O‘zbekiston | 09:57 / 09.03.2018
3736
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonga JARning faxriy konsuli tayinlanadi

Foto: Tashqi savdo vazirligi

2018 yilning 6 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi savdo vazirligida Janubiy Afrika Respublikasining O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi (qarorgohi Anqara shahrida) Pule Isaak Malefan bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. 

Uchrashuv davomida Janubiy Afrika tomoni O‘zbekiston Respublikasida iqtisodiyotni isloh qilish va liberallashtirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar bilan tanishtirildi. Xususan, O‘zbekiston iqtisodiyotini liberallashtirish va investitsiyalarni jalb qilish va xalqaro biznes faolligini oshirish uchun qulay muhit yaratilayotganiga alohida e'tibor qaratildi.


JAR delegatsiyasiga O‘zbekiston tomonidan ikkala mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni faollashtirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish uchun hamkorlikning huquqiy asoslarini kengaytirish masalalarini ko‘rib chiqish taklif etildi.

Ikkala tomon ham hukumat, ham ishbilarmonlar darajasida uzoq muddatli aloqalarni o‘rnatish orqali savdo-iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlashga qiziqish bildirishdi.

“Geografik masofaga qaramasdan, mamlakatlarimiz turli sohalarda o‘zaro savdo-sotiqni kengaytirish uchun sezilarli salohiyatga ega. O‘zbekiston va Janubiy Afrika ishbilarmon doiralarining tashriflari ikki mamlakatning savdo va sarmoyaviy imkoniyatlari bilan tanishish va mavjud zaxiralarni ishga tushirish imkonini beradi”, - deya aytib o‘tdi tashqi savdo vaziri o‘rinbosari S.Saifnazarov.

Foto:  Tashqi savdo vazirligi

 
Uchrashuv davomida JAR tomonidan ikki tomonlama hamkorlikni kuchaytirish maqsadida O‘zbekistonga JARning faxriy konsuli tayinlanishiga faol ishlar olib borilayotganligi haqida ma'lumot berildi.

Diplomatik missiya rahbari 2018 yilning birinchi yarmida JAR ishbilarmon doiralari vakillarining O‘zbekistonga tashrifini tashkil etish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar to‘g‘risida hisobot berdi va tomonlar haqiqiy natijalarga erishish uchun bo‘lib o‘tadigan uchrashuvlarni batafsil ishlab chiqishga kelishib oldilar.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров

Mavzuga oid