O‘zbekiston | 02:34 / 02.12.2020
4767
4 daqiqa o‘qiladi

Ta'lim muassasalari balansidagi sport inshootlari jismoniy tarbiya darslaridan bo‘sh vaqtlarda belgilangan tartibda ijaraga beriladi

Foto: iStock

Har bir ta'lim muassasasi kamida bitta sport tashkiloti bilan ommaviy sportni rivojlantirish va sog‘lom turmush tarzini shakllantirish bo‘yicha hamkorlik qilish memorandumini tuzadi.

Vazirlar Mahkamasining “Aholining sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash va jismoniy faolligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Qarorga muvofiq, O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasiga:

“Jismoniy tayyorgarlik darajasi” maxsus sport sinovlari bo‘yicha sovrinli o‘rinlarni (I, II va III o‘rin) qo‘lga kiritgan davlat tashkilotlari rahbar va xodimlarini yiliga bir martalik dam olish maskanlari yoki sanatoriyalarga imtiyozli yo‘llanmalar berish tartibini joriy etish;

jismoniy tarbiya va sog‘lomlashtirish uchun shart-sharoitlar yaratadigan, shuningdek, ishchilar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qiladigan ish beruvchilarni rag‘batlantirish tizimini yaratish tavsiya etildi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi bilan birgalikda 2021/2022 o‘quv yilidan boshlab:

ekstremal sport va sport turizmi bo‘yicha kadrlar tayyorlash maqsadida O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti hamda uning filiallarida alohida kafedrani;

jismoniy tarbiya va sport sohasidagi bakalavriat ta'lim yo‘nalishlari negizida “sport tadbirlarini sharhlovchi”, “yirik sport tadbirlarini tashkillashtirish (promouter)” hamda “ommaviy sportni rivojlantirish va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish” bo‘yicha magistratura mutaxassisliklarini o‘qishga qabul qilish davlat buyurtmasi parametrlari doirasida tashkil etish choralarini ko‘radi.

“El-yurt umidi” jamg‘armasi 2021 yildan boshlab har yili sport menejyerlari, psixologlari, yirik sport tadbirlari tashkilotchilarini (promouter) rivojlangan xorijiy davlatlarda ta'lim olishlarini ta'minlash, ularning malakasini oshirish va stajirovka o‘tashini tashkil etish maqsadida Jismoniy tarbiya va sport vazirligi taqdimnomasiga asosan qisqa muddatli va uzoq muddatli kurslar uchun maqsadli o‘rin ajratadi hamda yuborilishini ta'minlaydi.

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Jismoniy tarbiya va sport, Xalq ta'limi, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim, Moliya vazirliklari hamda Milliy olimpiya qo‘mitasi 2021 yil 1 yanvardan boshlab quyidagi tartibni joriy etadi:

davlat umumta'lim maktablari, professional va oliy ta'lim muassasalarining balansidagi sport inshootlarini jismoniy tarbiya darslaridan bo‘sh vaqtlarda sport maktablari va sport turlari bo‘yicha federatsiyalar (uyushmalar), sport klublari hamda boshqa sport tashkilotlariga belgilangan tartibda ijaraga berishni majburiy etib belgilash;

har bir ta'lim muassasasi kamida bitta sport tashkiloti bilan ommaviy sportni rivojlantirish va sog‘lom turmush tarzini shakllantirish bo‘yicha hamkorlik qilish memorandumini tuzish;

sport inshootlarini sport tashkilotlariga ijaraga bermagan hamda hamkorlik memorandumini tuzmagan davlat ta'lim muassasalari rahbarlarini intizomiy javobgarlikka tortish.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi:

a) tizimdagi muassasalarda markazlashgan tartibda raqamli texnologiyalarni joriy etish, shuningdek tizimdagi barcha tashkilotlar uchun yagona elektron dasturiy ta'minotni yaratish bo‘yicha 2021 yil 1 iyunga qadar texnik talablarni ishlab chiqib, tasdiqlaydi.

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda 2021 yil yakuniga qadar dasturiy ta'minotning bosqichma-bosqich joriy etilishini ta'minlaydi.

Mavzuga oid