Iqtisodiyot | 18:01 / 15.04.2026
4342
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonga smartfon va noutbuklar importining yangicha kanali ochiladi

Prezident qarori bilan, xorijdan smartfonlar, noutbuk va planshetlar importi bo‘yicha yangi imkoniyat yaratilyapti. Bunda maxsus litsenziyaga ega marketpleyslar bond omborlarini ochib, import tovarlarni boj va QQS to‘lamasdan olib kirgan holda u yerga joylashtiradi, jismoniy shaxslar esa bu tovarlarni 5 foizlik yagona bojxona to‘lovini to‘lagan holda shaxsiy ehtiyoji uchun xarid qilishi mumkin bo‘ladi.

Foto: Penpak Ngamsathain / Getty Images

Elektron tijorat sohasiga oid prezident qarori qabul qilindi.

2026 yil 1 iyuldan 2028 yil iyulga qadar huquqiy eksperiment tariqasida rezidentlar va norezidentlar tomonidan jismoniy shaxslarning shaxsiy ehtiyojlari uchun mo‘ljallangan tovarlarni maxsus elektron savdo platformalari orqali chakana sotish uchun ularni vaqtincha saqlashga mo‘ljallangan yangi turdagi erkin ombor – bond omborlari tashkil etishga ruxsat etildi.

Eksperiment doirasida:

  • bond ombori erkin ombor faoliyatini litsenziyalash tartibi asosida tashkil etiladi;
  • bond omboridan tovarlarni sotish Istiqbolli loyihalar milliy agentligi tomonidan yuritiladigan Maxsus elektron savdo platformalari reyestriga kiritilgan maxsus elektron savdo platformasi orqali amalga oshiriladi;
  • bond omboriga tovarlar erkin ombor bojxona rejimiga muvofiq joylashtiriladi hamda ushbu tovarlarni jismoniy shaxslarning shaxsiy ehtiyoji uchun chakana sotishga ruxsat beriladi;
  • bond omboridan jismoniy shaxslarning shaxsiy ehtiyoji uchun sotiladigan tovarlar jo‘natmalar deklaratsiyasi asosida bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkaziladi;
  • bond omboriga joylashtirilgan tovarlarni jo‘natmalar deklaratsiyasi asosida jismoniy shaxslarga chiqarishda muvofiqlikni baholash, sanitariya va veterinariya nazorati choralari qo‘llanmaydi; bunda tovarlarning texnik jihatdan tartibga solish, sanitariya va veterinariya sohasidagi qonunchilik hujjatlari talablariga muvofiqligini ta’minlash bo‘yicha javobgarlik bond omborlari operatorlari zimmasiga yuklanadi;
  • respublika hududidan bond omboriga maxsus elektron savdo platformalari orqali chakana sotish uchun mo‘ljallangan tovarlarni joylashtirishga ruxsat etilmaydi (bundan respublika hududidan tashqariga olib chiqish uchun mo‘ljallangan tovarlar mustasno).

Bond omborlaridan tovarlarni maxsus elektron savdo platformalari orqali jismoniy shaxslarga sotishda alohida boj tariflari amal qiladi.

Xususan, quyidagi tovarlar jo‘natmalar deklaratsiyasi asosida jismoniy shaxslarga chiqarilganda bojsiz olib kirish normalari tatbiq etilmagan holda amaldagi bojxona to‘lovlari o‘rniga ularning sotish qiymatidan 5 foiz yagona bojxona to‘lovi undiriladi:

Quyidagi tovarlar jo‘natmalar deklaratsiyasi asosida jismoniy shaxslarga chiqarilganda bojsiz olib kirish normalari tatbiq etilmagan holda ularning sotish qiymatidan QQS va 3 foiz bojxona boji undiriladi:

Yuqorida keltirilgan ikkita ro‘yxatdagi tovarlarni respublika hududida jismoniy shaxslarga realizatsiya qilish bo‘yicha aylanma QQSdan ozod qilinadi.

Yuqorida keltirilgan ikkita ro‘yxatdagi tovarlarni sotish vaqtida ularning sotish qiymati deklaratsiyalash vaqtidagi bojxona qiymatidan past bo‘lganda, yagona bojxona to‘lovi yoki bojxona boji va QQS bojxona qiymati miqdoridan kelib chiqqan holda hisoblanadi.

Yuqorida keltirilgan ikkita ro‘yxatga kiritilmagan boshqa turdagi tovarlar jismoniy shaxslarning shaxsiy ehtiyoji uchun sotilganda, tovarlarning bojsiz olib kirish normasi qo‘llanmagan holda amaldagi umumbelgilangan bojxona to‘lovlari undiriladi.

Bond omboriga olib kirilib, respublika hududida jismoniy shaxslarga chakana sotilgan tovarlar bo‘yicha xaridor tomonidan to‘langan QQS summasi ularni budjetga o‘tkazib beruvchi shaxsda hisobga olinmaydi.

Mas’ul idoralar jismoniy shaxslarga sotilgan tovarlarning keyinchalik qayta sotilishi holatlarini aniqlash maqsadida ularning aylanmasi ustidan doimiy monitoringni yo‘lga qo‘yadi.

Tovarlarni tijorat maqsadlarida qayta sotish holatlari aniqlangan taqdirda, bojxona to‘lovlari umumbelgilangan tartibda qayta hisob-kitob qilib, undiriladi.

Комрон Чегабоев
Tayyorlagan Комрон Чегабоев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid