O‘zbekiston | 10:56 / 28.09.2025
6896
3 daqiqa o‘qiladi

Shifoxonalarda 182 nafar bola qolmoqda - Nurmat Otabekov Toshkent viloyatidagi holat haqida

Hozirda shifoxonalarda 182 nafar bola davolanishda davom etmoqda, ularning ahvoli yengillashgan, og‘ir ahvoldagi bemor qolmagan.

Foto: SSV

Toshkent viloyati tumanlaridagi maktabgacha ta’lim muassasalarida bolalarning ovqatdan zaharlanishi bilan bog‘liq hodisadan keyin ayni vaqtda 182 nafar bola shifoxonalarda davolanishda davom etmoqda. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligida tashkil etilgan maxsus shtab a’zosi, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Nurmat Otabekov ma’lum qildi.

Shtab faoliyatida ishtirok etayotgan maxsus komissiya vakillarining xulosasiga ko‘ra, bemorlarning barchasiga o‘tkir gastroenterit tashxisi qo‘yilgan.

Mutaxassisning qayd etishicha, bu kasallik aksariyat hollarda ikki-uch kun davom etadigan va to‘g‘ri davolash muolajalari amalga oshirilsa, tezda davolanib ketadigan kasalliklar sirasiga kiradi. Shu munosabat bilan bemorlar tez kunlarda sog‘ayib, uylariga qaytyapti va bu ijobiy dinamika davom etyapti.

Bemorlarning ahvoli yengillashgan, og‘ir ahvoldagi bemor qolmagani qo‘shimcha qilingan.

«Hozirgi paytda shifoxonalarda 182 nafar bolaning davolanishi davom etyapti. Ularning barchasining ahvoli yengillashgan. Avvallari o‘rtacha og‘irlikda deb baholangan bolalarning holati ham yaxshilangan, birorta ham og‘ir bemorlar yo‘q.

Eng asosiysi, barcha bolalarning davolanish jarayoni davlat nazoratida. Bolalarning sog‘ayishi dinamikasi ijobiy tendensiya bilan davom etyapti», – dedi Nurmat Otabekov.

Voqealar rivoji

25 sentabr kuni ertalab Toshkent viloyatining Piskent va Bo‘ka tumanlarida bolalar bog‘chalari tarbiyalanuvchilari zaharlanish alomatlari bilan shifoxonaga yotqizilgani haqida xabar berilgandi. Maktabgacha ta’lim vazirligi kun oxiriga kelib kasalxonalarda 109 nafar bola, jumladan, Quyi Chirchiq tumanida 12 nafar va Oqqo‘rg‘on tumanida 97 nafar bola borligini ma’lum qildi, ularning ahvoli barqaror deb baholandi.

26 sentabr kuni Nurmat Otabekov OAVga viloyatdagi shifoxonalarga jami 1922 nafar bola zaharlanishdan shikoyat qilib murojaat qilganini ma’lum qildi. Ularning 930 nafardan ortig‘iga o‘sha kuniyoq uyiga javob berilgan. 961 nafar bemor ro‘yxatga olingan bo‘lib, ulardan 941 nafarining ahvoli yengil, 22 nafarining ahvoli o‘rtacha ekani ma’lum qilingandi.

27 sentabr kuni SSV matbuot xizmati viloyatda 694 nafar bola davolanayotgani, ulardan 13 nafarining ahvoli o‘rtacha og‘irlikda ekani, Toshkent shahrining 17 ta tibbiy muassasalaridan mutaxassislar qo‘shimcha yordam sifatida jalb etilganini xabar qildi.

Voqea bo‘yicha 25 sentabr kuni Jinoyat kodeksining 257−1-moddasi 1-qismi (Canitariyaga oid qonunchilikni yoki epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Jinoyat ishi tergovi viloyat IIBBdan Ichki ishlar vazirligiga o‘tkazilgan.

Manbalarga ko‘ra, ommaviy zaharlanishi ortidan 7 nafar shaxs ushlangan. Ularning 3 nafari mahsulot ishlab chiqaruvchi korxona, qolgani autsorsing kompaniyalari mansabdor shaxslari hisoblanadi.

Mavzuga oid