O‘zbekiston | 22:47 / 11.02.2026
3979
4 daqiqa o‘qiladi

«Kvartplata»dan qarzdorlarga cheklov va 2026 yilgi test imtihonlari fanlari – mahalliy dayjest

1 iyuldan boshlab ko‘p kvartirali uylarda «kvartplata»dan qarzdorlar uchun elektrga to‘lov qilish cheklanadi. 2026 yilgi test imtihonlarida topshiriladigan fanlar majmuasi tasdiqlandi. Kuchli shamol va sel Samarqandda talafot keltirib chiqardi. 10-sinf o‘quvchilariga o‘qishini texnikumlarga ko‘chirish imkoniyati berilishi mumkin.

«Kvartplata»dan qarzdorlar uchun elektrga to‘lov qilish cheklanadi

2026 yil 1 iyuldan boshlab turar joy mulkdori ko‘p kvartirali uyning bank hisobvarag‘iga majburiy to‘lovni (kvartplata) oyning 15-sanasiga qadar amalga oshirmasa, uning elektr energiyasi uchun to‘lovlarini qabul qilish qarzdorlik to‘liq qoplangunga qadar to‘xtatib qo‘yiladi. Bu haqda prezident qarorida belgilangan.

Qayd qilinishicha, ko‘p kvartirali uyning bank hisobvarag‘idagi mablag‘lar har oyda, birinchi navbatda, uyning elektr energiyasi to‘lovi uchun (pod’yezd, zinapoya, yo‘lakni yoritish, lift ishlashi, uy atrofidagi hududni yoritish, nasos va boshqa umumiy uy ehtiyojlari uchun) yo‘naltiriladi.

Ta’kidlanishicha, majburiy to‘lovlar faqat bank kartalari, elektron to‘lov tizimlari yoki bank kassalari orqali amalga oshiriladi.

2026 yilgi test imtihonlarida topshiriladigan fanlar majmuasi tasdiqlandi

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi 2026-2027 o‘quv yili uchun bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va ularga mos test sinovi (kasbiy, ijodiy imtihon) topshiriladigan fanlar majmuasi e’lon qildi.

Qayd qilinishicha, yangi o‘quv yili qabul parametrlari tasdiqlanganda yangi tashkil etilgan ta’lim yo‘nalishlari fan majmualari qo‘shimcha tasdiqlanadi.

Joriy o‘quv yilida kunduzgi ta’lim shakli uchun 36 mingdan ortiq abituriyent davlat buyurtmasi asosida qabul qilinishi kutilmoqda.

Kuchli shamol va sel Samarqandda talafot keltirib chiqardi

9 fevral kuni Samarqand viloyatining bir qator tumanlarida kuzatilgan kuchli shamol va yog‘ingarchilik oqibatida aholi uy-joylari va infratuzilmaga zarar yetdi. Ayrim hududlarda sel kelishi qayd etilib, avtomobil yo‘llarini to‘sib qo‘ydi.

Xususan, Samarqand va Qo‘shrabot tumanlarida sel oqibatida yo‘llarga zarar yetgan. Qo‘shrabot tumanining Jo‘sh, Oqmachit va Chimmos mahallalarida aholi uylarining tom qismiga sel va shamol ta’sirida shikast yetgan. Ayrim joylarda sel suvi yo‘lning asosiy qatnov qismini buzib, harakatni qiyinlashtirgan.

10 fevral kuni viloyatning ayrim hududlarida sel va kuchli shamol oqibatlarini bartaraf etish ishlari amalga oshirilgani ma’lum qilindi.

10-sinf o‘quvchilari o‘qishini texnikumlarga ko‘chirishi mumkin bo‘ladi

Muhokamalar portaliga joylashtirilgan loyihaga ko‘ra, maktabning 10-sinf o‘quvchilarini texnikumga o‘qishini ko‘chirish faqat joriy o‘quv yilida boshlang‘ich kasbiy ta’lim dasturlari asosida maktabning 9-sinf bitiruvchilari hisobidan shakllantirilgan kunduzgi ta’lim shakliga ruxsat beriladi.

O‘qishini ko‘chirish bo‘yicha arizalarni ro‘yxatdan o‘tkazish Davlat xizmatlari markazlari, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YaIDXP) yoki maxsus platforma orqali qishki ta’til davrida — 28 dekabrdan 17 yanvargacha amalga oshirilishi kutilmoqda.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid