O‘zbekiston | 19:03 / 25.05.2020
58542
3 daqiqa o‘qiladi

Kasallik yana avj olib ketsa, yangi cheklovlar yanada keskin bo‘lishi mumkin – Nurmat Otabekov

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi sanitariya - epidemiologiya nazorati Davlat inspeksiyasi rahbari Nurmat Otabekov AOKAda o‘tkazilgan brifingda aholini karantin qoidalariga rioya etishga chaqirdi.

«Hurmatli yurtdoshlar, ming afsuski, keyingi paytlarda koronavirus kasalligiga chalingan shaxslar aholi orasida ham aniqlanyapti. Aniqroq aytadigan bo‘lsak, karantinda bo‘lmagan, oramizda yurgan shaxslar orasida ham kasallanish holati qayd etilmoqda.

Kuni kecha aniqlangan 49 nafar bemorning 36 nafari aholi orasidan aniqlangan. Demak, atrofimizda kasallikka chalinganlar bor. Kasallikka chalinganlar yo‘q, deb o‘z hayotimizni xavf ostiga qo‘ymaylik. Qachonki har birimiz karantin tadbirlari, profilaktik tadbirlarga to‘liq rioya etar ekanmiz, ko‘chadan sog‘lom qaytib kelamiz. Agar o‘z salomatligimiz, yaqinlarimiz, farzandlarimiz salomatligiga befarq bo‘lmasak, har birimiz profilaktik tadbirlar, tibbiyot xodimlari tavsiyalariga to‘liq rioya etishimiz shart bo‘ladi.

Kasallik yana avj olib ketadigan bo‘lsa, buyog‘iga qo‘llanadigan karantin va cheklov tadbirlari ancha keskin va jiddiy bo‘lishi mumkinligini hech kim unutmasligi kerak», deya Nurmat Otabekovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Brifing davomida O‘zbekistonda ekspress tekshirish qachon yo‘lga qo‘yilishi haqidagi savolga ham javob berildi.

«Hozir imzolangan bayonnomalarda ekspress usulda tekshirishlar amalga oshirilishi to‘g‘risida alohida ko‘rsatma bor. O‘zbekiston Respublikasi ekspress testlarni olib kelish bo‘yicha buyurtmalarni ham berib qo‘ygan. Ekspress testlar asosan organizmda mavjud antitanachalarning kasallik qo‘zg‘atuvchisiga qarshi organizmda ishlab chiqarilgan immun tizimi askarlarini aniqlashga bag‘ishlangan test sinovidir.

Shunday ekan, bu sinovlar o‘tkazilishi aniq. Negaki, O‘zbekistonda kasallikdan sog‘aygan va ma'lum bir darajada immun tizimiga ega, qonida antitanachalar mavjud bo‘lgan odamlar soni ortib boryapti», dedi Nurmat Otabekov.

Mavzuga oid