O‘zbekiston | 12:28 / 19.03.2021
22356
2 daqiqa o‘qiladi

Chirchiqning ahvoli meni qattiq o‘yga toldirdi – prezident

Nurafshon shahrida xalq deputatlari Toshkent viloyati kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tmoqda va unda prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirok etyapti.

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, davlat rahbari Chirchiq shahridagi holat haqida gapirib o‘tgan.

“Hokimlarda tashabbus yetishmayapti. Kecha Chirchiqqa borganimdan xabaringiz bor, u shahardagi ahvolga maymunlar yig‘laydi. Bu shaharning ahvoli meni qattiq o‘yga toldirdi. Mayli, infrastruktura muammosi bordir, lekin daraxtni oqlasa, ariqlarni tozalasa bo‘ladi-ku. Men qayerga borishimni aytmayman, deganman. 

Necha kishiga oylik beryapmiz, prokuror, soliqchi, ichki ishlar... Nega xalq orasiga kirib muammolarni o‘rganmaydi? Minglab aholi “uy bering”, deb turibdi. Nega hech kim Buxoro tajribasini o‘rganmaydi? Buxoroda qiyin bo‘lsa ham ikki qavatli uylar o‘rniga qancha uylar barpo qilindi”, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Avvalroq, prezident Chirchiqdagi mahallalarda aholi bilan suhbatlashgani xabar berilgandi.

“Chirchiq bir paytlar dong‘i ketgan shahar edi. Oxirgi vaqtlarda ancha “charchab” qolgandi. Tegirmon navbati bilan degandek, endi bu yerda ham hamma sharoitlarni yaratamiz. Sanoatni ko‘tarish, ish joylari ochish, yo‘lni, issiqlik ta'minotini yaxshilash bo‘yicha katta ishlarni boshlayapmiz”, dedi davlat rahbari aholi bilan suhbatda.

Mavzuga oid