G‘azo va G‘arbiy Sohilni «xalqaro biznes gullab-yashnaydigan savdo va turizm markazi» sifatida tasavvur qilgandi. Siyosiy irodaning deyarli yo‘qligi sababli, o‘sha rejalar amalga oshmay qolgan. Bu safar esa Oq uy ma’muriyati va G‘azodagi yangi texnokratik qo‘mita «bu lahzani amaliy harakatga aylantirish»ga katta umid qilmoqda.

Mavzuga oid