O‘zbekiston | 08:37 / 04.03.2021
2923
3 daqiqa o‘qiladi

«Davlat boji to‘g‘risida»gi qonunga qo‘shimcha kiritiladi

“Davlat boji to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 23-moddasiga qo‘shimcha kiritish haqida”gi qonun loyihasi e'lon qilindi.
 
Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligi tomonidan so‘nggi besh yil davomida, jumladan 2020 yilda intellektual mulk obektlariga huquqiy muhofaza berish jarayonidagi davlat boji to‘lanishining o‘ziga xos jihatlari tahlil qilib chiqildi.

So‘nggi paytda intellektual mulk obektlariga muhofaza hujjati olishda ishtirok etuvchi patent vakillari tomonidan chet el yuridik shaxslarining tovar belgilari bo‘yicha talabnomalarini chet el valutasida bojlarni to‘lagan holda topshirish o‘rniga o‘z nomidan, ya'ni rezident hisobida topshirib va davlat bojini milliy valutada to‘lagan holda, keyinchalik talabnomaga bo‘lgan huquqni chet el yuridik shaxsiga o‘tkazish holatlari ko‘paymoqda.

Qonun loyihasida tovar belgisini ro‘yxatdan o‘tkazish yuzasidan talabnomaga huquq va tovar belgilariga doir huquqlarni rezidentdan qabul qiluvchi norezident bo‘lgan hollarda yuzaga kelayotgan suiiste'molchiliklarning oldini olish kabi masalaga qonuniy yechim taklif etilgan.

Loyiha bilan tovar belgisini ro‘yxatdan o‘tkazish yuzasidan talabnomaga huquqni va tovar belgilariga doir huquqlarni rezidentdan qabul qiluvchi norezident bo‘lgan hollarda davlat boji (patent boji) norezidentlar tomonidan tegishli huquqlarni o‘tkazish munosabati bilan o‘zgartirishlar kiritish (ya'ni, talabnomaga huquqni boshqaga berish munosabati bilan arizachini o‘zgartirish) yoki ro‘yxatdan o‘tkazish ( ya'ni, tovar belgilariga doir huquqlarni o‘tkazish to‘g‘risidagi shartnomalarni ro‘yxatdan o‘tkazish) uchun qonun ilovasi 12-bandining “g”, “d” kichik bandlarida belgilangan miqdorlarda to‘lanishi to‘g‘risidagi yangi norma kiritish nazarda tutilmoqda. 

Qayd etilishicha, mazkur qo‘shimcha tovar belgilariga oid shakllanib qolgan salbiy an'anaga barham beradi. Bu an'anaga muvofiq, ayrim talabgor sohalarda (xususan, farmatsevtika) milliy tovar belgilari uchun talabnoma topshirgan holda davlat ekspertizasi jarayonining o‘zidayoq chet ellik yuridik shaxs foydasiga voz kechish hollari ko‘payib borayotgandi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid