O‘zbekiston | 11:00 / 12.02.2026
14853
2 daqiqa o‘qiladi

Xorijlik fuqaro dalada otgan qurol olib qo‘yildi

Toshkent viloyati hududida fuqaro tegishli ruxsatnomasi mavjud bo‘lgan ov qurolini foydalanish uchun tanishiga bergan. Xorijlik fuqaro esa quroldan foydalanish jarayonini tasvirga olib, Xitoydagi WeChat ijtimoiy tarmog‘iga joylagan.

Foto: IIBB

Toshkent viloyatida xorijlik fuqaro dalada ishlatgan qurol ov quroli ekani aniqlandi. Bu haqda viloyat IIBB axborot xizmati xabar berdi.

Holat boshqarma tomonidan tezkor o‘rganilib, videoda ko‘rinish bergan barcha shaxslarga aniqlik kiritilgan. Ma’lum bo‘lishicha, 2026 yilning 20 yanvar kuni fuqaro Ya.Yu. o‘ziga tegishli, ruxsatnomasi mavjud bo‘lgan ov qurolini Toshkent viloyati hududida tanishi Q.X.ga foydalanish uchun qonunga xilof ravishda bergani aniqlangan. 

Qayd etilishicha, qurolni qo‘llash jarayonida biror inson yoki hayvonlarga zarar yetmagan.

Hozirda holat yuzasidan MJtKning 220-moddasi (qurolning va uning o‘q-dorilarining muomalada bo‘lishi qoidalarini buzish) bilan hujjatlar rasmiylashtirilib, ov quroli va o‘q-dorilari belgilangan tartibda vaqtincha olib qo‘yilgan.

Olib borilayotgan tekshiruv yakuni bo‘yicha qonuniy qaror qabul qilinishi ta’minlanib, qo‘shimcha axborot berilishi bildirildi. 

Avvalroq xorijlik fuqaro O‘zbekistondagi dalada avtomat ishlatgani xabar qilingandi. Talaffuzidan u xitoylik ekanini bilish mumkin. Videoni «Kevin Ke» nikli foydalanuvchi Xitoydagi WeChat ijtimoiy tarmog‘iga joylagan.  

Руслан Сабуров
Tayyorlagan Руслан Сабуров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid